Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Temur Malik va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida joylashgan yo‘l o‘tkazgichning qisman qulashi yuzasidan ko‘rilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yo‘l o‘tkazgich 2024-yil avgust oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 2026-yil 12-mart kuni uning bir qismi qulagan edi. Inshoot 100 yildan ortiq xizmat qilish muddatiga mo‘ljallangan temir-beton konstruksiyalardan qurilgani aytilgandi.

Hodisadan so‘ng qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olti nafar mansabdor shaxs va pudrat tashkilotlari vakillari sudlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish ishlarining 6,177 mlrd so‘mlik qismi qurilish me’yorlarini buzgan holda bajarilgan, yana 1,2 mlrd so‘mlik ishlar esa amalda bajarilmagan bo‘lsa-da, hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan. Shu tariqa davlat budjetiga yetkazilgan umumiy zarar 7,377 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ayblanuvchilar quyidagilar bo‘lgan:

Akmal Murodov — "O‘zyo‘lko‘prik klaster" DU Toshkent viloyati filiali direktorining o‘rinbosari;

Sanjar Mannonov — Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi direktorining o‘rinbosari va bosh muhandisi;

Zafar Sharaxmedov — mazkur direksiya texnik nazorat bo‘limi bosh mutaxassisi;

Abdumutal Isropilov — "O‘zyo‘lko‘prik klaster" filialining ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i;

Nurshod Mavlonov — "Yo‘l loyiha byurosi" MChJ bosh loyiha muhandisi;

Obid Adilov — "Grand Nur Yo‘l Qurilish" MChJ direktori.

Ish materiallariga ko‘ra, Toshkent halqa avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-martdagi qarori asosida amalga oshirilgan. 2024 yilda ushbu obyekt bo‘yicha umumiy qiymati 213 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan pudrat shartnomalari tuzilgan.

Tergov qurilish jarayonida qurilish me’yorlari qo‘pol ravishda buzilganini aniqlagan. Jumladan, bajarilgan ishlar dalolatnomalariga qiymati 433 mln so‘mlik bazalt geoto‘ri va 766 mln so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari kiritilgan, ammo amalda bu ishlar bajarilmagan.

Ayblov tomonining ta’kidlashicha, ayblanuvchilar oldindan til biriktirib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan va aynan ushbu qonunbuzilishlar 2026-yil 12-mart kuni yo‘l o‘tkazgichning tayanch devori qisman qulashiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, olti nafar sudlanuvchidan besh nafari aybini tan olmagan.

Xususan, Akmal Murodov tergov qurilishdagi kamchiliklar bilan yo‘l o‘tkazgich qulashi o‘rtasidagi bog‘liqlikni isbotlay olmaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aniqlangan nuqsonlar kafolat muddatida bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar bo‘lib, inshootni yaroqsiz deb hisoblash uchun asos emas.

Shuningdek, u geoto‘r va qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari dastlabki loyihada umuman ko‘zda tutilmagani, ular faqat 2025-yil iyul oyida tuzilgan qo‘shimcha smetaga kiritilganini aytgan.

Qolgan to‘rt nafar ayblanuvchi ham shu kabi pozitsiyani bildirgan. Faqat Abdumutal Isropilov aybini qisman tan olib, ayrim ishlar loyiha-smeta hujjatlari to‘liq tasdiqlanmasidan avval bajarilganini tasdiqlagan.

Transport prokuraturasi topshirig‘iga ko‘ra, obyekt Respublika sud ekspertizasi markazi va sohaviy tashkilotlar mutaxassislari tomonidan o‘rganilgan. Ekspertiza davomida armaturaning yetarlicha mahkamlanmagani, uni o‘rnatishda xatolarga yo‘l qo‘yilgani, beton himoya qatlami me’yordan qalin bo‘lgani, "sovuq choklar" mavjudligi hamda beton quyish texnologiyasi buzilgani kabi qator kamchiliklar aniqlangan.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, qurilish barcha talablarga muvofiq bajarilganida, yo‘l o‘tkazgichning qulashi oldini olish mumkin bo‘lgan.

Sud olti nafar ayblanuvchining barchasini Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan aybdor deb topdi.

Hukmga ko‘ra, ularning har biriga 116,2 mln so‘m (bir nafar sudlanuvchiga 112,5 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlandi. Shuningdek, barcha mahkumlarga bir yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash taqiqlandi.