Xonlikning tashkil topishida oʻzbeklarning ming urugʻi vakillari faol ishtirok etgan.
Shohruxbiy
Qoʻqon xonligining birinchi hukmdori boʻlgan. Mahmud Hakim Yayfoniyning “Xullas
ut-tavorix”, Muhammad Fozilbekning “Mukammali tarixi Fargʻona” va Mullo Olim
Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarlarida Shohruxbiyning taxtga oʻtirishi
boshqacha tasvirlanadi. Mazkur asarlarda oʻsha davrlarda, yaʼni XVIII asrning
boshlarida Qoʻqon atrofidagi hududlarga Chodak xojalari hokimlik qilgani,
Shohruxbiy hokimiyatni ulardan kuch bilan tortib olgani qayd etiladi.
U
hukmronligining dastlabki davrlaridan boshlab saltanatni mustahkamlash
siyosatini yuritdi. Shohruxbiy davrida yangi tashkil topgan davlatning maʼmuriy
hududi u qadar katta boʻlmay, asosan, Fargʻona vodiysining shimoliy va markaziy
qismlarini qamrab olgan edi. Shunga qaramay, dastlabki davrlardanoq uning
markaziy va mahalliy boshqaruv tizimi shakllana boshladi. Shohruxbiy har ikki
tizim oʻrtasidagi aloqani mustahkamlashga intildi.
Buxoroda
ashtarxoniylar oʻrniga kelgan mangʻitlar sulolasiga davlat boshqaruvi, harbiy
salohiyat, maʼmuriy tizim meros boʻlib qolgan boʻlsa, Qoʻqon xonligida minglar
bu tizimni avvaldan oʻzlari ishlab chiqishga majbur edi.
Shu
oʻrinda “Tarixi Turkiston” asari muallifi Mullo Olim Maxdum Hojining quyidagi
maʼlumoti diqqatga sazovor: “Shohruxxon... Namangan sarhadidan to Shohidon va
Ponsodi Gʻoziyga, alhol Pongʻoz deb ataladur, hukumatini joriy qilib, ul
viloyatga voliy va hokim tayin aylab, fath va nusrat birla qaytib kelib
tushubdur”.
Ushbu
maʼlumotdan Shohruxbiy hukmronligining ilk kunlaridan boshlaboq nafaqat
markaziy, balki mahalliy boshqaruv tizimini ham shakllantirib, Markaziy
Osiyodagi davlatchilik anʼanalarini davom ettirgan holda davlatni boshqarishga
harakat qilgani anglashiladi.
Hukmdor
Shohruxbiyning avlodlari yangi tuzilgan davlatning hududini kengaytirish
siyosatini tutdi. Bu siyosatning amaldagi tatbigʻi asnosida davlatni boshqarish
asoslari shakllanib bordi. Xususan, oʻn ikki yillik hukmronlik davridan soʻng
vafot etgan Shoxruhbiy oʻrniga — taxtga toʻngʻich oʻgʻli Abdurahimbiy oʻtiradi.
U mamlakat siyosiy qudratini oshirish, hududiy chegarani kengaytirish maqsadida
harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Harbiy harakatlar davomida qoʻlga
kiritilgan hududlarni boshqarish uchun aka-ukalari, qarindosh-urugʻlari,
amaldorlarga boʻlib berdi.
Masalan,
Buxoro xonligiga tegishli Xoʻjand viloyatini egallab, ukasi Abdukarimbiyni
hokim etib tayinlaydi. Kichik ukasi Shodibiy esa Margʻilon viloyatiga hokim
boʻldi. Harbiy harakatlari natijasida Abdurahimbiy bir oz muddat boʻlsa-da,
Buxoroga qarashli Samarqand, Jizzax va Kattarqoʻrgʻonni ham tasarrufiga
kirgizib, Samarqandga Mullo Bechorani, Jizzaxga Ollohqulibek dodxohni hokim
etib tayinladi. Qoʻqonga qaytishda xonning oʻzi ogʻir dardga chalinib,
Xoʻjandda vafot etdi. Uning hukmdorlik davrida Fargʻona vodiysi toʻliq
markazlashgan davlatga aylandi.
Abdurahimbiy
vafotidan soʻng Qoʻqon taxtiga ukasi Abdukarimbiy oʻtirdi. U ham akasi singari
mamlakat farovonligi, yurt obodligi uchun munosib hukmdorlik qildi. Xonning
davlat boshqaruvidagi faoliyati haqida “Ansob us-salotin” asarida “Abdukarimxon
shijoatlik, sipoh va fuqarogʻa shafqatlik, Xudovandi taologa ibodatlik erdi”,
deb taʼrif beriladi. Abdukarimbiy poytaxt — Qoʻqon shahrini kengaytirib,
aylantirib devor qurishga buyruq berdi. Oʻsha vaqtda Qoʻqon shahrining toʻrtta
darvozasi qurilgan. XVIII asr birinchi yarmida xonlikning shimolidan kirib
kelgan koʻchmanchi jungʻor qabilalari hujumini qaytarib, markazlashgan
hokimiyatni mustahkamladi.
Qoʻqon
taxtida 17 yil hukm surgan Abdukarimbiy vafotidan soʻng hukmron doira vakillari
oʻgʻli Abdurahmonbiyni xon etib koʻtaradi. U atigi 9 oy hukmronlik qiladi.
Qoʻqonning keyingi hukmdori — Abdurahimbiyning oʻgʻli Erdonabiy davrida
mamlakat hududini kengaytirish ishlari davom etdi, yurt obod va farovon boʻldi.
Erdonabiy
oʻn yil hukmronlik qilib vafot etgach, taxtni Shodibiyning oʻgʻli Sulaymonbiy
va Abdurahmonbiyning oʻgʻli Norboʻtabiy egalladi. Manbalarda Norboʻtabiy
hukmronligi davrida mamlakat iqtisodiyoti yuqori darajaga koʻtarilgani qayd
etiladi. Bu holat Qoʻqonga qarshi tashqi xavf boʻlmagani hamda ob-havo va
tabiiy sharoit yaxshi kelgani bilan izohlanadi.
“Tarixi
Turkiston” asari muallifi “Pul ul xonning zamonida joriy qilinibdur”, deb
maʼlumot beradi. Lekin muarrixning bu maʼlumotiga asoslangan holda xonlikda shu
davrga qadar pul muomalasi boʻlmagan deb xulosa qilmaslik kerak. Xonlikda aynan
Norboʻtabiy davrida moʻl-koʻlchilik tufayli arzonchilik yuqori darajaga yetgan.
Bu holat mayda chaqa pul zarb etish zaruratini tugʻdirgan. Norboʻtabiy pul
islohotini oʻtkazib, “qora fulus” deb nomlangan eng mayda chaqa zarb ettiradi.
Manbalarda
Norboʻtabiy nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki siyosiy sohada ham yuzaga kelgan
turli chigal vaziyatlarni hal qila olish qobiliyatiga ega hukmdor sifatida qayd
etiladi. Hukmronligining soʻnggi yillarida ukasi Hojibek bilan oʻrtalarida
paydo boʻlgan adovatni ijobiy hal qilishga erishadi. Shuning uchun ham u Qoʻqon
xonlari orasida eng uzoq muddat — 36 yil davlatni boshqargan. Norboʻtabiyning
oliy hukmdor sifatidagi bu faoliyati xonlikda davlatni boshqaruv tamoyillari
shakllanib, rivojlanib borgani va Qoʻqon hukmdorlari ulardan yaxshi xabardor
boʻlganini koʻrsatadi.
Norboʻtabiy
vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan Olimxon davlatni idora etishda fuqarolarni
ijtimoiy himoyalash va ishsizlik masalasida ham samarali islohotlarni
oʻtkazgan. “Tarixi Shohruxiy” asarida Olimxon mamlakatdagi gadoylar, devona va
ishyoqmas odamlarni gʻalla va oʻtin tashish ishlariga jalb qilgani qayd
etiladi.
Umarxon
1810-yili Qoʻqon taxtini egallaydi. U mamlakatda davlatchilik asoslarini
mustahkamlashga harakat qiladi. Xususan, tashqi aloqalarni yoʻlga qoʻyishda
muhim ishlarni bajaradi. Davlat taraqqiyotida tashqi savdo aloqalarining oʻrni
beqiyosligini toʻgʻri anglab, Qoʻqon xonligi va Rossiya oʻrtasidagi dastlabki
savdo diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻyadi hamda 1812-yili bu davlatga
elchi yuboradi. Umarxon Qoʻqon adabiy muhitining shakllanib, rivojlanishiga
katta hissa qoʻshgani, qolaversa, oʻzi ham Amiriy taxallusi bilan oʻzbek va
fors tillarida sheʼr bitgani yaxshi maʼlum.
1822-yili
ogʻir kasallik tufayli vafot etgach, taxtga Umarxonning 14 yoshli oʻgʻli
Muhammad Alixon oʻtiradi. U ham oʻzidan oldin oʻtgan hukmdorlar kabi faol
tashqi siyosat yuritdi. Koshgʻarda yuz bergan voqealar xonning bu hududdagi
harakati va Xitoy bilan munosabatlarining keskin tus olishiga sabab boʻldi.
Muhammad
Alixon hukmronligining soʻnggi davrida xonlikdagi davlatchilik anʼanalaridan
chekindi. Davlatni mutlaq yakka hokimlik uslubida boshqarishga harakat qilgani,
hukumat ishlarini hal etishda amaldorlar va ulamolar fikri bilan
hisoblashmaganini tarixiy manbalardagi maʼlumotlar tasdiqlaydi. Shuningdek,
uning markaziy boshqaruvda yuqori mavqega ega ayrim mansabdorlarni qatl
ettirgani va badargʻa qilgani hokimiyatning zaiflashuvi, muxolifat kuchlarning
mamlakat tashqarisida birlashib, harakat qilishiga imkon yaratdi.
Qoʻqon
xonligi markaziy hokimiyatida vujudga kelgan bunday vaziyatdan muxolif kuchlar
unumli foydalandi. Buxoro amiri Nasrulloxonni gijgijlab, Qoʻqonga qarshi
qoʻshin tortishga undaydi. 1842-yili Nasrulloxon Qoʻqonni zabt etadi va
Nodirabegim, Muhammad Alixon hamda xonning ukasi Sulton Mahmudxonni,
shuningdek, hukmron sulolaning bir necha vakillarini qatl ettiradi.
Davlatning tanazzulga yuz
tutishi
XIX
asrda Qoʻqon taxtiga dastlab Sheralixon, soʻng avlodlari Xudoyorxon, Mallaxon,
Sulton Sayidxon, Nasriddinxon oʻtiradi. Taxt uchun oʻzaro kurashlar, iqtisodiy
bosim tufayli xonlikda inqiroz yuzaga keladi. Bundan esa tashqi kuchlar,
jumladan, Rossiya imperiyasi unumli foydalanadi.
Mallaxon
xonlikning harbiy salohiyatini oshirish va tashqi kuchlarning bosqinchiligiga
qarshi kurashish uchun muntazam qoʻshin tuzishga harakat qildi. 1859-yil
28-noyabrda Xiva xonligi bilan shartnoma imzolab, Rossiya imperiyasi qoʻshiniga
qarshi birgalikda yurish qilishga kelishib olgan edi. Biroq 1862-yilda
Mallaxonning oʻldirilishi bu shartnomaning bekor boʻlishiga olib keldi.
1865-yili Rossiya imperiyasi qoʻshinlari Toshkentni bosib oldi. Oqibatda
xonlikdagi taxt uchun kurashlar, siyosiy va iqtisodiy bosimlar tufayli davlat
tanazzulga yuz tutdi.
1875-1876-yillardagi
ichki kurashlardan foydalangan Rossiya imperiyasi qoʻshinlari xonlikning
poytaxtini egalladi va 1876-yil 19-fevralda Qoʻqon xonligi butunlay tugatilgani
eʼlon qilindi.
Diplomatiya va konsullik
idorasi
Qoʻqon
xonligi 1759-yilda Xitoyning Ching, 1810-yilda Rossiya, 1820-yilda Usmoniylar
imperiyalari, shuningdek, turli yillarda yaqin qoʻshni davlatlar — Buxoro
amirligi, Xiva xonligi, qozoq juzlari bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan.
Bundan tashqari, xonlikning chet eldagi boshqaruv shakllaridan biri oqsoqollik
tizimi, yaʼni konsullik idorasi boʻlgan. Idorada xon yorligʻi ostida faoliyat
yuritgan oqsoqol, zamonaviy taʼbir bilan aytganda, konsul chet elda, jumladan,
Rossiya imperiyasining Astraxan, Sibir hududlarida hamda Xitoydagi Ching
imperiyasining Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan, Turfon, Kuchor, Urumchi, Gʻulja
shaharlarida savdo va hunarmandchilik bilan shugʻullanayotgan Qoʻqon xonligi
fuqarolarining huquqlarini himoya qilgan. Bunday yorliqlarga ega boʻlgan
oqsoqollar Sharqiy Turkistonda ham istiqomat qilgan.
Qoʻqonning
hozirgi Xitoy hududidagi konsullik idorasi 1762-yilda turkistonlik savdogarlar
tomonidan Yorkentda mustaqil uyushma sifatida tashkil qilingan. Qoʻqonlik
savdogar Rizoquli Yorkentdagi turkistonlik savdogarlarning oqsoqoli etib
tayinlangan. Ikkinchi oqsoqol esa Koshgʻarda tayinlangan boʻlib, u toshkentlik
savdogar Neʼmatjon edi. 1808-yilda u vafot etgan. Qoʻqon oqsoqoli lavozimiga
boy yoki amaldor boʻlgan savdogarlar toifasidagi shaxslar, keyinchalik
harbiylar ham ijara sharti bilan tayinlangan.
1828-yilda
Qoʻqon xonligidan kelib, Xitoyda istiqomat qilgan 5122 oila boʻlgan. Ularning
3602 tasi Tyanshanning janubida, yaʼni Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan, Uchturfon,
Yangihisor, Kuchor, Oqsuv va boshqa aholi manzillarida, 460 tasi shimolda
Urumchi, Gʻulja, Chuguchakdan iborat Ili viloyatida yashagan.
Qoʻqon
hukmdori Muhammad Alixon manjurlar hukumatiga bir necha marta elchi yuborgan.
Ulardan biri Ayalanbay (Aʼlam pochcha) boʻlib, 1831-1834-yillar oraligʻida bir
necha marta manjurlar hukumati poytaxti Pekinga borgan. Bu haqda Qoʻqon
muarrixi Tojirning “Gʻaroyib sipoh” (“Qoʻshin ajoyibotlari”) asarida batafsil
keltirilgan. Chin imperatori Daoguanning 1832-yil 13-yanvardagi buyrugʻiga
koʻra, Xitoyda savdo qilayotgan qoʻqonlik savdogarlardan soliq yigʻib olish
ishlari bilan shugʻullanuvchi oqsoqollik instituti rasman tashkil etilgan.
Aʼlam pochcha esa oqsoqol konsul lavozimiga tayinlangan.
Muhammad
Alixon 1834-yilda Aʼlam pochcha oʻrniga Abdugʻofurni tayinlagan, biroq u
oqsoqollik davrida qoʻqonlik fuqarolarga nisbatan zolimligi bilan mashhur
boʻlgan. Shu sababli u Muhammad Alixonning buyrugʻiga koʻra dorga osilgan.
Tarixchi Qurbon Ali Ayaguziy “Tarixi xamsai sharqi” asarida Abdugʻofurdan soʻng
Neʼmatjon oqsoqollik mansabiga tayinlangan deb yozgan. 1842-yildan
1844-yilgacha Roʻzi oqsoqol konsul boʻlgan. Qoʻqon hukmdori Xudoyorxon davrida
asli toshkentlik savdogar Neʼmatjon dodxoh oqsoqol etib tayinlangan.
1852-1853-yillarda xoʻjandlik Bayjonbiy, 1855-1856-yillarda Sayid Oʻroq oqsoqol
boʻlgan.
Qoʻqon
oqsoqoli mansabining qachon tugatilgani haqidagi maʼlumotlar ham bahsli. Qurbon
Ali Ayaguziyning “Tarixi xamsai sharqi” asarida yozilishicha, “Ushbu oqsoqollik
manjurlar hukumatiga qarshi koʻtarilgan dungʻon-uygʻur qoʻzgʻolonlaridan soʻng
tugatilgan”. Ammo XIX asrning 60-yillaridagi Qoʻqon sarkardasi Muhammad Yoqubbekning
Yettishahar davlati davrida Qoʻqon oqsoqolligi tugatilmaganini koʻrish mumkin.
Qoʻqon xonligi davrida tashkil etilgan oqsoqollik tizimi 1876-yili xonlik
tugatilgandan soʻng ham faoliyatini toʻxtatmagan. Bu oqsoqollik tizimi XIX asr
oxiri — XX asrning boshlarida Oqsuv, Gʻulja, Uchturfon, Yorkent, Xoʻtan,
Kuchor, Qorashahar, Lobnor, Turfon, Xami, Keriya va Dunxuan kabi shaharlargacha
kengayib borgan.
Sherali QOʻLDOSHEV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Sharqshunoslik instituti
yetakchi ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori