Qarorga ko‘ra, 2026 yildan boshlab har yili quyidagilar o‘rtasida alohida-alohida “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi 4 bosqichda o‘tkaziladi:

  • muddatli harbiy xizmatchilar;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar;
  • oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari (kursantlar);
  • harbiy-akademik litseylar o‘quvchilari (o‘quvchilar).

Kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida vazirlik va idoralarning muddatli harbiy xizmatchilari, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari, kursantlari hamda o‘quvchilari orasidan:

  • 1-o‘rinni egallagan 4 nafar g‘olibning har biri Oliy Bosh qo‘mondonning bosh sovrini – elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi;
  • 2-o‘rinni egallagan 4 nafar sovrindorning har biri BHMning 100 barobari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlanadi;
  • 3-o‘rinni egallagan jami 4 nafar sovrindorning har biri BHMning 70 barobari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlanadi.

Kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati rag‘batlantirish tariqasida 1 oyga qisqartiriladi.