Ayniqsa, keyingi yillarda jahonda rivojlanib borayotgan energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt kabi zamonaviy sohalar, qolaversa, “yashil” taraqqiyot uchun muhim strategik xomashyoga aylangan. Birgina elektromobil sohasini olsak, ushbu tarmoqning jadal rivojlanishi dunyo sanoatida misga talabni bir necha barobar oshirmoqda. Chunki elektromobillarning 90 foiz ehtiyot qismi misdan ishlanadi.

Oʻzbekiston mis xomashyosiga boy. Mamlakatimiz togʻ-kon sanoatida mis qazib olish koʻrsatkichi ancha yuqori boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi oʻrinlarda. Ayniqsa, oxirgi oʻn yilda mis ishlab chiqarish koʻrsatkichi sezilarli oʻsdi. Bu shunchaki konlarni doimiy qazish bilan amalga oshadigan ish emas. Davlatimiz rahbari boshchiligida togʻ-kon sanoatida ishga tushirilayotgan yirik loyihalar, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, konlarni investorlarga berish, yangi konlarni oʻzlashtirib, ularda eng zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash hisobiga aniq natijalarga erishilyapti. Oʻtgan yillarda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 1,7 barobar oʻsgani buning tasdigʻi. Yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrni ham ayni shu sohadagi tarmoqlarda ochilmoqda.

2030-yilga qadar Oʻzbekistonda mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazish maqsadi ham oʻz-oʻzidan belgilanmagan. Buning uchun quvvatlar chamalanib, imkoniyatlar tahlil qilingan. Masalan, 75 yildan koʻproq tarixga ega Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi loyihalarning oʻziyoq koʻlamni anchagina oshiradi. Kombinatning asosiy mahsuloti mis boʻlib, mis katodlarini yillik ishlab chiqarish hajmi boʻyicha MDH davlatlari orasida 3-oʻrinni egallaydi. Maʼlumotlarga koʻra, kombinat tarkibidagi “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5000 tonnadan ziyod oltin zaxirasi mavjud. Ular sanoatga kamida 100-yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi boʻla oladi.

Ammo xomashyoni qazib olish bir masala boʻlsa, uni qayta ishlab, qoʻshilgan qiymat zanjirini yarata olish navbatdagi dovondir. Oʻzbekiston bu dovonni muvaffaqiyatli bosib oʻtmoqda. Gap shundaki, mamlakatimizda ilgari aksariyat qimmatbaho va rangli metallar kabi mis ham faqat xomashyo holatida eksport qilingan. Bugun mahsulotni qayta ishlab, tayyor tovarga aylantirish, mahalliy sanoat tarmoqlarida keng qoʻllash koʻrsatkichi ancha baland. Hozir yiliga 100 ming tonna mis yurtimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulotga aylantirilmoqda.

Bu milliy iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida misdan foydalangan holda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilyapti degani. Joriy yilda ishga tushiriladigan yangi loyihalar hisobiga yurtimizda misni chuqur qayta ishlash quvvati 240 ming tonnaga yetishi kutilyapti. Yaqin ikki-uch yilda esa bu koʻrsatkich yanada oshadi.

Yirik loyihalardan biri allaqachon ishga tushirildi. Joriy yil 16-mart kuni mamlakatimiz iqtisodiyoti va togʻ-kon sanoatidagi tarixiy sanaga aylandi — davlatimiz rahbari ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochildi. 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 700 million dollarga teng. Yangi fabrika kombinatdagi “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish dasturining bir qismi boʻlib, unda yiliga 600 million tonna maʼdan qayta ishlanib, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqariladi. Fabrika toʻliq ishga tushgach, Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2400 tonnadan 5000 tonnaga yetadi.

Bundan besh-olti yil ilgari bir guruh OAV xodimlari bilan birga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida boʻlib, 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga guvoh boʻlganimiz yodimda. Oʻshandayoq mazkur gigant loyiha mamlakatimiz sanoatida katta voqea boʻlishi kutilgandi. Boisi, u nihoyatda katta quvvatdagi rudani qayta ishlashga qaratilgan ulkan zamonaviy majmua boʻlish barobarida rangli va qimmatbaho metallarni qazib olishdan to qayta ishlab, eksport qilishgacha jarayonni umumlashtirib, qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan harakatlarning katta qismidir.

Masalan, qazib olingan ruda mis boyitish fabrikasiga yuboriladi. Bu yerda metall boyitish jarayonidan oʻtib, undan konsentrant olinadi. Yaʼni ruda maydalanib, qoʻshimcha reagentlar qoʻshish orqali boyitiladi va choʻkma hosil qilinadi. Hosil boʻlgan mis konsentranti mis eritish zavodiga yuboriladi. Maʼlumotlarga koʻra, kombinatda qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish boʻyicha ishlar boshlangan.

Elektr tokini eng yaxshi oʻtkazuvchi

Ana endi masalaning ikkinchi muhim jihatiga oʻtsak. Bu jahonda talab ortib borayotgan mis rudasidan mahalliy sharoitda foydalanish bilan bogʻliq. Yaʼni, mis ­xomashyosini ishlab chiqarish va chuqur qayta ishlash nafaqat yurtimiz togʻ-kon sanoati, balki koʻplab sanoat tarmoqlari rivojiga xizmat qiladi. Energetika, elektrotexnika, “yashil” texnologiyalar, umuman, ishlab chiqarish jarayonida bevosita mis xomashyosiga zarurat boʻlgan barcha soha uchun barqaror va sifatli xomashyo bazasi yaratiladi. Ushbu sohalar esa keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlariga aylangan.

Aslida, tabiatiga koʻra mis yumshoq, choʻziluvchan, bugʻlanuvchan metall. Undan foydalanish uchun maxsus ishlov berilib, konsentrantga aylantirish zarur. Mis konsentrati metallurgiya zavodlarida xomaki mis va keyinchalik toza mis katodlarini ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo boʻladi. Mis katodlari esa yuqori sifatli toza mis plitalari boʻlib, elektr sanoati, kabel ishlab chiqarish, mashinasozlik va qurilishda asosiy xomashyo sifatida qoʻllanadi.

Ayrim sanoat tarmoqlarini mis xomashyosisiz tasavvur qilish qiyin. Oddiy qilib tushuntirganda, biz har kuni duch keladiganimiz va foydalanadiganimiz elektr simlari oʻrnatilgan hamda elektr tokida ishlaydigan hamma ashyo mis xomashyosi asosida ishlab chiqariladi. Demak, ushbu xomashyo bazasiga talabning mahalliy sharoitda toʻliq ­qondirilishi koʻplab sanoat tarmoqlarida arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻl ochadi.

Hozir mamlakatimizda elektrotexnika sanoati rivojining muayyan qismi shu bilan bogʻliq desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu sanoatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning aksariyati toʻliq mahalliylashtirildi. Hatto, elektromobil oʻzimizda ishlab chiqarilyapti.

— Bugun dunyo sanoatida zamonaviy yoʻnalishlar rivojlanayotgani va aksariyati “yashil” texnologiyalar bilan bogʻliqligi mis xomashyosiga talabni keskin oshirgan, — deydi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov. — Bu sohalar bevosita elektrotexnika sanoati rivoji bilan ham bogʻlanadi. Masalan, keyingi yillarda Oʻzbekiston “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoriga kirib bormoqda. Ushbu yoʻnalishdagi loyihalar koʻlami yil sayin kengayib boryapti. Hozir yurtimiz boʻylab 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi, 5 ta shamol elektr stansiyasi faol ishlab turibdi. Joriy yilda mamlakatimizda yana 2 gigavatt quvvatga ega “yashil” energiya manbalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ularga juda koʻp kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Shu bois, ushbu mahsulotlar xalqaro standartlar asosida mahalliylashtirib borilyapti. Bugun alyuminiy ramka, DC kabel, metall konstruksiya, ichki va tashqi baklar, penopoliuretan quyish, mis trubka qismlari toʻliq mahalliylashtirildi.

Oʻtgan yili yurtimizda 35 trillion soʻmlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu 2023-yildagiga nisbatan qariyb ikki barobar oʻsishni anglatadi. Elektr dvigatellar, lift va eskalatorlar, sanoat sovitish tizimlari, elektron plitalar, quyosh panellari, suv nasoslari va isitish uskunalari kabi yangi mahsulotlar oʻzlashtirildi. Koʻplab turdagi elektrotexnika mahsulotlarining yurtimizda ishlab chiqarilayotgani mis xomashyosiga talabni yaqqol koʻrsatadi. Chunki tarmoqda foydalaniladigan asosiy xomashyo mis ekani sir emas. Birgina misol: oʻtgan yili yurtimizda misni qayta ishlash hajmi 100 ming tonnani tashkil etdi. Bundan olti yil avval ushbu koʻrsatkich 32 ming tonna boʻlganini hisobga olsak, oʻsish sezilarli darajada yuqori ekanini koʻrish mumkin. Bu keyingi yillarda misdan yuqori qiymatli mahsulot yaratishga talab ortib borayotganidan ham dalolat.

Barqaror va muhim baza

Mis plastinalarini yurtimizda tayyorlash xorijdan xarid qilishdan koʻra ancha arzon tushadi. Qolaversa, yetkazib berish vaqti va xarajati tejaladi. Mamlakatimizdagi mahalliy elektrotexnika korxonalari vakillari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasi shu jihatdan katta strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidlamoqda.

— Mis xomashyosini chuqur qayta ishlash quvvatlarining kengayishi kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun barqaror va sifatli xomashyo bazasini yaratib beradi, — deydi “Metal Processing technology” korxonasi rahbari Anvar Nodirxonov. — Shu bois, 3-mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi misni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qiymat zanjirini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Ayniqsa, fabrikada zamonaviy ­texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt elementlarining joriy etilgani bugungi islohotlar sanoatni yangi bosqichga olib chiqayotganidan dalolat. Hozir ichki va tashqi bozorda mahalliylashtirishga talab yuqori. Yaʼni arzon va sifatli mahalliy mahsulot ishlab chiqara olgan davlatlar jahon bozorida ustunlikka erishmoqda. Mamlakatimiz elektrotexnika sanoati keyingi yillarda misli koʻrilmagan darajada rivojlanishi ortida ham mahalliylashtirish turibdi. Biz ichki imkoniyatlarimizdan toʻla foydalana boshladik. Xomashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirishga oʻtdik. Toʻgʻri, bu juda katta xarajat va saʼy-harakatni talab qiladi, ammo natija ham shunga yarasha.

Bugun Oʻzbekiston sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eng rivojlangan davlatlar bozoriga kirib boryapti. Ayniqsa, milliy brenddagi elektrotexnika mahsulotlariga jahon bozorida talab yuqori.

Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mis quvur va fitinglarning asosiy ­xomashyosi mis. Avvallari bu turdagi mahsulotlar yurtimizga asosan Yevropa davlatlari va Xitoydan import qilingan. Hozir esa mahalliy tadbirkor ichki bozorni toʻliq taʼminlash barobarida mahsulotlarning katta qismini Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilyapti.

Korxonada toʻrtta ishlab chiqarish zavodi boʻlib, ulardan biri shu yil mart oyida Ohangaron tumanidagi texnoparkda ish boshladi. Loyihaning birinchi bosqichida 35 ming tonna mis quvur va fitinglar ishlab chiqariladi. Yakuniy uchinchi bosqichda bu hajm 70 ming tonnaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Zavod toʻliq ishga tushgach, yiliga import oʻrnini bosuvchi 10 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Buning uchun katta miqdorda mis xomashyosi zarur. Ayni paytda ushbu xomashyoga ehtiyoj mahalliy sharoitda qondirilishi tadbirkorlarni mamnun etmoqda. Boisi, barqaror xomashyo taʼminoti mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash imkonini beradi.

* * *

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishda ancha-muncha mis kerak. Bu turdagi mahsulotlar ham yurtimizda ishlab chiqariladi. Mamlakatimiz sanoat tarmoqlarining rivoji eng murakkab turdagi uskunalarni ham mahalliylashtirishga zamin yaratadi.

Toshkent shahridagi “Toshelectroapparat” MCHJ xorijiy korxonasida 2019-yildan buyon elektromobillarni quvvatlash stansiyalari ishlab chiqarilmoqda. Qolaversa, zavod elektr montaj qurilmalari, ­pod­stansiyalar, stansiyalar, transformatorlar, quyosh panellari, invertorlar, past kuchlanishli elektr dvigatellari uchun chastotani nazorat qilish moslamalari, koʻcha yoritqichlari va elektr hisoblagichlar ham tayyorlab beradi. Bu yerda misdan asosan transformator, podstansiyalar ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Umuman, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishga tushirilgan yangi 3-mis boyitish fabrikasi bu shunchaki sanoat quvvati emas, balki katta-kichik tarmoqlar uchun muhim mahalliy xomashyo manbai. Bu xomashyoga talab katta boʻlgan Chirchiq transformator zavodi, “Toshelectroapparat”, “Oʻzelektroapparat-Electroshield” kabi korxonalar uchun ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish imkoniyatidir. Chunki ushbu zavodlarda ishlab chiqariladigan transformator, podstansiyalarning asosiy qismi misdan iborat. Ularni ishlab chiqarish va eksport qilishda uzilish boʻlmasligi uchun ham koʻproq xomashyoga zarurat mavjud. 3-mis boyitish fabrikasi ana shu mahalliy ehtiyojni qondirish quvvatiga ega.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri