Maqsad — surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash hamda aholining tibbiy xarajatlar bo‘yicha moliyaviy yukini yengillashtirishdan iborat.
Joriy yilning yanvar–iyun oylari davomida mazkur dastur doirasida mamlakatimiz bo‘yicha jami 1 716 578 nafar bemorga xizmat ko‘rsatildi va ularga 3 713 563 ta elektron retsept rasmiylashtirildi.
Bemorlar shartnoma tuzilgan dorixonalardan olgan bepul preparatlar uchun Jamg‘arma hisobidan jami 154,5 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Bu esa uzluksiz davolanishni talab qiluvchi minglab fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Hududlar kesimida eng ko‘p mablag‘ Toshkent shahri (31,0 mlrd. so‘m), Buxoro (23,8 mlrd. so‘m) va Xorazm (22,6 mlrd. so‘m) viloyatlariga yo‘naltirildi. Dasturdan foydalanish va bepul dori-darmonlarga bo‘lgan ehtiyoj ko‘rsatkichi yanvar oyidagi 16,7 mlrd. so‘mdan iyun oyiga kelib, 28,5 mlrd. so‘mgacha oshdi.