Uchrashuvda oliy taʼlim tizimida ingliz tilini oʻqitish sifatini oshirish, zamonaviy raqamli taʼlim texnologiyalari va sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etish hamda ushbu yoʻnalishda strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yilning mart–iyun oylarida Efekta platformasi bilan hamkorlikda kasbiy taʼlim muassasalarida pilot loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 3 770 nafardan ortiq oʻqituvchi va oʻquvchi platforma imkoniyatlaridan bepul foydalanish imkoniga ega boʻldi. Ularning 77 nafari ingliz tili boʻyicha keyingi daraja sertifikatini qoʻlga kiritdi.
Uchrashuv yakunida oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun Efekta platformasi orqali ingliz tilini oʻqitish boʻyicha pilot loyihani amalga oshirish yuzasidan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Efekta — CEFR standarti asosida A1dan S2gacha boʻlgan barcha darajalarni qamrab olgan, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida ingliz tilini oʻqitish va baholash imkonini beruvchi xalqaro taʼlim platformasi hisoblanadi.