Aniqlanishicha, joriy yilning 26-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro I.S. (1994-yilda tug‘ilgan ayol) turmush o‘rtog‘i N.A (1988-yilda tug‘ilgan erkak) bilan o’zaro nizolashishib, uning voyaga yetmagan farzandi O.Sh (2022-yilda tug‘ilgan qiz bola)ni urganligi oqibatida bola bosh qismidan jiddiy jarohatlangan.
Buning natijasida bolaning sog‘ligi keskin yomonlashib, shu kunning o‘zida u vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 27-sentabr kuni tuman IIB Tergov bo’limi tomonidan JKning 126-moddasi (oilaviy zo’ravonlik), 8-qismi, “g” bandi (jabrlanuvchining o’limiga sabab bo’lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
I.S JPKning 221-moddasiga asosan gumonlanuvchi tariqasida protsessual tarzda ushlangan.
(JKda ushbu jinoyat uchun 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko’zda tutilgan)
Bolalar ombudsmani bolaga qarshi sodir etilgan mazkur jinoyat ishi yurituvi ustidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi.
Holat yuzasidan qo‘shimcha tarzda axborot taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun: kecha, 2-oktabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid Qonunga ko‘ra, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi!