Mazkur qarorga muvofiq, Soliq qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan Soliq oliy maktabi soliq sohasi uchun zamonaviy va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Oliy maktabda oʻqish muddati kamida 3 yil boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027/2028 oʻquv yilidan esa magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichlari yoʻlga qoʻyiladi.
Oliy maktabda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:
- soliqlar va soliqka tortish;
- raqamli soliq maʼmurchiligi;
- soliq huquqi;
- moliyaviy nazorat.
Bitiruvchilar davlat namunasidegi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditorlik malaka sertifikatlarini olish uchun maxsus oʻquv kurslarini tugatganlik haqida hujjat ham oladi.
Shuningdek, ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritgan talabalarining oʻqish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplab beriladi.
Qaror bilan Oliy maktab tarkibidagi Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyati ham kengaytirilmoqda. Markazda sunʼiy intellekt asosidagi raqamli soliq maʼmurchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu yerda soliq islohotlarining iqtisodiyotga taʼsiri oʻrganilib, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro «aql markazlari» bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
2026 yil 1 avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishi majburiy tartibda yoʻlga qoʻyiladi. Ilk bor ishga qabul qilingan xodimlar uchun esa 3 oygacha davom etadigan maxsus moslashuv (onboarding) kurslari tashkil etiladi.
Yoshlarda soliq madaniyatini shakllantirish maqsadida har yili maktab oʻquvchilari, kollej va texnikum oʻquvchilari hamda talabalar oʻrtasida «Soliq bilimdonlari» koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi. Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xohishiga koʻra Soliq oliy maktabiga imtiyozli yoʻllanma asosida qabul qilinadi.