Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, Navoiy viloyatining Karmana tumanida oqova suv tizimini barpo etish bo‘yicha muhim shartnomalar imzolandi.
Xususan, oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish, shuningdek, qurilish ishlari ustidan texnik nazorat va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi.
Marosimda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Fransiya taraqqiyot agentligi, qurilish va texnik nazorat kompaniyalari hamda «Ozsuvta’minot» AJ rahbariyati vakillari ishtirok etdi.
Kitobda ilk bor markazlashgan oqova suv xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Loyihaning aholi uchun eng muhim jihatlaridan biri — Kitob tumani markazida ilk bor markazlashgan oqova suv xizmati tashkil etilishidir.
Ayni paytda hududda kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Loyiha amalga oshirilgach, 63,4 ming nafar aholi oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi va qamrov darajasi 81 foizga yetkaziladi.
Shahrisabz shahrida esa oqova suv xizmatlari qamrovi hozirgi 8 foizdan 86 foizga oshiriladi. Bugungi kunda mazkur xizmatdan 19,6 ming nafar aholi foydalanayotgan bo‘lsa, loyiha yakunlangach, bu ko‘rsatkich 177 ming nafarga yetadi.
Umuman, Qashqadaryo viloyatidagi loyiha doirasida Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida jami 53 ming kub metr/sutka quvvatga ega 2 ta oqova suv tozalash inshooti quriladi.
Shuningdek, 521,2 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 10 ta nasos stansiyasi barpo etiladi.
Natijada 51 ta mahallada istiqomat qiluvchi 240,4 ming nafar aholi oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi.
Karmanada qariyb 50 ming kishi ilk bor xizmat bilan qamrab olinadi
Navoiy viloyatining Karmana tumanida ham oqova suv infratuzilmasini kompleks rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 9 800 kub metr/sutka quvvatga ega 1 ta oqova suv tozalash inshooti, 161 kilometr oqova suv tarmoqlari va 5 ta nasos stansiyasi quriladi.
Natijada tumandagi 14 ta mahallada yashovchi 54,9 ming nafar aholining 49,4 ming nafari ilk bor oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi. Hududda xizmatlar qamrovi 90 foizga yetkaziladi.
Loyihalar qiymati 119 million yevro
Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 119 million yevroni tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi qarz bitimi 2022 yil 25 martda imzolangan.
Bundan tashqari, loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa Ittifoqi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi orqali 8,15 million yevro miqdorida grant ajratilgan.
Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligining xarid yo‘riqnomalari asosida ikki bosqichli tender savdolari o‘tkazilgan.
Tender natijalariga ko‘ra, Shahrisabz qurilish paketi bo‘yicha batafsil loyihani ishlab chiqish va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun Alkatas Insaat ve Taahut A.S. (Turkiya) va MESMER-EAST LLC kompaniyalari, Navoiy qurilish paketi bo‘yicha esa Alkatas Insaat ve Taahut A.S. (Turkiya) kompaniyasi g‘olib deb topilgan.
Qurilish ishlarining texnik nazoratini DOHWA Engineering Co., Ltd. (Koreya) va SAFEGE S.A.S. (Fransiya) kompaniyalari amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.
Shahrisabz, Kitob va Karmanada amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar zamonaviy oqova suv infratuzilmasini shakllantirish, aholining kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Imzolangan shartnomalar loyihalarni bevosita amalga oshirishning yangi bosqichini boshlab beradi.