Bu haqda IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xabar berdi.
13-iyul kuni soat 17:00 da Samarqand viloyati qo‘riqlash xizmati boshqaruv markaziga Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan banklarning biridan tashvishli xabar tushgan. Xabar asosida tezkor harakatlanuvchi guruhlar xodimlari voqea joyiga uch daqiqa ichida borganida, qishki kiyimda, yuzini niqob bilan yashirgan shaxs, qora rangli sumka ko‘targan holda bank ichida, o‘zida portlovchi modda borligini aytib, oynalarni sindirib, pul talab qilayotgani aniqlangan.
Vaziyatni tezkor nazoratga olgan boshqaruv markazi xodimlari zudlik bilan qo‘shimcha tezkor harakatlanuvchi guruh, ichki ishlar sohaviy xizmatlari va tez tibbiy yordam xodimlarini voqea joyiga yo‘naltirgan. Qo‘riqlash xodimlari dastlab fuqaro bilan masofaviy muloqotga kirishgan tarzda muzokaralar olib borgan. Muzokaralardan so‘ng tartibbuzar o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagan.
Aniqlanishicha, voyaga yetmagan fuqaro pullarni oson daromad topish manbayi sifatida tezkor qo‘lga kiritish niyatida bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.