Shunday lahzalar bo‘ladiki, ular inson qalbida umrbod muhrlanib qoladi. Ba’zan bir ezgu xabar yillar davomida dil tubida asrab kelingan orzularni ro‘yobga chiqarib, ko‘zlarga shukronalik yoshini keltiradi, qalblarga esa beqiyos umid, xotirjamlik va surur bag‘ishlaydi. Ayniqsa, muqaddas Ka‘batulloh ziyoratini butun umr armon va sog‘inch bilan kutib yashagan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz uchun kutilmaganda orzulari ushalgan o‘sha muborak onlar hayotning eng unutulmas, eng qutlug‘ va aziz damlariga aylanadi.

Inson qadri ulug‘lanayotgan yangi O‘zbekistonda bu kabi saodatli lahzalar shunchaki tasodif emas, balki insonparvar siyosatning amaldagi yorqin ifodasiga aylanayotgani ayni haqiqat.

Bu yilgi muborak Ramazon oyida amalga oshirilgan xayrli tadbirlar shu ezgu siyosatning yorqin namunasi bo‘ldi. Ehtiyojmand aholi uchun ajratilgan mablag‘lar, yuzlab insonlarga umid bag‘ishlagan bepul jarrohlik amaliyotlari, fayzli iftorlik dasturxonlari, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari — bularning barchasi xalq dardi bilan yashash, insonni rozi qilishdek oliy qadriyatning amaliy ifodasi sifatida qalblardan chuqur joy oldi.

Bugun esa ana shu ezgu ishlar mantiqiy davom etib, yana bir ulug‘ xayrli tashabbus xalqimiz qalbiga cheksiz quvonch ulashmoqda. Ya’ni yuz nafar yurtdoshimiz Prezidentimiz nomidan haj safariga yo‘llanma olish sharfiga munosib ko‘rildi. Bu nafaqat ularning hayotidagi eng unutulmas voqea, balki butun xalqimiz uchun mehr-oqibat, ehtirom va insoniylikning yuksak namunasi­dir. Chunki Ka‘batulloh ziyoratiga musharraf bo‘lish har bir musulmonning eng ulug‘ orzularidan biridir.

Qalblarga surur bag‘ishlagan bu saodatli ro‘yxatdan jizzaxlik 6 nuroniy ham o‘rin olgani voha ahli tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi. Zero, yurt tinchligiga duog‘oy bo‘lib, umri davomida halol mehnat va ezgulik bilan yashagan insonlarning muborak haj safariga musharraf bo‘lishi nafaqat oilasi, balki butun mahalla va el-yurt uchun ham katta sharafdir.

Xususan, Zafarobod tumanida istiqomat qiluvchi Abduhoshim ota O‘rozovning xonadonida haqiqiy bayram muhiti hukmron. Ota­honning xonadoniga kirgan har bir inson bu yerdagi quvonch, hayajon va shukronalik tuyg‘ularini yurakdan his etadi. Uning ko‘zlaridagi sevinch yoshlari, farzandlari va yaqinlari chehrasidagi faxr va mamnuniyat bugungi ezgu siyosatning eng ta’sirli ifodasi o‘laroq namoyon bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan Jizzax viloyati hokimi Abduhoshim otaning xonadoniga tashrif buyurib, mamlakatimiz yetakchisi nomidan haj safari uchun maxsus yo‘llanma hamda esdalik sovg‘alar topshirdi. ­Samimiy muloqot, ezgu tilaklar va duo­larga boy kechgan uchrashuv xonadon ahli uchun umrbod yodda qoladigan unutilmas lahzalarga aylandi.

Nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va e’tibor xalqimizga xos azaliy qadriyatlarning yana bir yorqin namunasi ekani ta’kidlandi. Zero, keksalarni ­e’zozlash, duosini olish, ko‘nglini shod etish xalqimizning ma’naviy tayanchi, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi hisoblanadi.

Abduhoshim ota esa, o‘z navbatida, ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yangi O‘zbekiston ravnaqi uchun samimiy duolar qildi.

“Mana shunday saodatli kunlarga yetkazgan Yar­atganga behisob shukr qilaman, — deydi Abduhoshim ota O‘rozov. “Bugungi quvonchimni, qalbimdagi hayajon va shukronalik tuyg‘ularini so‘z bilan to‘liq ifodalash juda qiyin. Rostini aytsam, hozir o‘zimni tush ko‘rayotgandek his qilyapman. Boshimga baxt qushi qo‘ndi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki chekka tumandagi oddiy qishloqda yashovchi, umrini halol mehnat bilan o‘tkazgan mendek bir nafaqaxo‘r insonning ko‘nglidagi eng ulug‘ orzularidan biri ushalishi — beqiyos baxt”.

Bu mehr va e’tiborni umrimning oxirigacha unutmayman. Nasib qilsa, muqaddas zaminlarda, duolar ijobat bo‘ladigan muborak onlarda xalqimiz, Prezidentimiz va aziz vatanimiz haqqiga samimiy duolar qilaman. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz tinch va farovon bo‘lsin, yangi O‘zbekistoni­miz yanada taraqqiy etsin, farzandlarimiz baxtli kelajak sohiblari bo‘lishsin deb Yaratgandan so‘rayman.

Qariyb qirq yil umrimni maktabga, ta’lim-tarbiyaga bag‘ishladim. Matematika fanidan o‘g‘il-qizlarga saboq berdim. Shu bois, bugungi o‘zgarishlarni ko‘rib, qalbim quvonchga to‘ldi. Chunki biz ishlagan davr bilan hozirgi kunni solishtirsam, yer bilan osmoncha farq bor. Ilgari maktab degani qi­yinchilik, mashaqqat va yetishmovchilik bilan bog‘liq edi. Bolalar bilim olish o‘rniga oy­lab paxta dalalarida yurardi. Mao­shimiz tirikchilikka arang yetardi. Uni ham ba’zan ikki-uch oy­lab kutib olardik.

Bugun esa maktablarga kirsam, havasim keladi. Zamonaviy binolar, shinam sinfxonalar, interaktiv texnologiyalar, kitobga va ilmga e’tibor — bularning barchasi ta’lim sohasiga davlat darajasida katta ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.

Yurtimizdagi islohotlar zamirida aynan inson manfaati, uning qadri va baxtli hayotini ta’minlashdek ulug‘ maqsad mujassam. Abduhoshim ota kabi nuroniylarning qalbidan chiqqan samimiy shukronalik va duolar esa bu ezgu siyosatning xalq qalbida chuqur aks sado topayotganini yaqqol namoyon etadi.

Muqaddas haj safariga otlanayotgan nuroniylarimizning ezgu tilaklari, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida qilayotgan samimiy duolari yangi O‘zbekistonda ma’naviy muhit yanada yuksalayotgani, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillari tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ramzi sifatida barchamizning qalbimizga iliqlik, umid va ishonch bag‘ishlaydi.

Farhod NE’MATOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri