Sud materiallariga ko‘ra, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda Mansur Tekstil Termiz rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahri «Do‘stlik» mahallasidagi Yuridik texnikum hududida daraxtlarni ko‘chirish ishlarini tashkil etishga uringan. Bu maqsadda ular o‘rtasida dastlab 20 million so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan.

Biroq hududdagi daraxtlar Viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosан rad etilgan.

Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup «Eldor qarag‘ayi», 36 tup «Virjin archasi», 101 tup «Sharq biotasi», 16 tup chinor va 4 tup tut daraxtijami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.

Ekologiya idorasi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga etkazilgan zarar miqdori 2 milliard 69 million 437 ming 500 so‘mni tashkil etgan.

Apellyatsiya instansiyasida sobiq shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘zini aybsiz deb hisoblab, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. U sudda daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylaganini va qurilish tashkilotiga faqat «yordam bergani»ni bildirgan.

Biroq sud hay’ati to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalarini tahlil qilib, uni Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, unga ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Dastlabki qamoqda saqlangan muddat inobatga olinib, yakuniy jazo muddatи 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.