«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda bir qator holatlarni aniqlagan.
Jumladan, Denov tumanida 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sotish maqsadida saqlab kelingan 1 kilogramm 7 gramm «opiy» va 998 gramm «gashish» aniqlangan.
Tumaning yana bir hududida 1986 va 1966 yillarda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan ikki nafar shaxs 491 gramm «gashish»ni shartli xaridorga 85 million so‘mga sotgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, Termiz shahrida 2003 yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi «Termiz xalqaro savdo markazi» hududida 506 gramm «opiy»ni shartli xaridorga 2 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, u giyohvandlik vositasini qo‘shni davlatdan yashirin ravishda olib kirishda o‘z ichki organidan «tirik konteyner» sifatida foydalangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.