Yangi O‘zbekistonda yurtdoshlarimiz ko‘zida quvonch, qalbida ishonch bilan yashayotganining siri shunda. Xususan, nuroniylar, mehnat faxriylari va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan insonlarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Bu yil 100 nafar yurtdoshimiz ­Prezidentimiz yo‘llanmasi bilan muqaddas haj amallarini ado etish baxtiga muyas­sar bo‘lyapti. Shuning o‘ziyoq yuqoridagi fik­rimizning yaqqol dalili bo‘la oladi. Ana shunday baxtiyor insonlar safida Navoiy viloyatidan ham uch nafar nuroniy otaxon bor. Viloyat hokimi ­Normat ­Tursunov Karmana tumanida yashovchi, ijtimoiy soha faxriysi Dilmurod Xolovga haj safari uchun Prezidentimiz yo‘llanmasini topshirdi.

Dilmurod Xolov uzoq yillar davomida mahalla tizimida mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan. Ana shu yillar davomida aholi o‘rtasida hamjihatlik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mus­tahkamlashga munosib hissa qo‘shgan. Ko‘p yillik halol va fidokorona mehnati uchun u “Shuhrat” medali va “Mehnat faxriysi” I darajali ko‘krak nishoniga munosib ­ko‘rilgan. Hozir mahalladagi “Keksalar maslahati” guruhi raisi sifatida jamoatchilik ishlarida faol.

— Quvonchimning cheki yo‘q, — deydi Dilmurod bobo. — Yurtimizda inson qad­ri naqadar ulug‘lanishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Mahalladagi nuroniylar bilan birga aholi farovonligi, oilalar tinchligi va yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shib kelyap­miz. Haj ziyoratiga borib kelganimizdan keyin ham ushbu ezgu ishlarni davom ettirishga va’da beraman. Yo‘llanma bilan hajga borishimni eshitib, ko‘z yoshimni to‘xtata olmadim.

Xatirchi tumanidagi Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Azamat Mavlonov ham ana shunday yuksak sharafga munosib ko‘rildi. Qahramonimiz ko‘p yillar yurt farovonligi, mahalla tinchligi yo‘lida sid­qidildan mehnat qilgan. Ayniqsa, mahalla raisi sifatida faoliyat yuritgan yillari odamlarning dardi bilan yashab, muammolarini hal etishda fidoyilik ko‘rsatdi.

— Muborak haj ziyoratiga borish yuragimga tugib qo‘ygan orzuim edi, — deydi Azamat Mavlonov. — Kutilmaganda quvonch­li xabar keldi va dastlab axir hech qayerga murojaat qilmagandim, deya ishonmadim. Lekin viloyat hokimligi mutasaddilari kelib, yo‘llanmani topshirganida ishondim. Olis qishloqda yashasam-da, e’tibor va ehtiromni his qildim.

Xatirchining Madaniyat mahallasida yashovchi Rahmatillo Abdurahimov ko‘p yillar davomida o‘qituvchilik qilib, yosh avlodga taflim-tarbiya bergan. Muallim shu ulug‘ yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, ko‘plab shogirdlarni hayotga tayyorladi. Doim yoshlarni vatanparvarlik, insonparvarlik ruhida tarbiyalashga intildi. Bugun ustozning mehnati yuksak e’tirof etilib, haj yo‘llanmasiga ega bo‘lishi barcha ta’lim fidoyilari uchun ham katta hurmat va e’tibor namunasisidir.

 

* * *

Haj safariga yo‘llanma olganlar safida Surxondaryo viloyatidan ham 7 kishi bor.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashaydigan Eshmurod Choriyev halol mehnat, el-yurtga sadoqat va insonlarga yaxshilik qilishni o‘zining hayotiy mezoni deb biladi. Qahramonimiz mahallada hurmat qozongan nuroniylardan biri.

Eshmurod bobo umrini farzand tarbiy­asiga, yurt tinchligi va mahalla obodligiga bag‘ishladi. To‘rt farzandni vatanparvarlik, mehnatsevarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyaladi. Ularni yurtimizga munosib insonlar qilib voyaga yetkazdi. Ana shunday namunali hayot yo‘li e’tirofga munosib ko‘rildi. Viloyat hokimi Prezidentimiz tabrigini o‘qib eshittirib, unga muborak haj safari uchun yo‘llanmani tantanali ravishda topshirdi.

— Xushxabarni eshitib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ishlagan odam baribir qachondir davlatdan, xalqdan e’zoz toparkan, — deydi mehnat faxriysi Eshmurod Choriyev. — Buni hayotim misolida ko‘rib turibman. Ushbu ­e’tibor oilam va yaqinlarim kabi boshqalarni ham quvontirdi.

Botir Mengliyev Angor tumanidagi ­Qoraqir mahallasida yillar davomida el-yurt uchun fidokorona mehnat qilganlardan biri. U 23 yil mobaynida mahalla raisi vazifasida samarali faoliyat yuritib, aholi ishonchi va hurmatini qozondi. Ko‘p yillik halol va samarali mehnat esa, albatta, munosib e’tirof topdi. Botir Mengliyevga maxsus haj yo‘llanmasi tantanali ravishda topshirildi.

Qumqo‘rg‘onlik Ravshan Safarov dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi sohasida orttirgan boy tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan mahalla ahli orasida alohida hurmatga ega. Ravshan boboning yillar davomida sidqidildan qilgan mehnatlari, xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlari, albatta, besamar ketmadi. Mamlakat rahbari yo‘llanmasi bilan haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lish arafasida.

Dovud Xo‘jamshukurov esa uzoq yillar Bandixon tumanidagi Saidmuhammad jome masjidida mutavalli vazifasida sidqidildan xizmat qilgan. Qahramonimiz mehnat faoliyati davomida masjid obodligi va jamoat birligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Shu orqali xalqimizga ma’naviy-ma’rifiy xizmat qildi.

— Qalbimda uzoq yillar davomida muqaddas haj ziyoratiga borish niyatini asrab kelardim. Biroq hayot tashvishlari va imkoniyat cheklangani tufayli bu orzu go‘yoki ushalmas armonga aylanib borayotgandek edi. Shunga qaramay, sabr va shukronalik bilan el xizmatida bo‘lishda davom etdim. Insonning ezgu niyati va halol mehnati hech qachon besamar ketmas ekan. Prezidentimizning maxsus haj yo‘llanmasi menga ham tantanali ravishda topshirildi, — deydi mehnat faxriysi Dovud Xo‘jamshukurov.

Haj inson qalbini poklaydigan, uni ezgulik, sabr-toqat, shukronalik va bag‘rikenglikka chorlaydigan ulug‘ va muqaddas ibodatdir. Bu muborak safar nafaqat insonning ma’naviy kamolotiga, balki jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Prezidentimiz nomidan yo‘llanmalarni topshirish tadbirlarida bo‘lajak hojilar muqaddas amallarni bajarish chog‘ida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyoti va el-yurt osoyishtaligi uchun duolar qilishini ta’kidladi. Bunday ezgu ishlar xalqimiz qalbida shuk­ronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlab, yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglik muhitini yuksaltirishga xizmat qilishi e’tirof etildi. Zero, inson qadri ulug‘langan yurtda ezgulik va baraka hamisha barqaror bo‘ladi.

 

G‘olib ABDUSALOMOV,

Sarvar TO‘RAEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbirlari