Mazkur film nafaqat sport mavzusidagi navbatdagi kino asari, balki inson irodasi, magʻlubiyatdan keyingi ruhiy kurash va qayta tiklanish haqidagi chuqur falsafiy hikoya sifatida namoyon boʻldi.

Film ogʻir vazn toifasidagi professional bokschi, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro toifadagi sport ustasi, yurtimiz iftixori, Olimpiya va jahon chempioni Bahodir Jalolov hayoti va uning sportda bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻliga bagʻishlangan. Shu bilan birga, asarda Yangi Oʻzbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar ham taʼsirli badiiy uslubda yoritilgan.

Premyera yuqori saviyada va tantanali muhitda oʻtdi. Dastlab, qizil yoʻlak orqali film ijodkorlari, aktyorlar va xalqaro mehmonlar kirib kelishdi. AQSH, Yaponiya, Rossiya va Shveysariyadan kelgan kino vakillari ishtirok etgani oʻzbek kino sanʼatiga boʻlgan qiziqish ortib borayotganini namoyon etdi. Bu holat milliy kinematografiyaning xalqaro maydonda oʻz oʻrnini topayotganining yana bir dalili sifatida baholanmoqda.

“Tokioga yoʻl” oddiy sport dramasi emas. U insonning ichki kurashi, ogʻriq va magʻlubiyatlar orqali ruhan mustahkamlanishi haqidagi taʼsirli hikoyadir. Film tomoshabinni nafaqat kuzatuvchi, balki his qiluvchi va oʻylanuvchiga aylantiradi. U insonni oʻz chegaralaridan chiqishga, oʻz kuchiga ishonishga va hatto eng ogʻir vaziyatlarda ham taslim boʻlmaslikka undaydi.

Premyerada ishtirok etgan Bahodir Jalolov film haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning taʼkidlashicha, asar uning hayotiga juda yaqin voqealarni aks ettiradi:

— Bu film mening hayotimga juda yaqin. Ayrim joylarida badiiy toʻqima bor, ammo asosiy voqealar haqiqatga yaqin berilgan. Tomosha qilar ekanman, oʻtgan kunlarimni yana bir bor his qildim, — dedi u.

Sportchi, ayniqsa, magʻlubiyatdan keyingi ruhiy holatlar aks ettirilgan sahnalarni alohida taʼkidladi:

— Birinchi raundda yutqazgan paytlarim boʻlgan. Oʻsha paytda inson ichida katta kurash kechadi. Men ham oʻzim bilan koʻp gaplashganman. Filmda bu holatlar juda taʼsirli chiqqan.

Uning fikricha, film yoshlar uchun muhim motivatsion ahamiyatga ega:

— Bu film yoshlarga ham yoqadi. Chunki u faqat sport haqida emas, balki hayot haqida. Albatta koʻrishni tavsiya qilaman.

Filmda Bahodir Jalolovning otasi obrazini ijro etgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Boir Xolmirzayev ham asarning maʼnaviy ahamiyatiga toʻxtaldi:

— Bu filmda ota-ona va farzand oʻrtasidagi munosabatlar, mehr, duo va ishonch kabi qadriyatlar chuqur yoritilgan. Bu bizning xalqimizga xos fazilatlar, — dedi aktyor.

Uning taʼkidlashicha, film keng auditoriya uchun moʻljallangan:

— Bu kino nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo va dunyo tomoshabini uchun ham qiziq. Chunki unda umuminsoniy gʻoyalar mujassam.

Film ijodiy jamoasi ham yuqori professional darajada ish olib borgan. Ssenariy mualliflari S. Kuzminih, N. Narzullayev va S. Abbosov, rejissyor A. Isakov hamda bir qator tajribali mutaxassislar tomonidan film taʼsirli tarzda ekranga olib chiqilgan.

Mazkur filmning yana bir muhim jihati — uning xalqaro miqyosda namoyish etilishi rejalashtirilganidir. Jumladan, Yaponiyada taqdimot oʻtkazilishi va onlayn platformalar orqali keng auditoriyaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Bu esa milliy kontentni jahon sahnasiga olib chiqishda muhim qadam boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, “Tokioga yoʻl” — shunchaki film emas. Bu — hayot, iroda va orzu haqidagi katta hikoya. U insonga bir muhim haqiqatni eslatadi: yiqilish — magʻlubiyat emas, qayta turmaslik esa haqiqiy yutqazishdir.

Zulxumor Akbarova