Bu qulay va zamonaviy. Ammo bu birvarakayiga katta xavflarni ham olib keladi. Aynan shu sababdan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 10-martda PF-38-sonli Farmonni imzoladi. Farmoning to’liq nomi: “O’zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to’g’risida”. Nomi murakkabroq tuyulishi mumkin, lekin mohiyati oddiy va hammaga tegishli. Bu hujjat mamlakatimizning raqamli olamda himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Kiberxavfsizlik nima va nega muhim? Kiberxavfsizlik deganda kompyuter tizimlari, internet tarmoqlari va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz kirishdan, o’g’irlikdan va buzilishdan himoya qilish tushuniladi. Bugungi kunda kiberjinoyatchilar shaxsiy ma’lumotlarni o’g’irlash, bank hisob raqamlariga noqonuniy kirib pul yechib olish, davlat tizimlarini ishdan chiqarish va boshqa jinoyatlarni amalga oshirmoqda. Bu muammo faqat biron-bir mamlakatga emas, balki butun dunyoga tegishli. O’zbekiston ham bu muammodan chetda qola olmaydi. Mamlakatimizdagi raqamli islohotlar tezlashib borayotgan hozirgi davrda davlat organlari, tibbiyot muassasalari, bank-moliya tizimi va fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyaga muhtoj. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, Prezidentimiz bu masalani davlat siyosatining ustuvor yo’nalishiga aylantirdi.

Farmonda nimalar belgilangan? Farmon bir necha muhim yo’nalishlarni qamrab olgan. Strategiyaning asosiy maqsadi milliy kiberbarqarorlikni mustahkamlash, muhim axborot infratuzilmasini himoya qilish va fuqarolar, xususiy sektor hamda davlatning raqamli xavfsizlik darajasini oshirishdan iborat. Ikkinchi muhim yo’nalish Kiberxavfsizlikni ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha Muvofiqlashtiruvchi milliy kengash tashkil etilishidir. Bu kengash O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi raisligida ish yuritadi. Ya’ni kiberxavfsizlik masalasi endi biror vazirlik yoki idoraning tor doirasida emas, balki davlatning eng yuqori darajasida muvofiqlashtiriladi. Uchinchi yo’nalish davlat organlarida kiberxavfsizlikni ta’minlovchi maxsus bo’linmalar tashkil etishdan iborat. Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, Soliq qo’mitasi va boshqa ko’plab davlat idoralarida Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo’limlari ochilib, ularda kamida to’rt nafar mutaxassis ishlashi belgilandi. Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya Vazirligida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash va raqamli huquq boshqarmasi” tashkil etildi. Shuningdek, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, “O’zarxiv” agentligi kabi tashkilotlarda ham kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo’linmalar yaratiladi.

Oddiy fuqaroga bu qanday ta’sir qiladi? Ko’pchilik “kiberxavfsizlik bu bizga emas, davlatga tegishli narsa” deb o’ylashi mumkin. Aslida esa bunday emas. Elektron hukumat xizmatlaridan foydalangan, onlayn to’lov qilgan, tibbiy muassasalarda elektron kartochka ochdirganda, shaxsiy ma’lumotlaringiz raqamli tizimda saqlanadi. Agar bu tizimlar himoyasiz bo’lsa, sizning ma’lumotlaringiz ham xavf ostida. Farmon fuqarolarning raqamli savodxonligini oshirish masalasini ham alohida belgilagan. Xususan, maktab o’quvchilari va talabalar uchun kiberxavfsizlik asoslari bo’yicha bepul onlayn kurslar taqdim etiladigan platformalar ishlab chiqiladi. Yuqori sinf o’quvchilari uchun esa tarbiyaviy soatlar doirasida kibermadaniyat mashg’ulotlari tashkil etiladi. Bu o’sib kelayotgan avlodning internetdan xavfsiz foydalanishga o’rgatishga qaratilgan juda muhim qadam.

Autsorsing va mustaqil ekspertlar. Farmonda e’tiborga molik yana bir jihat bor. Zarur kuch va vositalarga ega bo’lmagan davlat organlari kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun autsorsing xizmatidan, ya’ni shu sohadagi ixtisoslashgan tashkilotlar xizmatidan foydalanishlari mumkin bo’ladi. Ammo bu xizmatlardan faqat maxsus reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar orqali foydalanish mumkin bo’ladi. Bu tartib sifatsiz xizmatlar yoki soxta kompaniyalarning davlat tizimlariga kirib olishiga yo’l qo’ymaydi.

Bundan tashqari, davlat organlari axborot tizimlarida kiberxavfsizlik bo’yicha zaif jihatlarni aniqlash uchun mustaqil ekspertlar ishtirokida tanlovlar o’tkazish tartibga solinadi. Bu qancha xorijiy davlatlarda keng qo’llaniladigan “bug bounty” tizimiga o’xshash yondashuv bo’lib, zaifliklarni avval yaxshi niyatli mutaxassislar topib bersa, jinoyatchilar foydalanishiga imkon qolmaydi.

Xalqaro hamkorlik. Farmon faqat ichki chora-tadbirlar bilan cheklanmaydi. Strategiyada xalqaro kibermashg’ulotlarda ishtirok etish, xalqaro bitimlar tuzish va kiberhodisalarni qo’shma tekshirish yo’lga qo’yilishi belgilangan. Bu O’zbekistonning xalqaro axborot xavfsizligi tizimiga integratsiyalashuvida muhim qadam hisoblanadi. Bugungi globallashgan dunyoda kiberxavfsizlik faqat bitta mamlakatning muammosi bo’la olmaydi. Shuning uchun xalqaro hamkorlik zaruriy shart.

Xulosa qilib aytganda, PF-38-son Farmon O’zbekistonning raqamli kelajagini himoya qilishga qaratilgan jiddiy va keng ko’lamli hujjatdir. U nafaqat texnik muammolarni hal qilishga, balki jamiyatda kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish va mustahkamlashga yo’naltirilgan. Davlat organlari o’rtasida mas’uliyatni aniq belgilash, maxsus bo’linmalar tashkil etish, yoshlarni o’qitish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali mamlakatimizdagi raqamli muhit xavfsizroq va barqarorroq bo’ladi.

Raqamli texnologiyalar hayotimizni qulaylashtiradi, lekin bu qulaylik xavfsizlik bilan birga kelishi lozim. Prezidentimiz imzolagan ushbu Farmon aynan shu ikki qadriyatni birlashtirish yo’lidagi muhim qadam bo’ldi. Mamlakatimizdagi har bir fuqaro, har bir tashkilot va har bir davlat organi bu siyosatning asosiy ishtirokchisiga aylanadi.

 

Turg’unov Bunyodbek,
TDYU Jinoyat-protsessual huquqi
 sho’basi o’qituvchisi