Ushbu savolni bugungi jamiyatga qarab emas, bir lahzagina oʻzimizga qarata bersak, uning javobi yanada ogʻirlashadi.

Yashash faqat kun oʻtkazishdan iborat emas, u maʼno izlash, qadriyatlarga suyanish, oʻzlikni saqlash, shuningdek, farzand tarbiyasida, mehnatda va munosabatlarda oʻz izini qoldirishdir. Axir inson hayoti uning qanday vaqt oʻtkazgani emas, balki nima uchun yashagani bilan belgilanadi. Xoʻsh, biz bu tushunchalarni qayerdan oʻrganganmiz?

Bir paytlardagi oddiy oʻzbek xonadonlarini eslaylik. Kechqurun oila davrasida, choy ustida dildan suhbatlar boʻlardi. Kattalar hayotidan misollar keltirar, kichiklar esa tinglardi. Bu shunchaki vaqt oʻtkazish emas, balki tarbiya va maʼrifat edi. Birgina oddiy gap yoki nasihat kimningdir butun hayotiga taʼsir qilib, uni oʻzgartirib yuborishi mumkin edi.

Yana bir misol: ilgari kitob oʻqish faqat bilim olish vositasi emas, balki atrofdagilarning hurmatini qozonishga sabab boʻladigan omil edi. Qishloqlarda ham, shaharlarda ham kitobxon va ziyoli odamga alohida ehtirom koʻrsatilardi. Chunki u ilgʻor fikrlovchi hamda bilimli inson sifatida qadrlanardi.

Bugun-chi?

Bugun oʻsha choy ustidagi suhbatlarning oʻrnini telefon egalladi. Bir xonadonda oʻtirgan odamlar bir-biri bilan emas, ekran bilan “suhbatlashmoqda”. Ular bir-birini eshitmaydi, lekin tarmoq orqali boshqalarni kuzatib, aksariyat hollarda bekorchilikdan ularning ortidan gʻiybat qiladi.

Toʻylarimizga nazar tashlaylik. Ilgari toʻyda qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar diydorlashib, dildan samimiy suhbat qurar, yoshi ulugʻlarning duosi olinardi. Asosiysi, toʻyga elga dasturxon yozib siylash va diydor vositasi deb qaralardi. Bugun-chi? Bugun toʻylarimizni yangicha udumlar oʻylab topiladigan bellashuv maydoni desak ham boʻladi. Eng yomoni shuki, buni kattalarimiz, quda-andalarning oʻzi boshlab beryapti: kimdir uzuk taqqan, kimdir qudasining boʻyniga puldan “marjon” osgan, yana birov umra ziyoratiga yoʻllanma sovgʻa qilgan.

Bu qatordan yoshlar qolib ketsa boʻlmas! Ular ham koʻz koʻrib, quloq eshitmagan udumlarni oʻylab topishmasa, zamon zamon boʻlmay qoladigandek: qaysidir kuyov oʻz jufti bilan oqqush raqsiga tushmoqda, boshqa bir kelin kuyovga atab qoʻshiq kuylamoqda, ayrimlari esa hammaning koʻz oʻngida tort tufayli kaltaklanmoqda. Hozir esa toʻy koʻp hollarda shunchaki koʻz-koʻz qilish marosimiga aylanib bormoqda: kim nima kiydi, qanday videolar olindi, ijtimoiy tarmoqqa qanday joylandi — shular muhimdek. Toʻyning mohiyatida yashash emas, balki uni namoyish qilish asosiy oʻringa chiqqan. Unutmaylik, toʻy odamlar uchun qilinsa, qadriyat, kamera uchun qilinsa, tomoshaga aylanadi.

Mahalladagi munosabatlar-chi? Ilgari qoʻshnining dardi ham, quvonchi ham umumiy boʻlardi. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naqlga amal qilinib, haddidan oshish, kibrga berilish yoki koʻz-koʻzlash holatlari kuzatilsa, qoʻni-qoʻshnilar dakki berardi. Natijada bugungidek koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangi udumlar urchimasdi.

Bugun esa bir-birini tanimaydigan qoʻshnilar koʻp. Lekin shu insonlar tarmoq orqali boshqa birovning hayotini soatlab kuzatishi mumkin. Afsuski, bu paradoks ijtimoiy hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Bunday oʻzgarishlarni faqat “zamona zayli” deb tushuntirish oson. Lekin bu yerda yana bir chuqur jarayon turibdi: odamlar asta-­sekin jamiyat ishtirokchisidan tomoshabinga aylanib bormoqda.

Nil Postman bir paytlar media jamiyatni koʻngilochar shaklga burib yuborayotganini taʼkidlagan edi. Bugun biz bu fikrning tasdigʻini oʻz hayotimizda koʻryapmiz: hatto jiddiy mavzular ham qisqa, taʼsirli, lekin yuzaki formatga aylanib qolmoqda.

Gi Debor esa jamiyat tomoshagohga aylanadi degan edi. Buni tushunish uchun uzoqqa borish shart emas: ijtimoiy tarmoqlarda har kim oʻz hayotining borini emas, balki uning faqat eng chiroyli parchasini namo­yish etadi. Boshqalar esa shu parchani yaxlit haqiqat deb qabul qiladi.

Buning psixologik taʼsiri ham juda ogʻir. Yoshlar orasida tez mashhur boʻlish istagi kuchayib boryapti. Sabr, mehnat va bilim kabi qadriyatlar orqaga surilyapti. Chunki ular tez natija bermaydi-da. Lekin ekrandagi muvaffaqiyat oson va tez qoʻlga kiritilgandek koʻrinadi. Yoshlar orasida tez mashhurlikka intilish shunchaki orzu emas, balki atrof-muhit taʼsirining samarasi. Chunki ular koʻrayotgan dunyoda mehnat jarayoni emas, faqat natijada erishilgan yutuq namoyish qilinadi.

Yana bir ogʻriqli holat: kitob oʻqish kamaymoqda, biroq axborot isteʼmoli ortib bormoqda. Yaʼni inson koʻp narsa koʻryapti, lekin kam narsani anglayapti. Bu esa fikr­lash tarzining yuzakilashuviga olib keladi. Qisqa qilib aytganda, kitob insonni tafakkur qilishga undasa, ijtimoiy tarmoq uni shunchaki reaksiya bildirishga oʻrgatadi. Fikrlash sekin jarayon, reaksiya esa tezkor boʻlgani uchun koʻpchilik vaqtdan yutdik deb oʻylab, haqiqiy yashash baxtini boy bermoqda.

Eng dahshatlisi shundaki, tugʻilishi bilan onasi tomonidan qoʻliga telefon berib ovutilayotgan bugungi avlodning sogʻligʻi va kelajagi xavf ostida. Chunki telefon bilan ovunayotgan yosh avlod orasida “raqamli autizm” (ekran oldida haddan tashqari koʻp vaqt oʻtkazish natijasida jonli muloqot koʻnikmalarining yoʻqolishi, empatiyaning pasayishi va atrof-muhitga qiziqishning kamayishi bilan tavsiflanuvchi holat), koʻz nurining xiralashishi kabi tashxislar sezilarli darajada ortib bormoqda. Endi tasavvur qilib koʻring: agar bu holat davom etsa, kelajak avlod qanday ahvolga tushadi? Bu haqida oʻylashning oʻzi dahshat.

Ekran orqali ovutilayotgan bola jim boʻlishi mumkin, lekin u odatdagidek rivojlanmaydi. Axir jonli muloqot, hissiy aloqa va atrof-muhitni oʻrganish bola uchun asosiy ehtiyoj va ruhiy ozuqa-ku! Agar bu ehtiyoj ekran bilan almashtirilsa, natijada muloqotdan qochadigan, empatiyasi past va diqqati tarqoq avlod shakllanadi.

Shu oʻrinda yuqoridagi savolni yana tak­rorlaymiz: agar shu tarzda davom etsak, kelajagimiz qanday boʻladi? Qadriyatlar qayerga yoʻqoladi? Milliy ruhni kim saqlab qoladi? Lekin eng muhim burilish bu savollarni oʻzimizga berishdan boshlanadi: men oʻzi nima qilyapman? Farzandimga nimani koʻrsatyapman — ekrannimi yoki kitobni? Men suhbatni tanlayapmanmi yoki sukutni? Oʻz hayo­timni yashayapmanmi yoki faqat boshqalarnikini kuzatyapmanmi?

Chunki jamiyatni chetdan kimdir kelib oʻzgartirib bermaydi. Uni har kuni oʻz tanlovlarimiz orqali oʻzimiz shakllantiramiz.

Buning yechimi katta emas, lekin juda muhim: oilada jonli suhbatni yana tiklash —
muhim islohot. Kitobni qoʻlga olish — ezgu kurash. Farzandga vaqt ajratish — kelajakka kiritilgan sarmoya. Mazmunli fikrni boʻlishishning oʻzi ham bir maʼrifatdir.

Yana oʻsha savolni beramiz, lekin bu safar u yurakka yaqinroq jaranglaydi: biz haqiqatan yashayapmizmi yoki faqat tomosha qilyapmizmi?

Agar faqat tomoshabin boʻlib qolsak, bizning oʻrnimizga kim yashaydi? Agar biz qadriyatlarimizni asramasak, ularni kim saqlab qoladi?

Buning javobi ogʻir. Lekin u mavjud. Va u har birimizning kundalik tanlovimiz ­zamirida yashiringan.

Ahror JABBOROV,

Jurnalist