— Harbiy xizmatni taxminan o‘n besh-yigirma yil oldin Surxondaryoda o‘taganmiz. U paytlari Termiz chegara va yopiq shahar edi. Qo‘shni davlatlar bilan chegara yo‘li butunlay yopilgan, boshqa viloyatdan kelgan mehmon ham viloyat ichidagi postlarda to‘xtayverib, tinkasi qurirdi. Xorijlik sayyohlarni-ku, kamdan-kam ko‘rardik, — deydi u xotirlab. — Keyingi yillarda ziyorat va tog‘ tabiatidan bahra olish maqsadida tez-tez borib turibmiz. Surxondaryo — sayyohlar talpinayotgan joy.

Ha, voha — O‘zbekistonning eng jadal rivojlanayotgan sayyohlik hududlaridan. Keyingi yillarda viloyatga kelayotgan sayyohlar keskin ko‘paygani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Masalan, joriy yilning 9 oyi davomida Surxondaryo viloyatiga 2 million 500 mingga yaqin mahalliy, 750 mingdan ko‘p xorijlik sayyohlar kelgan. Hududda turizm xizmatlari eksportidan esa 130,5 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan.

— Vohamizga sayyohlar asosan ziyorat, tibbiyot, ta’lim, etno, gastronomik, arxeologiya va ekosayohat maqsadida kelmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatda turizm¬ning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli loyihalar amalga oshirilmoqda. Aslida, Surxondaryoning turizm salohiyati ancha yuqori, 1 milliard dollarga baholanadi, — deydi Surxondaryo viloyati turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bekzod O‘rozov. — Joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatga kelgan sayyohlarning katta qismi tibbiyot va sog‘lomlashtirish xizmatlaridan foydalangan. Bu mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi istiqbolli ekanini ko‘rsatadi.

Xo‘jaipok tuz koni, Sangardak sihatgohi, Xo‘jaipok daryosi, Termiz qumli hududi kabi o‘nlab sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya markazlari tufayli voha qo‘shni mamlakatlar uchun o‘ziga xos “tibbiyot xabi”ga aylanib boryapti.

Viloyatning turistik jozibadorligini yanada oshirib, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun salmoqli ishlar bajarildi.

— Surxon vohasida sayyohlarni qabul qilish uchun 2627 o‘rinli 61 ta mehmonxona, 1342 o‘rinli 35 ta xostel va 1308 o‘rinli 140 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida yana 4 ta mehmonxona, 4 ta xostel va 9 ta oilaviy mehmon uyi qurilib, foydalanishga topshirildi, — deydi Surxondaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish direksiyasi bosh mutaxassisi Norquvvat Nurmatov. — Shuningdek, viloyatga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha 2026 yil yakuniga qadar aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Yil oxirigacha vohaga keladigan xorijliklar sonini 900 mingga, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida keladigan mahalliy sayyohlar sonini 1 million 748 mingga yetkazish reja qilingan.

Yurtimizda sayyohlik infratuzilmasiga sarmoya kiritish niyatidagi investorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida Boysundagi “BЕK” mehmonxonasiga 1 milliard 525 million, Denovdagi “Denov Plaza” mehmonxonasiga 525 million, “Sumbula” mehmonxonasiga 225 million, Sariosiyodagi “Oqshom” mehmonxonasiga 150 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan.

Prezidentimizning 2024 yil 16 dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatning 3 ta hududida turistik markazlar tashkil etildi. Jumladan, Sariosiyo tumanida qiymati 11,7 million dollarlik dor yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi. Uzunligi 1558 metr bo‘lgan mazkur dor yo‘li yiliga 800 minggacha sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Sherobod tumanidagi tuz koni hududida esa qiymati 12,2 million dollarlik “Salomatlik turizm shaharchasi” tashkil etilmoqda. Mazkur majmua nafas yo‘llari, allergik va boshqa kasalliklarni tuz g‘orlari orqali davolash usuliga ixtisoslashgan yirik markazlardan biri bo‘ladi.

— Joriy yil davomida viloyatda turizm yo‘nalishida umumiy qiymati 38,4 million dollarlik 18 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 361 ta yangi ish o‘rni ochish reja qilingan, — deydi Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyati mudiri Botir Safarboyev. — Shuningdek, Sariosiyo va Sherobod tumanlarida jami 23,9 million dollarlik 2 ta yirik turizm loyihasi boshlandi.

Voha qo‘shni uchta davlat bilan chegaradosh. Shu sabab, viloyatga keluvchi sayyohlar uchun transport va aviatsiya qatnovini yaxshilash, yangi yo‘nalishlarni ochishga alohida e’tibor qaratilgan.

— Shu yil may oyidan boshlab “Termiz — Istanbul — Termiz” yo‘nalishida “Flykhiva” aviakompaniyasi tomonidan muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yildi, — deydi Surxondaryo viloyati transport bosh¬qarmasi bosh mutaxassisi Kozim Boybo‘riyev. — Shu bilan birga, “Toshkent — Sariosiyo — Toshkent” yo‘nalishida “Silk Avia” tomonidan muntazam aviaqatnovlar boshlandi. Chorak asr davomida foydalanilmay kelgan Sariosiyo aeroporti faoliyati tiklanib, muntazam parvozlar amalga oshirilyapti.

Mutaxassislar fikricha, Surxon vohasining sayyohlik salohiyati hali to‘la ochilmagan. Unda yuqori darajadagi iqtisodiy va turistik imkoniyatlar yashirin. Bu boradagi yangi tashabbus va loyihalar ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Bugun sayyohlarni viloyatga chorlayotgan kuch esa boshlangan islohotlarning dastlabki natijalaridir.

Sarvar TO‘RAYEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri