Oliy ta’limda akkreditatsiyaning o‘rni, xalqaro tajriba va ta’lim sifatini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirda 200 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, davlat organlari vakillari, oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Germaniya, Buyuk Britaniya va Malayziyadan bir qator ekspertlar ishtirok etmoqda.

Muhokamalarning asosiy e’tibori akkreditatsiyani faqat ta’lim tashkilotining belgilangan talablarga muvofiqligini baholash vositasi sifatida emas, balki uning rivojlanishi, natijadorligini oshirishi va ta’lim sifatini doimiy takomillashtirishiga xizmat qiluvchi mexanizm sifatida ko‘rib chiqishga qaratilgan.

Tadbir dasturidan oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha Germaniya, Buyuk Britaniya va Malayziya tajribasi, O‘zbekistonda ta’lim sifatining xalqaro ekspertlar nigohidagi bahosi, shuningdek, akkreditatsiya jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali va mas’uliyatli foydalanish masalalari o‘rin olgan.

Xususan, Myunster universiteti professori Frank Werner Altemöller oliy ta’limda akkreditatsiyaning maqsadga erishishdan natijadorlik va mukammallikka intilish sari harakatlanishdagi o‘rni va salohiyati haqida so‘z yuritmoqda.

Tadbir davomida amaliy tajribaga ham alohida e’tibor qaratilgan. Markaziy Osiyo universitetining kompleks davlat akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tish tajribasi misolida jarayon davomida yuzaga kelgan muammolar, ularning yechimlari va oliy ta’lim tashkilotlari uchun muhim bo‘lgan amaliy jihatlar muhokama qilinadi.

Kunning ikkinchi yarmida Bitiruvchilar sifat indeksi, davlat akkreditatsiyasini o‘tkazishdagi muammolar va ularning yechimlari, tashqi baholash doirasidagi tashriflarni tashkil etish metodikasi hamda akkreditatsiya jarayonida stressni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan amaliy sessiyalar tashkil etiladi.

Shuningdek, Vebster universiteti tajribasi misolida bitiruvchilar sifatini ta’minlash va ta’lim natijalarini baholashning zamonaviy yondashuvlari taqdim etildi.

Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokidagi mazkur tadbir O‘zbekistonda ta’lim sifatini ta’minlash tizimini ilg‘or xalqaro tajriba bilan boyitish, akkreditatsiya jarayonlarini takomillashtirish hamda oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni doimiy rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim professional platformaga aylanadi.