Ha, aprel boshqa oylarga nisbatan ana shunday jihatlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, bu yilgisi boshqacha, nazarimda. Toʻgʻri, barcha oyning oʻziga xos tarovati bor. Lekin aynan bir oyning boshqa yillardagiga nisbatan alohidaligi, ajralib turishi har doim ham kuzatilavermaydi. Xususan, bu yilgi aprel ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakati — Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berishdan bosh­landi. Prezidentimiz “Yashil ­makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, ushbu xayrli loyihani boshlab berdi.

Shu kuni Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Nazarimda, “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh gʻoyasi asosida nishonlanishi belgilangan mustaqilligimizning shonli 35 yilligiga taraddud allaqachon yurtimizning barcha hududi, shaharu qishloqlarida boshlangan.

Boshqa tomondan, ayni kunlarda Amir Temur bobomiz tavalludining ham 690-yilligi keng tantana qilinmoqda.

Bu yilgi aprelning oʻziga xosligi mana shu yerda yaqqol namoyon boʻladi. Zero, biz uchun muqaddas neʼmat — istiqlolimizning 35 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorning buyuk bobomiz Amir Temur tavalludining shonli sanasi arafasida qabul qilinganida katta maʼno mujassam. Boshqa tomondan, mamlakatimizda bundan 9-10 yil oldin boshlangan yangi Oʻzbekiston islohotlari uch ming yillik tariximiz, xususan, Amir Temur bobomizning davlatchilik tutumiga hamohang.

Mana shular haqida oʻylab, har biridan kuch, ruhiy quvvat olib, xush kayfiyatda ishga yoʻl oldim. Yashash joyim shahar tashqarisida. Shuning uchun poytaxt markazi — Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan ishxonamgacha ancha yoʻl bosaman. Metroning xiyobon nomiga qoʻyilgan bekatidan chiqib, Sohibqiron bobomiz haykali ishora qilib turgan tomon yuraman. Ammo bugun negadir metrodan chiqqach, bir dam xiyobon tarovatini tuygim keldi. Haykal poyidagi oʻrindiqlardan biriga oʻtirdim. Ot ustidagi Amir Temur haykalining haybatini koʻrib, ruhiyatim yanada koʻtarildi.

Haykal poyida tulporining tuyogʻidan oʻt chaqnagan, qilichining damidan devlar hayiqqan, koʻzidagi qatʼiyat sergaklantirgan, marhamati toʻlqinlantirgan, qilichidan-da soʻzi, adolati, aql-zakovati oʻtkir Sohibqironning buyukligini hatto tasavvur etishga ham ojizdek his qildim oʻzimni. Bobomizning naqadar ulugʻ ishlar qilganiga tarix guvoh.

Oradan shuncha yil vaqt oʻtgan boʻlsa-da, Sharqu Gʻarb, Shimolu Janub — dunyoning toʻrt nuqtasiga borib, tarixdan ozgina xabari bor insondan Amir Temur haqida soʻrang, albatta, biladi. Ha, shuning uchun ham biz har doim bobomizdan cheksiz faxr-iftixor tuyamiz. Qayerda boʻlmaylik koʻksimizni kerib, “Temuriylar keldi...”, deya xitob qilamiz.

Ammo doim aqlimizda bir savol charx uradi. Xoʻsh, biz bugun shunday ulugʻ ­bobomizga munosibmizmi, ularning buyuk ishlarini qay darajada davom ettira olyapmiz? Boy hayotiy tajribaga asoslanib aytgan fikrlari, hikmatlariga amal qilyapmizmi oʻzi?..

“Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing!”

Sohibqiron bunyod etgan muhtasham tarixiy yodgorliklardan biri — Oqsaroy peshtoqiga bitilgan ushbu jumlalar shunchaki bezak yoki havoyi soʻzlar emas, tag­zamirida katta mohiyat, chuqur maʼno bor. Haqiqatan, Amir Temur davrida qurilgan yoki uning tashabbusi bilan bunyod etilgan eng mashhur meʼmoriy obidalar son-sanoqsiz va muhtashamdir. Bu inshootlar faqat meʼmoriy emas, balki davlat qudrati, siyosiy gʻoya va madaniy siyosat ramzi ham boʻlgan. Samarqandning “roʻyizamin sayqali”, deya eʼtirof etilishida Sohibqironning bunyodkorlik ishlari debocha boʻlgan.

Ayni paytda ham yurtimizda xuddi ana shunday bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Yangi Toshkent loyihasini aytasizmi, Olimpiya shaharchasi yoki hududlardagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarinimi — har biri tarixiy oʻzligimizga xos ana shunday bunyodkorlik namunalaridan.

Uzoqqa bormaylik, yaqindagina qurib bitkazilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoki qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Har ikkisi ham noyob durdona. Yangi Oʻzbekistonning tarixiy bunyodkorlik salohiyatiga mos inshootlar.

Dunyoning nufuzli 10 muzeyi roʻyxatiga kiritilgan Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi, shubhasiz, avvaldan islom dinining markazi deb ulugʻlangan Buxoro kabi shaharga ega Oʻzbekistonning keyingi yuz yilliklarda ham islom olamining markaziy davlatlaridan biri sharafiga loyiq koʻrilishiga zamin yaratadi. Xuddi shunday, Samarqanddagi Imom Buxoriy maj­muasining yangi qiyofasi ham butun dunyo musulmonlari nigohini Oʻzbekistonga qaratgani, ushbu majmuani ziyorat qilish orzusini qalbiga muhrlagani ayni haqiqat.

Amir Temur qurdirgan masjidu madrasalar musulmon olamidagi eng muhtasham tarixiy yodgorliklar boʻlishi bilan bir qatorda, Sohibqironning qanchalik iymon-­eʼtiqodli, pir-ustozlar, aziz-avliyolarga katta hurmat va eʼtibor bilan qaraganini bildiradi. Masalan, Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Bu maqbaraning qurilishi haqida “Zafarnoma”da bunday bitilgan. “Buyurdikim, ul mozori ustigʻa imorati oliy soldilar va bir ulugʻ toq (gumbaz) bogʻladilarkim, koʻk bila soʻzlashur erdi... Va farmon boʻldikim, tomlarini rangin koshin bilan muzayyan qilsunlar (chiroyli bezasunlar). Va Xojaning qabrini oq tosh bila yasadilar… Ikki yildan soʻng ul imorat tugandi. Ul imorat tugagandan soʻng andagʻi faqiru miskinlargʻa koʻb sadaqalar berdilar…”.

Bu iqtibos zamirida chuqur maʼno-mazmun, mohiyat bor. Amir Temur nafaqat hashamatli imoratlar barpo etgan, balki xalqning dunyoqarashi, tafakkurini oʻstirish, odamlarda bunyodkorlik, ezgulik gʻoyalari ustun boʻlishi uchun daʼvat etgan, bunday kishilarni esa doimo qoʻllab-quvvatlagan. Zero, “Temur tuzuklari”da “Amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz (yer tagidan oʻtkazilgan suv yoʻli yoki ariq) qursa, yo biron bogʻ koʻkartirsa yoxud biron xarob boʻlib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa (yaʼni soliq) olmasunlar... xarob boʻlib yotgan yerlarda korizlar qursunlar, buzilgan koʻpriklarni tuzatsunlar, ariqlar va daryolar ustiga koʻpriklar qursunlar, yoʻl ustida har manzilgohga rabotlar bunyod etsunlar... katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, mad­rasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqiru miskinlarga langarxona solsunlar, bemorlar uchun shifoxona qurdursunlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dor ul-imorat (saroy) va dor ul-adolat (qozixona) qursunlar...”, deya qayd etilgani ham soʻzimiz isbotidir.

Bugungi ortga qaytmas islohotlarning zamirida ham xuddi mana shu maqsad va muddao mujassam. Bu tadbirkorlarga berilayotgan turli imtiyozlar, yaratib berilayotgan imkoniyatlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.

“Shoh boʻlsang-da, bogʻ yarat, gado boʻlsang-da, bogʻ yarat...”

Ushbu kalom muallifi, ulugʻ bobomiz, avvalo, bunga oʻzi amal qilib, dunyoga dongʻi ketgan bogʻ-rogʻlar barpo etgan. Uning chorbogʻlari jahon bogʻdorchiligi tarixida alohida oʻrin egallaydi. Muarrix Abu Tohirxoʻja Samarqandiy bunday yozadi: “Samarqandda Amir Temur Koʻragon soldirgan bogʻlarkim, Eram gulistoni rashk qilar darajada, yettita ekan: birinchisi — Bogʻi Shimol — Samarqand shimolida. Devori Qiyomat ichida. Ikkinchisi — Bogʻi Baland. Uchinchisi — Bogʻi Behisht. Toʻrtinchisi — Bogʻi Chinor. Bu ikki bogʻ shaharning kunchiqar tomonida. Beshinchisi — Bogʻi Dilkusho boʻlib, Konigilning janub tomonida. Konigil Koʻhak daryosining yoqasida, Samarqandning eng goʻzal va chiroyli yeridir. Oltinchisi — Bogʻi Zogʻon — Shovdor tumanining shimol tomonida voqedir. Yettinchisi — Bogʻi Jahonnamo — Anhor tumanida boʻlib, togʻ etagiga yaqin yerda, Samarqandning janubida bunyod qilingandir”.

Bu eʼtirofda Sohibqiron barpo etgan bogʻlarning yettitasigina tilga olingan. Aslida, Samarqandning oʻzida Amir Temur oʻndan ortiq bogʻ qurdirgan.

Shu yil 2-aprel kuni mamlakatimiz yetakchisi boshchiligida respublika miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi. Xayrli tadbir doirasida Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi. Ushbu voqea bobomizning ezgu ishlari bugun ham davom ettirilayotganidan dalolat. Bir necha yil, aniqrogʻi, besh yil oldin boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup koʻchat ekilayotgani, oʻtgan davrda 2000 gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parki, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etilganini eʼtiborga olsak, bu ishlar davlat siyosati darajasida bajarilayotganini anglaymiz. Bundan tashqari, respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubidagi 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonlari barpo etildi. Shamol va qum-chang boʻronlari zararli taʼsirining oldini olish maqsadida 33 tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi. ­Umuman, qisqa muddatda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.

Xalqimizda yaxshidan bogʻ, yomondan dogʻ qoladi, degan naql bor. Ayni paytda ham Shahrisabz, Samarqand va boshqa shaharlarda Amir Temur davrida ekilgan, yoshi yarim asrdan oshgan chinorlar barq urib turganini koʻrganda bu hikmatning naqadar toʻgʻri ekaniga amin boʻlamiz. Bugun yerga qadalayotgan nihollardan ertaga farzandlarimiz manfaat koʻrishi — mevasini yeyishi, soyasidan bahramand boʻlishi, toza kislorodidan toʻ­yinib simirishini oʻylasak, belga quvvat, bilakka kuch, qalbga shijoat kiradi.

“Davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash bilan amalga oshirdim”

Sohibqiron bobomiz tuzuklarida “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushni qilich bilan amalga oshirdim”, deya xitob etgan. Bugungi dunyo mamlakatlari orasida ijtimoiy-siyosiy kelishmovchiliklar, iqtisodiy buhronlar avj olayotgan bir davrda ushbu ibora mohiyati yanada katta ahamiyat kasb etadi. Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos solgan Amir Temur ushbu soʻzlarni aytibgina qolmay, davlat boshqaruvi, tashqi siyosat, harbiy yurishlarda ushbu arkonga qatʼiy amal ham qilgan.

Shuningdek, Amir Temur hukmronligi yillari Buyuk ipak yoʻlidagi savdo-­sotiq, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayot eng gullagan davrlar sirasiga kiradi. Oʻsha paytda karvon yoʻli markazida joylashgan Samarqand, Buxoro kabi qadim kentlarimiz dunyoning savdo, tijorat, ilm-fan, madaniyat va sanʼat markazlari sifatida olamga mashhur boʻlgan.

Boisi, u yerda yirik bozorlar, saroy va qalʼalar qad rostlagani aholining farovon hayot kechirishiga zamin yaratgan boʻlsa, ilm-fan rivoji hisobiga buyuk allomalar yetishib chiqishi bu shaharlarga koʻchib keluvchilar oqimini muttasil oshirgan.

Shu oʻrinda bir faktga eʼtibor qaratish joiz. Amir Temur davrida gʻarbiy Yevropadan temuriylar davlatiga koʻplab elchilar, savdogarlar hamda davlat amaldorlari tashrif buyurgan. Mehmonlar izzat-ikrom bilan kutib olingan hamda temuriylar davlatining savlati va salohiyati ularning tilida dostonga aylangan.

Amir Temur saroyida boʻlgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo kundalik­larida sohibqiron hamda u tuzgan buyuk davlat haqidagi fikrlarini yozib qoldirgan. Hozir ushbu qoʻlyozma oʻsha davrdagi muhim manbalardan. Shuningdek, Italiya, Fransiya hamda Germaniyadan ham turli elchilar kelgan. Turli mamlakatlar bilan hamkorlik oʻrnatilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq qoʻshni mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlarni mustahkamlash, oʻzaro kelishmovchiliklarga barham berish siyosatini ilgari surdi. Uzoq yillar davom etib kelgan oʻzaro sovuq munosabatlarga barham berishga kirishildi. Aslida, Markaziy Osiyo xalqlari ming yillik qardoshlik aloqalari bilan bogʻlangan, taʼbir joiz boʻlsa, azaldan bir daryodan suv ichgan, qadriyatlari, urf-­odati yaqin boʻlgan xalqlardir. Quda-anda, qarindoshlik munosabatlari asrlar davomida shakllangan.

Keyingi yillarda Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi, oqilona tashabbus­lari hamda qoʻshni mamlakatlar rahbarlarining xayrixohligi, ezgu tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashi bilan mintaqada doʻstlik-birodarlik rishtasi mustahkamlandi. Hududda tinchlik-totuvlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari tiklandi. Oʻtgan yili bahorda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch mamlakatning davlat chegaralari tutashgan nuqta hududi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Chegaralar tutash hududda qad rostlagan “Doʻstlik stelasi” mamlakatlarimizning doʻstlik va mintaqaning tinchlik-totuvlik ramziga aylandi.

Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmanis­ton chegaralarining tutash hududi toʻgʻrisidagi shartnoma ilgariroq imzolangan edi. Bugun Markaziy Osiyodagi bahsli chegaralar masalasi butkul istiqbolli yechim topdi, deyish mumkin. Ilgari oʻz muammolariga oʻralashib qolgan davlatlar yagona musht kabi jipslashib, taraqqiyot sari dadil ildamlay boshladi. Shuningdek, qardosh turkiy mamlakatlar bilan ham oʻzaro manfaatli hamkorlik navbatdagi bosqichga koʻtarildi.

Bugun Oʻzbekiston eng rivojlangan mamlakatlar bilan yuqori darajada ijtimoiy-­iqtisodiy hamkorlik qilmoqda. Davlatimiz rahbarining oʻzaro teng va manfaatli ­hamkorlik haqidagi taklifi dunyo davlatlari nigohini mamlakatimizga qaratdi. Bu esa mamlakatimizga katta sarmoya oqimi kelishi hamda turli bunyodkorlik ishlari jadallashishiga zamin yaratdi.

Oʻtgan yili yurtimizda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida koʻplab kelishuv va shartnomalar imzolandi. Ushbu tadbirlarda Yevropa davlatlari bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

Bu natijalarga, albatta, davlatimiz rahbarining oqilona, uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati orqali erishilmoqda. Prezidentimiz oʻtgan vaqtda xalqaro siyosiy maydonda Oʻzbekiston imijini yuqori bosqichga koʻtardi. Buni davlatimiz rahbarining xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT sessiyalarida ilgari surgan takliflari tezda hayotga tatbiq etilayotganida ham koʻrish mumkin. Qisqasi, yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasini ilgari surgan davlatimiz rahbari oʻzbek xalqining ishonchi, xalqaro tashkilotlar vakillari, mintaqa va dunyo mamlakatlari rahbarlarining hurmat-­eʼtiborini qozonmoqda. Bu esa mamlakatimizning jadal surʼatda taraqqiy etishiga zamin hozirlayotir.

Mot boʻlmagan hukmdor

Markazlashgan davlat tuzgandan soʻng 100 dan ortiq harbiy yurishda biror marta magʻlub boʻlmagan Amir Temur shatranj (shaxmat)ga shunchaki ermak yoki vaqtini xush oʻtkazadigan mashgʻulot emas, balki hozirgi til bilan aytganda, taktik nazariy ­bilimlarni mustahkamlash vositasi sifatida qaragani manbalarda keltirilgan. Masalan, ingliz olimi, yozuvchisi Xilda Xukxem “Amir Temur koʻp vaqtini shatranj oʻyini ustida oʻtkazgan. U oʻz davrining mashhur shatranjchilari bilan bemalol bellasha olgan”, deya qayd etgan.

Yana bir tarixiy manbada esa harb ilmi va shatranjda tengsiz Sohibqiron bobomiz odatdagi shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, murakkab shaxmat turini yaratgani va unga “Shatranji komil” yoki “Shatranj al-kabir” deb nom bergani bayon etiladi.

Yana bir qiziq maʼlumot. Amir Temur davrida kuchli shatranjchilar Samarqandda jamlangan va oʻzaro dona surgan. Temur tashkil etgan musobaqalarda koʻp bor gʻolib­likni qoʻlga kiritgan tabrizlik ash-Shat­ranjiy (Alouddin Tabriziy) shatranj haqida kitob yozib, unda oʻzi hamda XIV asrgacha Markaziy Osiyoda yashagan koʻplab oliya (grossmeyster)lar haqida maʼlumot bergan. U hatto Sohibqiron bilan ham shatranj oʻynab turgan.

Bugun ham bunday musobaqalarning yurtimizda tashkil etilishi odatiy holga aylanmoqda. Masalan, joriy yil Samarqand shahrida 46-jahon shaxmat olimpiadasi boʻlib oʻtadi. Aql oʻyiniga qiziqish oʻzbek yoshlari uchun bobomerosdir. Bugun ham shaxmat har bir oʻzbek oilasining sevimli oʻyinlaridan. Sevimli oʻyingina boʻlib qolmay, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov kabi yoshlarimizni dunyoga tanitgan.

* * *

Voha tomonlarda bir qishloqdoshni tanish uchun “Isming nima?”, deb emas, “Kimlardansan?” degan savol beriladi. Bobongizning ismi yoki familiyasini aytib, javob berasiz. Soʻroqqa tutgan odamlar bobongiz qanday odam boʻlgani, qanday ishlar qilganini hisobga olib, sizga muomala qiladi. Soʻzingiz, amalingizga ishonchi ham shunga qarab shakllanadi.

Aslida, butun dunyoda shunday. Sababi qayerga bormaylik, biz — oʻzbeklarga Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek avlodlari sifatida qarashadi. Xalqaro maydonlarda ortiqcha gap-soʻz qilishdan iymanishlari bor gap. Ertaga avlodlarimiz ham mana shunday qadr-qimmat koʻrishi, davraning eng toʻrida oʻtirishi bizning bugungi saʼy-harakatlarimiz, farovon va taraqqiy etgan yangi Oʻzbekistonni ularga meros qilib qoldirishimizga bogʻliq. Bundan esa koʻnglim toʻq, nazarimda, 38 million nufusli yurtdoshlarimizning ham bu boradagi ishonchi mustahkam. Zero, keyingi 9-10 yilda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlida olamshumul oʻzgarishlar kuzatilyapti, tarixiy gʻalabalar, katta natijalarga erishilmoqda. Asosiysi, bu yoʻldagi saʼy-harakatlar susaygani yoʻq, islohotlar ortga qaytmas tus olgan.

Sanjar ESHMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri