Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar natijasida respublika huquqni muhofaza qilish organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaro qaytarilgan. Ulardan ikki nafari firibgarlikda, yana biri odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Jinoyat sodir etgandan so‘ng ular Birlashgan Arab Amirliklari hududiga qochib ketgan. Interpol Milliy markaziy byurosining maqsadli faoliyati, xorijiy hamkorlar bilan doimiy hamkorligi va Interpolning xalqaro qidiruv mexanizmlarini ishga solishi tufayli ularning turgan joyi aniqlangan. Interpolning Abu-Dabidagi Milliy markaziy byurosi ko‘magida uchalasi ham qo‘lga olingan.

Qidiruvdagilarni topshirish turli huquqiy mexanizmlar, jumladan, Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolari o‘rtasida erishilgan maxsus kelishuvlar doirasida amalga oshirilgan. Mazkur shaxslar O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari hamrohligida qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan.