Tayinlov xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistraturasi bitiruvchisi Baxtiyor Rahimjonovich Inoqov viloyat IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
Sessiyada viloyatdagi kriminogen vaziyat va jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning hisobot davrida viloyatdagi 723 ta mahallaning 73 foizida, ya’ni 528 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Xodimlarning tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni ham 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahallaning «qizil» toifada qolayotgani tanqid qilindi.
Yangi tayinlangan rahbarga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlaridan esa jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan omillarni manzilli bartaraf etish va mahallalar kesimida natijadorlikni oshirish talab qilindi.