Ayniqsa, sun’iy intellektning ta’lim tizimiga kirib kelishi an’anaviy o‘qitish usullarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Chunki u nafaqat ma’lumotlarni qayta ishlash, balki o‘quv jarayonini shaxsiylashtirish, o‘quvchi va talabalarning individual ehtiyojlarini aniqlash hamda ularga mos ta’lim trayektoriyasini shakllantirish imkonini beradi. Qolaversa, raqamli savodxonlik, sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bugun har qachongidan muhim.

— Aslida, sun’iy intellekt yangi tushuncha emas, — deydi “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi qoshidagi Yangi raqamli texnologiyalarini o‘qitish markazi boshlig‘i Saydiahrol Saydiakbarov. — U shu paytgacha ham bor edi. Faqat ChatGPT keng jamoatchilikka taqdim etilganidan so‘ng ko‘p narsa o‘zgardi. Gap texnologiyaning ixtiro qilinishida emas, balki uning demokratlashuvi, ya’ni hamma uchun ochiq bo‘lishi va erkin foydalanish imkoniyatini berishida.

Ta’lim tizimi sun’iy intellektga to‘liq tayyor deb ayta olmayman. Hali ham internet yetib bormagan va kompyuterga ehtiyoji bor maktablar mavjud. Qolaversa, o‘qituvchilarning raqamli savodxonligi ham yetarli emas. Shu bois, tizimda SIdan foydalanish haqida to‘liq gapirishga hali erta. Chunki undan shoshilib, o‘ylamasdan foydalanish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Sun’iy intellekt ta’lim jarayonida o‘qituvchi va talabaning intellektual faoliyatini almashtiruvchi vosita emas, balki tahlil, izlanish va o‘quv faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi yordamchi texnologiya sifatida qo‘llanilishi maqsadga muvofiq. Shu bois, undan samarali va to‘liq foydalanish uchun aniq maqsadli, asoslangan strategiyasi hamda metodik yondashuvi ishlab chiqilishi zarur.

Bugungi kunda o‘quvchilar uy vazifasini ChatGPT orqali yechayotgan, talabalar kurs yoki diplom ishini sun’iy intellekt platformalarida yozdirayotgan holatlarni inkor eta olmaymiz. Bunday yondashuv yoshlarda mus¬taqil fikrlash, tahlil qilish va muammoni yechish ko‘nikmalari yetarli rivojlanmasligiga sabab bo‘ladi. Va albatta, bilimning yuzaki o‘zlashtirilishi va ta’lim sifati tushib ketishiga olib keladi.

Bu vaziyatda sun’iy intellektni boshqarish yoki shu ko‘rinishda qoldirish kerakmi degan savol yuzaga kelishi tabiiy. Bir eslab ko‘ring, kalkulyator paydo bo‘lganda odamlarda bolalar hisoblashni unutib qo‘ysa kerak degan hadik bo‘lgan. Lekin maktablarda matematika o‘qitilishda davom etdi, fan sifatida rivojlandi. Vaholanki, faqatgina yondashuv o‘zgardi, oddiy hisoblashdan muammoni tushunish, mantiq tomonga qadam qo‘yildi. Hozir ham shunday burilish bir nuqtasida turibmiz.

Bugungi kunda ChatGPT kabi til modellari assistent sifatida juda qo‘l kelmoqda. Ular ma’lumotlarni tezkor tizimlashtirish, tahlil qilish va zarur qismlarini ixcham ko‘rinishga keltirishda samarali yechimlar taqdim etadi. Har bir kompaniya bir nechta model taqdim qiladi. Ular quvvat, tezlik va narx jihatidan farq qiladi. Murakkab vazifalar uchun kuchliroq, oddiy vazifalar uchun esa tezroq va arzonroq modelni tanlash mumkin. Har bitta model tor doirada qaysidir soha uchun ixtisoslashgan bo‘ladi. Amaliyotda foydalanuvchilar turli modellarni turli maqsadlarda sinab ko‘radi: kimdir kod yozishda, kimdir matn tahlilida, yana kimdir tasvirlar bilan ishlashda u yoki bu modelni qulayroq deb topadi. Tanlov ko‘pincha shaxsiy tajriba va aniq vazifaning talabiga bog‘liq.

Sun’iy intellekt o‘qituvchining eng ko‘p vaqt talab qiladigan, biroq yuqori darajada ijodiy yondashuvni talab etmaydigan vazifalarini avtomatlashtirish imkonini beradi. Masalan, test topshiriqlarini tekshirish, baholash va natijalarni tahlil qilish kabi jarayonlar sun’iy intellekt yordamida qisqa vaqt ichida amalga oshirilishi mumkin. Ilgari bunday ishlar o‘qituvchidan qo‘shimcha vaqt va mehnat talab qilar, ular ko‘pincha darsdan tashqari vaqtda yoki yordamchilar ishtirokida bajarilar edi. Bugungi kunda esa test topshiriqlarini tekshirish, o‘quvchilarning savollariga dastlabki javoblarni shakllantirish va boshqa muntazam takrorlanuvchi vazifalarni sun’iy intellekt zimmasiga yuklash imkoniyati mavjud. Bu esa o‘qituvchiga ko‘proq vaqtni ta’lim jarayonining ijodiy va pedagogik jihatlariga, xususan, dars mazmunini takomillashtirish, o‘quvchilar bilan individual ishlash va ularning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini beradi.

Mutaxassisning fikricha, SI hech qachon pedagog o‘rnini bosa olmaydi. Chunki o‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, tarbiyalovchi hamdir. Pedagog bola darsda charchagani, uyida muammosi borligi, ko‘zidagi qiziqish yoki qo‘rquvni ilg‘aydi va unga alohida yondashadi. Bu insonga xos omil. Sun’iy intellekt bu narsani tushunmaydi.

Lekin u o‘quvchi uchun individual ta’lim trayektoriyasini qisman yarata oladi. Chunki an’anaviy sinfda barcha bir xil darajada o‘qiydi, deya olmaymiz. Hammaga bir xil yondashuvni qo‘llab bo‘lmaydi. Kimdir matematikani yaxshi o‘zlashtiradi, lekin geografiyadan ortda qoladi. Yana kimdir geometriyani sekin tushunadi. Adaptiv tizimlarda har bir bolaning qayerda qiynalayotganini aniqlab, darsni unga moslash mumkin. Masalan, bola kvadrat tenglamalarni doim xato bajarayotgan bo‘lsa, tizim orqaga qaytib, uning ildizini, ya’ni qayerda qiynalayotganini aniqlashtiradi va bo‘shliqni topadi, o‘sha joydan tuzatishlarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, plagiat, ya’ni ko‘chirmachilikka o‘xshagan jiddiy xavflar bor. Bu mustaqil fikrlashni so‘ndirishi tabiiy. Tayyor ma’lumotlarni olishga o‘rganib qolish bilimni sayozlashtiradi. Boshqaning mualliflik ishiga daxl qilish akademik halollikka putur yetkazadi. Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bor. U hozir yolg‘on gapirishda juda ham usta bo‘lib ketgan. Xato qilmaslik uchun undagi ma’lumotlarni tekshirib olish, mualliflik huquqini yoddan chiqarmaslik zarur.

Oshkoralik madaniyatini shakllantirish kerak. Akademik halollikka rioya qilgan holda sun’iy intellektdan foydalanish ish va o‘qishda samarali bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa uni yordamchi vosita sifatida ishlatish, foydalanuvchi o‘z fikri va mehnatini uning o‘rniga almashtirmaslik kerak.

Sun’iy intellekt tufayli yangi kasblar paydo bo‘ladi va ta’lim tizimi bu o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak. Misol uchun, darsliklar borgan sari jonli, interaktiv bo‘lib boradi. Baholash, imtihon jarayonlari kameralar orqali to‘liq nazorat qilinadi. O‘qituvchilar bilim manbaidan yo‘lboshchi, tarbiyachi, murabbiyga aylanadi. Sun’iy intellekt bilan ishlash muhandisi kabi yangi kasblar yanada ommalashadi. Chet el universitetlarida bo‘lgani kabi ta’lim ma’lumotlari tahlilchisi degan tushuncha kirib keladi. O‘quvchilar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, qaror chiqarish uchun yordam beradigan kasb bo‘ladi. Sun’iy intellekt etikasi bo‘¬yicha mutaxassisga ehtiyoj seziladi. Inson bilan mashina o‘rtasida o‘zaro moslashtiruvchi texnolog kasbi paydo bo‘ladi.

Sun’iy intellektni qo‘llash masalasida O‘zbekistonda imkoniyatlar katta. Mamlakatimiz aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar texnologiyani tez o‘zlashtiradi. Bu — katta ustunlik.

Mamlakatimizda raqamli texnologiyalar rivojiga katta e’tibor qaratilyapti. Davlat xizmatlari raqamlashtirildi, fuqarolarga onlayn xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda. Dasturchilar, startaplar va AT kompaniyalar uchun qulay shart-sharoit¬lar yaratilmoqda, texnologik parklar va innovatsion markazlar faoliyati rivojlantirilmoqda. Maktablar, kollejlar va oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiya¬lari va dasturlash bo‘yicha ta’lim kengaytirilyapti. Onlayn ta’lim platformalaridan foydalanish ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Bular yaxshi, albatta. Ammo muammo¬lar ham yo‘q emas. Eng katta muammo o‘zbek tilida ma’lumotlar kamligi, ya’ni sifatli raqamli kontentlarni sun’iy intellekt modellarida o‘qitish hali yetarli darajada emas. Ko‘plab ma’lumotlar ingliz tilida. O‘qituvchilarning raqamli malakasi rivoj-langan mamlakatlar pedagoglari malakasi bilan solishtirganda ancha sust. Ma’lumotlarning xavfsizligi va bolalar o‘zlarining shaxsiy ma’lumotini himoya qilish masalasi ham e’tibortalab mavzu. Bu bizning zaif nuqtamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan ochiq ma’lumotlar xavfsizligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Umuman olganda, sun’iy intellektning kelajakdagi rivojlanish salohiyati juda katta. Hozirgi kunda zamonaviy kompaniya¬lar sun’iy intellektga moslashgan mobil qurilmalar — telefonlar, quloqchinlar, hatto ko‘zoynaklarni sotuvga chiqarmoqda. Bu mahsulotlarni O‘zbekiston bozorida ham uchratish mumkin. “Aqlli” ko‘zoynaklar yordamida boshqa tilda so‘zlashuvchilar bilan bemalol muloqot qilsa bo‘ladi, chunki ular real vaqt rejimida tarjimon vazifasini bajaradi. Bunday imkoniyat foydalanuvchilarga ma’qul kelmoqda.

Sun’iy intellekt umumiy intellekt darajasiga yeta oladimi degan savol tug‘ilishi mumkin. Mutaxassisning aytishicha, hozir yetakchi kompaniyalar korporativ va umumiy intellekt xizmatlarini ham taklif qilmoqda. Ularning maqsadi bir guruh odam yagona platformadan foydalanib, butun bir jamoaning ishini bajara oladigan tizim yaratish. Agar bu g‘oya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, sun’iy intellekt umumiy intellekt darajasiga yetishi mumkin. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri