Oʻzbekiston qadimdan ilm-fan, madaniyat va intellektual oʻyinlar rivojlangan zamin sifatida dunyoga mashhur. Ana shunday boy meroslardan biri shaxmatdir. U nafaqat oʻyin, balki inson aqlini charxlovchi, sabr-toqat va strategik tafakkurni rivojlantiruvchi sport turi. Mamlakatimizda shaxmatga qiziqish ancha yuqori, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida. Umumtaʼlim muassasalari, sport maktablari va klublarda shaxmat toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Bu esa kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Bugun oʻzbek shaxmatchilari qatnashadigan har qanday katta-kichik xalqaro musobaqada kim gʻalaba qozonishini taxmin qiluvchilar qiynalmaydi — zafar yoki sovrinli oʻrin egasi, albatta, yurtimiz vakillari orasidan chiqyapti. Umuman, mamlakatimiz sportida erishilayotgan natijalar haqida gapirganda mutaxassis va murabbiylar shoshib qolayotgani ham bor gap. Zero, bugun oʻzbek bokschilari dunyodagi kuchli raqiblarning oyogʻini qaltirata boshlaganiga ancha boʻldi. Qolaversa, endi yakkakurash, futbol va boshqa koʻplab sport turlarida ham raqiblarimiz ancha oʻylab, bahsga kirishishga majbur.

Boisi, soʻnggi yillarda yurtimizda sport sohasidagi islohotlar ham avj pallaga kirdi. Prezidentimiz tashabbusi va davlat dasturlarida belgilangan maqsadli yoʻnalishlar orqali sport nafaqat sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradigan, balki mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonlarda yuksaltiradigan asosiy vositaga aylandi.

Sohada qilinayotgan ishlar yoshlarning tarbiyasi, jismoniy va maʼnaviy kamolotini taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Islohotlar jarayonida asosiy eʼtibor “Sogʻlom avlod — sogʻlom kelajak” tamoyiliga qaratilgan. Zero, kuchli davlat qurishning, jamiyatda maʼnaviy va intellektual yuksalishga erishishning poydevori sogʻlom va barkamol avloddir.

* * *

Shu bois, yurtimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish, ommaviy sportni keng targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilayotir. 2017-2024-yillardagi islohotlar jarayonida sportni rivojlantirishga qaratilgan qator dasturlar qabul qilindi. Bu, oʻz navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlarning sportga qiziqishini oshirdi va qisqa muddatda samara bera boshladi.

2024-yili Parijda oʻtkazilgan olimpiya va paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz chinakam jasorat koʻrsatib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi. Ushbu zafarli yurishning davomi sifatida oʻtgan yili yoshlarimiz jahon universiadasida 13-oʻringa, Bahraynda oʻtkazilgan Yoshlar oʻyinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida 2-oʻringa munosib koʻrildi. Oʻgʻil-qizlarimizning jahon, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida 50 dan ortiq rekord natijaga erishgani yurtimizning xalqaro olimpiya harakatidagi oʻrni va nufuzini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Eʼtiborga molik yana bir jihat: ­Prezidentimizning 2025-yil 8-iyuldagi qaroriga binoan, Oʻzbekiston sportchilarini 2028-yilgi olimpiya va paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi. Jarayonni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qoʻmitasining 14 ta hududiy boʻlimi tashkil etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qoʻmitasidan masʼullar biriktirildi.

Asosiy vazifa yuqori natijalarga erishish uchun doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Shu maqsadda iqtidorli sportchilarni eng quyi boʻgʻindan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi Oʻzbekiston olimpiya choʻqqilari” musobaqasi yoʻlga qoʻyildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida Prezident olimpiadasi sifatida oʻtkaziladi. Gʻolib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorgarlik bosqichiga kirishadi.

Futbol boʻyicha olimpiya jamoamiz Parij-2024 olimpiadasida birinchi marta ishtirok etdi. Tariximizda ilk bor milliy terma jamoamiz uch mamlakat — AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida oʻtadigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston oʻsmirlar (U17) terma jamoasi murakkab, mashaqqatli va matonatli yoʻlni bosib oʻtib, oʻz tarixida uchinchi marta Osiyo chempionati finaliga chiqdi va qahramonlarcha gʻalaba qozondi. Ular Qatarda oʻtgan jahon birinchiligida ham Osiyo chempioni sifatida mamlakat sharafini munosib himoya qildi, nomdor jamoalardan nafaqat qolishmasligini, balki ustun ham ekanini isbotladi.

Bunday yutuqlarni qoʻlga kiritishda esa sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, ularning tayyorgarligini xalqaro mezonlar asosida tashkil etishning ahamiyati naqadar muhim ekani namoyon boʻlmoqda.

* * *

Yana shaxmatga qaytsak. Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yili davlatimiz rahbari Prezident Olimpiadasi musobaqalarining tantanali ochilish marosimida nutq soʻzlayotgan pallada dunyo uzra bir xushxabar tarqaldi: “Oʻzbek oʻgʻloni Javohir Sindorov shaxmat boʻyicha jahon kubogi gʻolibi boʻldi!”.

Javohir Sindorov shu paytgacha FIDE jahon kubogini yutgan eng yosh (19 yosh) chempion boʻlib tarixga kirdi! Hindistonning Goa shahri mezbonlik qilgan FIDE jahon kubogi-2025 gʻolibligi Javohirga ayni paytda Kiprda boʻlib oʻtgan nomzodlar turnirida ishtirok etish uchun rasmiy yoʻllanmani ham taqdim qildi.

Oʻshanda Prezidentimiz marosimdagi nutqini toʻxtatib, quvonchli yangilik — yurtdoshimizning gʻalabasini eʼlon qilib, chempionni qutlagan edi.

— Ushbu buyuk gʻalaba bilan chin dildan tabriklayman. Sen oʻzbek oʻgʻloni, yangi Oʻzbekiston farzandi nimalarga qodir ekanini dunyoga koʻrsata olding. Sendek farzandim borligi bilan faxrlandim, xalqimiz faxrlandi. Ilohim, gʻoliblik yoʻli bardavom boʻlsin, — dedi davlatimiz rahbari marosimdan soʻng telefon orqali chempionni tabriklab.

Oʻz navbatida, Javohir Sindorov bu gʻalaba kelgusidagi yanada ulkan zafarlarning boshlanishi ekaniga umid bildirib, jahon shaxmat tojini Vatanimizga olib kelishga vaʼda berdi. Yaratilgan imkoniyat va koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi.

Javohir katta ishtiyoq bilan vaʼdasini bajarishga kirishgan koʻrinadi. Bugun oʻzbek oʻgʻloni ushbu toj uchun amaldagi jahon chempioni bilan yakkama-yakka bahsga kirishishga hozir. Bunday imkoniyatga ega chiqish uchun esa oʻta murakkab, ogʻir sinovlardan oʻtib kelmoqda. Xalqaro grossmeyster, jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov ushbu yoʻldagi oxirgi, eng qiyin bosqich — 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan oldin gʻoliblikka erishib, amaldagi shaxmat toji egasi hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan dona surish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Musobaqa yakuniga bir tur qolganida asosiy taʼqibchisi — niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri bilan murakkab qarama-qarshilikda durang natija qayd etdi hamda 13 imkoniyatdan 9,5 ochko jamgʻardi. Kipr mezbonligida oʻtgan bu galgi turnir oʻta yuqori raqobat, keskin intellektual kurash va tarixiy natijalar bilan yodda qoldi. Musobaqa dunyo reytingidagi eng kuchli 8 grossmeysterni bir maydonda jamladi. Hamyurtimiz, jumladan, Anish Giri, Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Rameshbabu Praggnanandha kabi kuchli grossmeysterlarga qarshi ishonchli oʻynab, turnir tarixida kuzatilmagan noyob holat — olti gʻalabali partiya bilan rekord natija qayd etdi.

Shu tariqa u Nomzodlar turnirida gʻolib chiqqan oʻzbekistonlik ilk shaxmatchi sifatida tarixga kirdi. Ungacha faqat 2004-yili FIDE boʻyicha (eski formatda) jahon chempioni boʻlgan Rustam Qosimjonov bunday katta yutuqqa erishgan edi. Endi oʻzbekistonlik yosh grossmeyster amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashadi. Shaxmat taxtasi uzra kechadigan bu “jang” 2026-yil oxirida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

Kiprdagi gʻalabadan soʻng Javohir fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Yosh shaxmatchi turnir davomida Oʻzbekistondagi muxlislarning mehri va eʼtiborini doim sezib turganini taʼkidladi:

— Kecha oilaviy muloqot guruhimizga Toshkent koʻchalaridagi monitorlarda aks etgan suratimni yuborishganida koʻrib hayron qoldim. Butun Oʻzbekiston turnirni kuzatayotganini oʻshanda yanada chuqur his qildim. Har bir turda bu qoʻllab-quvvatlovni sezib turdim. Buning uchun barchaga rahmat aytaman, — dedi muzaffar shaxmatchimiz.

Prezidentimiz 15-aprel kuni Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi va yosh grossmeysterimizni Oʻzbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Javohir ushbu turnirda ilgari hech kim chiqa olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 oʻyinda 6 marotaba gʻalaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida taʼkidlandi. U dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli irodasi, yuksak intellektual salohiyati va qatʼiyatini namoyon qilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini taʼkidlab, boʻlajak oʻyinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-gʻayrat va yangi zafarlar hamrohligiga tilak bildirdi. Joriy yil Samarqand shahrida oʻtadigan 46-jahon shaxmat olimpiadasida Javohirning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bagʻishlashini taʼkidladi.

Ayni paytda eʼtibor tufayli shaxmat maydonida Javohir Sindorov yolgʻiz emas, uning qabatida “ot suradigan”, “fil oʻynatadigan” mahoratli yigit-qizlarimiz talaygina. Soʻnggi yillarda Javohirdan boshqa Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) reytinglarida nomi zikr etiladigan, bizga qadrdon ismlarga eʼtibor bering-a! Ular allaqachon shaxmat tarixiga kirgan: Nodirbek Abdusattorov, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Gulruhbegim Tohirjonova... Roʻyxat uzun. Undagi shaxmatchilarimiz 60 dan ziyod.

Shaxmatning yosh avlod vakillaridan Sarvinoz Bekmurodovaning joriy yil yanvarda erishgan muvaffaqiyati ham mutaxassislarda katta umid uygʻotmoqda. Oʻzbek qizi 12 yoshida FIDE ayollar oʻrtasida sport ustasi boʻldi. Sarvinoz Oʻzbekiston shaxmati tarixida bu darajaga erishgan eng yosh qiz sifatida eʼtirof etiladi.

Mazkur tarixiy gʻalaba maʼnaviy taraqqiyot, Uchinchi Renessansga qoʻyilgan ulkan poydevordir. Yangi Oʻzbekistonning kelajagini mana shunday yigit-qizlar quradi. Sarvinozning bu yutugʻi millionlab yoshlarni ruhlantirib, katta ragʻbat beradi. Kelajakda shaxmat bilan shugʻullanadiganlar soni koʻpayishi, sportimiz tarixi sahifalari yoshlarimizning katta intellektual tafakkuri mahsuli boʻlgan ulkan gʻalabalar bilan boyishi shubhasiz.

Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, xalqaro maydondagi yutuqlar va boy tarixiy ildizlar yurtimizda haqli ravishda nafaqat shaxmat, balki sportning qator turlarini taraqqiy toptirish uchun asos boʻlmoqda. Zero, xalqimiz tiynatida muzaffarlik mujassam. Demak, bizga gʻalabalar yarashadi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri