Toshkent shahrining 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining tegishli farmoyishida belgilangan.
Qayd etilishicha, tekshiruv O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 22-iyuldagi taqdimnomasida keltirilgan holatlarni o‘rganish maqsadida o‘tkaziladi.
Xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan olib boriladi.
Farmoyishga muvofiq, xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi tuzilgan. Komissiya raisi Sh.Turdiqulovga taqdimnomada qayd etilgan holatlarni xolis va sifatli o‘rganish, natijalari bo‘yicha tegishli xulosalarni rasmiylashtirish hamda zaruratga ko‘ra boshqa tashkilot va idoralar mutaxassislarini jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur farmoyish ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari M.Mirhamidov zimmasiga yuklangan.