Toshkent shahrining Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan “Gentra” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, unda Yashnobod tumanida yashovchi 1998 y.t. ikki nafar fuqaro ketayotganligi ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv jarayonida avtomashina salonidan bir nechta zip paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ular muqaddam yashirib qo‘ygan xufiya joyda va ijaraga olgan xonadonda ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar hamda qadoqlashda foydalaniladigan vositalar borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kg “geroin” va 100 gr “mefedron” giyohvandlik vositalari ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlash lozim, mazkur fuqarolarning ikkalasi ham muqaddam aynan narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi. 

Boshqa holatda esa Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi 1982 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gr “gashish” va 34 gr “opiy” olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ushlandi hamda ularning avtomashinalari va yashash xonadonlaridan jami 1,8 kg “gashish” va 12 gr “opiy” moddalari olindi.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha narkosavdogarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.