Tahlil natijalariga koʻra, tungi yorugʻlik intensivligi ortishi hududlarda iqtisodiy faollik va shahar infratuzilmasi jadal rivojlanayotganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, shahar tipida rivojlanayotgan hududlar soni ham sezilarli darajada koʻpaygan.
Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari rasmiy statistika bilan yuqori darajada mos kelgan. Jumladan, 2020–2025-yillarda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 80,3 foizga oʻsib, 2 090 dollardan 3 887 dollarga yetgan. Rasmiy maʼlumotlarda esa bu koʻrsatkich 81,8 foizni tashkil etib, 2 048 dollardan 3 881 dollargacha oshgan.
Yirik shaharlar orasida eng yuqori oʻsish Toshkent shahrida qayd etildi — aholi jon boshiga YAHM 2025-yilga kelib 9,3 ming dollarga yetdi. Shuningdek, Navoiy shahri (9,3 ming dollar), Zarafshon (7,9 ming), Samarqand (7,2 ming), Qoʻqon va Andijon (6,7 ming) kabi shaharlarda ham yuqori iqtisodiy faollik kuzatildi.
Kichik va oʻrta shaharlarda ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Xususan, Termiz shahrida aholi jon boshiga YAHM 5,1 ming dollarni, Margʻilon va Chirchiqda qariyb 5 ming dollarni, Namanganda esa 4,8 ming dollarni tashkil etdi.
Tumanlar kesimida eng yuqori oʻsish Mirobod, Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda aholi jon boshiga YAHM 10 ming dollardan oshib, respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan bir necha barobar yuqori boʻldi.
Shu bilan birga, yuqori iqtisodiy faollikka ega hududlar soni ham ortib bormoqda. 2020–2025-yillarda tungi yorugʻlik intensivligi yuqori boʻlgan hududlar 22 tadan 31 taga yetgan. Aksincha, past koʻrsatkichli tumanlar soni 129 tadan 85 taga qisqargan. Bu esa 44 ta tuman shahar tipida rivojlanish bosqichiga oʻtganini koʻrsatadi.
Mutaxassislar fikricha, tungi yorugʻlik maʼlumotlari iqtisodiy jarayonlarni tezkor baholashda muhim vosita boʻlib, u rasmiy statistikani samarali toʻldirishi mumkin. Bunday yondashuv yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va investitsiya hamda infratuzilma siyosatini manzilli yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.