Qonun sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Hujjatga koʻra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda quyidagi organlar faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlar nazarda tutiladi:
— Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi.
Qonunga muvofiq, sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash vakolati tegishli organlarga yuklatilgan.
Jumladan, Konstitutsiyaviy sud uchun ajratilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan, Oliy sud uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, Sudyalar oliy kengashi uchun esa — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan taqsimlanadi.
Harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman va shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar hamda tumanlararo maʼmuriy sudlar uchun ajratilgan mablagʻlarni esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti taqsimlaydi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.