O‘zbekiston mustaqillik yillarida murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, keyingi o‘n yillikda muammolar yechimiga qaratilgan tezkor choralar, shiddatli islohotlar mamlakatimiz yetakchisining inson taqdiriga yuksak g‘amxo‘rligini va bu boradagi qat’iy siyosiy irodasi, oqilona qarorlarini yaqqol ifoda etdi.
Prezidentimiz boshchiligidagi keng ko‘lamli islohotlar nafaqat davlat boshqaruvini, balki xalqimiz tafakkurini, hayotimiz falsafasini, qonun ustuvorligiga doir qarashlarni hamda eng asosiysi, barchamizning dunyoqarashimizda inson qadriga munosabatni tubdan o‘zgartirdi.
Davlatimiz rahbarining xalqni sevish va Vatanga sidqidildan xizmat qilishdek oliy saodatga yo‘g‘rilgan shaxsiy namunasi Yangi O‘zbekiston ruhiga aylandi.
35 yillik sarhisobdan — yangi taraqqiyot bosqichiga
Yaqindagina yurtimiz hayotidagi eng ulug‘, eng qutlug‘ sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami Vatanimizning barcha hududida baland ruh va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Bu yil ushbu tarixiy sana yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlandi. Ayniqsa, asosiy bayram tadbirining Vatanimiz faxri bo‘lgan Yangi Toshkentda o‘tkazilgani unga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Barcha bayramlarimiz munosabati bilan Prezidentimiz tabrigida qilingan ishlar va rejalarning bayon etilishi o‘ziga xos institutga aylandi. Ammo oldingilaridan farqli o‘laroq davlatimiz rahbarining mustaqillikning 35 yilligi tantanalarida so‘zlagan nutqi dasturiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Chuqur mazmun, teran tahlilga tayangan barcha tashabbus va vazifalar xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotining strategik maqsadlarini aks ettirdi. Aynan shuning uchun ham ushbu nutqni xalqimiz juda katta ko‘tarinkilik va olqish bilan qarshi oldi. Ya’ni bugungi islohotlar hamda barchamizning oldimizda turgan ustuvor vazifalar yaxlit siyosiy tizimga birlashtirildi.
Prezidentimiz mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini, kelgusi 10 yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini alohida ta’kidladi. Shu maqsadda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishini e’lon qildi.
Ushbu milliy dasturlar ta’lim va tibbiyotdan tortib, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologiya, adolat, mahalla va tashqi siyosatgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni yagona maqsad atrofida birlashtiradi.
Asl qudrat mezoni — yangilanishlar markazida
Prezidentimizning nutqi uzoq va yaqin tariximizning saboqlari, yangi O‘zbekiston islohotlari va kelgusi taraqqiyot maqsadlarini uyg‘un holda namoyon etdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li aniq. Bu — tinchlik, do‘stlik va hamkorlik, inson qadrini ulug‘lash, bilim va ma’rifatga tayanish yo‘li. Prezidentimizning tantanali bayram tadbiridagi ma’ruzasi ayni mana shu oliy maqsadning ruhini aks ettirdi.
Bir vaqtlar Vatan ozodligi va milliy istiqlolni orzu qilgan ajdodlarimizning ezgu niyatlari bugun mustaqil davlatchiligimizni mustahkamlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, zamonaviy ta’limni rivojlantirish va inson kapitalini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Ayni paytdagi murakkab va ziddiyatli dunyoda tinchlik va barqarorlikni asrash hayot-mamot masalasidir. Prezidentimizning siyosiy irodasi, o‘ziga xos samimiy muloqoti, doim tinchlik va barqarorlikka intilishi natijasida keyingi o‘n yilda mintaqada nafaqat tinchlik ta’minlandi, balki barcha xalqning manfaatiga mos keluvchi abadiy do‘stlik va hamkorlik rishtalari qat’iy mustahkamlandi.
Albatta, mamlakatimiz yetakchisining ushbu yo‘nalishdagi harakatlari va tashabbuskorligi ortida inson manfaati, hayot sifatini yaxshilash kabi ulug‘ maqsadlar turibdi. Zero, O‘zbekistondagi islohotlarning natijasi, avvalo, “Insonlar hayoti yaxshilanishi kerak!” degan bosh mezonga asoslanganini butun dunyo ko‘rmoqda va ¬e’tirof etmoqda.
Darhaqiqat, har qanday davlatning haqiqiy qudrati inson qadri, huquq va manfaatlari qay darajada ta’minlangani bilan belgilanadi.
Inson qadrining huquqiy kafolati
Endi Oliy Majlis quyi palatasining qonun ijodkorligi faoliyati yanada qizg‘in kechishi tabiiy. Chunki Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan, kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturning beshinchisi — sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan.
Inson qadrini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, adolatni ta’minlash va islohotlarning barqarorligini kafolatlash, eng avvalo, qonun ustuvorligiga tayanadi. So‘nggi o‘n yillikda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda adolat va tenglik tamoyillarini mustahkamlash borasidagi islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylandi.
Bu jarayon, eng avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topdi. Bosh qonunimizda O‘zbekiston — huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Shuningdek, inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va noaniqliklarni inson foydasiga talqin qilish kabi muhim prinsiplar mustahkamlandi. Bu inson erki va qonuniy manfaatlari davlat siyosatining ustuvor mezoni ekanining huquqiy ifodasidir.
Shu bois, Konstitutsiyada belgilangan ushbu tamoyillarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan qonunchilik va institutsional islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, sud-huquq tizimida shaxsning huquqlarini kafolatlash, qiynoqlarning oldini olish, majburiy mehnatga barham berish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida salmoqli ishlar qilindi.
Odil sudlovga erishish, sudlarning mustaqilligini ta’minlash va insonlarning buzilgan huquqlarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirish islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylandi. Sud tizimi mustaqilligini ta’minlash, sudyalar faoliyatiga aralashuvning oldini olish, ularning maqomi va ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi. Sud jarayonlarining ochiqligi va raqamlashuvini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi.
Ma’muriy sudlarning tashkil etilishi esa fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari tomonidan qabul qilingan noqonuniy qarorlar, amalga oshirilgan harakatlar yoki yo‘l qo‘yilgan harakatsizlik ustidan sud orqali himoyalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Advokatura institutining rolini kuchaytirish, yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolatlaridan biriga aylandi.
Shuningdek, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual va Fuqarolik protsessual kodekslariga sud qarorlari va ajrimlari ustidan shikoyat qilishning yangi instituti — ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa odil sudlovga erishish va buzilgan huquqlarni tiklash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Inson huquqlarini ta’minlash masalasi, tabiiyki, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishni ham qamrab oladi. Keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan qonunchilik asoslari sezilarli darajada mustahkamlandi.
Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Bola ¬huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirdi.
Bola huquqlarini himoya qilishning tashkiliy va institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti tashkil etildi. Deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ¬ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun bilan uning huquq va majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda kafolatlari belgilab berildi.
Bugun esa qonun ustuvorligi tushunchasi an’anaviy huquqiy munosabatlar doirasidan yanada kengayib bormoqda. Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohasiga jadal kirib kelayotgan bir sharoitda kiberjinoyatchilik, shaxsiy ma’lumotlardan g‘ayriqonuniy foydalanish, odam savdosi, giyohvandlik kabi yangi va murakkab xavflarga qarshi samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirish ham dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, keyingi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirish, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish va ulardan g‘ayriqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi. Bu borada javobgarlikning aniqlashtirilishi va yangi huquqiy mexanizmlarning joriy etilishi raqamli muhitda fuqarolar huquqlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, giyohvandlikka qarshi kurash ham davlat siyosati darajasida kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotiklarning tarqalishi, internet orqali yashirin sotilishi, noqonuniy narkolaboratoriyalar faoliyati kabi zamonaviy tahdidlar bu borada yangi yondashuvlarni taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda bu xavflarning oldini olish maqsadida profilaktika, erta aniqlash, yoshlarni giyohvandlik ta’siridan himoya qilish, davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi huquqiy choralar ham izchil kuchaytirilmoqda. 2025-yilda giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi tasdiqlandi. Bugun ushbu milliy dastur asosida chora-tadbirlar ijrosi izchil davom ettirilmoqda.
Joriy yil iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun esa ushbu yo‘nalishdagi huquqiy mexanizmlarni yanada kuchaytirdi.
Unda narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning muqobillari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik takomillashtirildi. Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilishi, noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotiklar muomalasiga rahnamolik qilish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanishi bu sohadagi yondashuv yanada qat’iylashganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, bugungi yondashuv faqat jinoyat sodir etilgandan keyin jazo qo‘llash bilan cheklanmayapti. Giyohvandlikning oldini barvaqt olish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, xavf guruhidagi shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, davolash va reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytirish kabi choralarga ham yagona tizim sifatida qaralmoqda. Shu ma’noda, giyohvandlikka qarshi kurashish nafaqat huquq-tartibot organlari, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini talab etadigan umummilliy vazifaga aylanmoqda.
Chuqur siyosiy mazmunga ega vazifa
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qonun ustuvorligi faqat huquqiy tizimning vazifasi emas. U inson qadri, jamiyatdagi ishonch, davlat boshqaruvining samaradorligi va mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlaydigan umumiy qadriyatdir.
Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan kelgusi bosqich uchun qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirish vazifasining belgilanishi chuqur siyosiy mazmunga ega. Shu maqsadda huquqiy tarbiyani maktabdan boshlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini yanada kuchaytirish, sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Ayni paytda jamiyat xavfsizligiga tahdid solayotgan kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish, yashirin iqtisodiyot va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha choralarni yangi bosqichga olib chiqish ham mazkur vazifalarning uzviy davomidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bu boradagi islohotlarning huquqiy asoslarini yaratish, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va qonun ijodkorligi sifatini yanada oshirish yo‘nalishidagi ishlarga alohida mas’uliyat bilan yondashadi.
Avvalo, oldimizda istiqlol yillaridagi islohotlarning ahamiyatini hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, davlatimiz rahbari ilgari surgan milliy dasturlarni amalga oshirishda parlamentning faol ishtirokini ta’minlashdek muhim vazifa turibdi. Deputatlarimiz davlatimiz rahbarining ma’ruzasida belgilangan barcha vazifalar mazmun-mohiyatini xalqimizga keng tushuntirmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida shu yil 7-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining tegishli qarori qabul qilindi hamda “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
“Yo‘l xaritasi”da parlamentimizning milliy yuksalish davri islohotlarini izchil amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Bugungi tarixiy islohotlar davrida mamlakatimiz oldida yanada katta rejalar, ulkan maqsadlar va yuksak marralar turibdi.
Prezidentimiz davlatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida ta’kidlaganidek, o‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bugun milliy parlament ham ana shu umumiy maqsadning muhim bo‘g‘ini sifatida o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda faoliyat yuritishi zarur. Xalq vakillari bo‘lgan deputatlar korpusi va milliy parlamentimiz bundan buyon ham mamlakatimizning birdamligini, yuksak taraqqiyotga jips holda erishish yo‘lidagi umumiy maqsad va orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash, yurt ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, eng asosiysi, inson qadrini yanada yuksaltirish barchamiz uchun umumiy maqsaddir.
Nuriddin ISMOILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri