Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, murojaatlarda aviareyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga o‘z vaqtida aniq axborot berilmasligi, xizmatlar sifati pastligi hamda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi kabi holatlar qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim holatlarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar bo‘yicha yo‘lovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagan. Bu esa fuqarolarning vaqti, mablag‘i va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi hamda iste’molchilar huquqlariga rioya etilishini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Qo‘mita aviakompaniyalardan raqamli platformalaridagi axborotlarni to‘liq taqdim etish va ularni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirishni so‘ramoqda.
Fuqarolar esa ushbu sohadagi taklif va e’tirozlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishlari mumkin.