Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalarida birinchi smena mashgʻulotlarining soat 08:00 dan boshlanishi jamoat transporti, xususan, metropoliten xizmatlariga boʻlgan talabni oshirishi kutilmoqda.

Shunga koʻra, tirband vaqtlarda Chilonzor yoʻnalishida poyezdlar 1,5–2 daqiqa, Oʻzbekiston yoʻnalishida 3 daqiqa, Yunusobod yoʻnalishida 4 daqiqa, Yer usti halqa yoʻli yoʻnalishida esa 7–8 daqiqalik interval bilan harakatlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2026-yil davomida metro vagonlari parki 14 ta zamonaviy harakat tarkibi bilan toʻldirilishi koʻzda tutilgan. Hozirga qadar ularning 11 tasi yetkazib berilgan boʻlib, yaqin kunlarda yana 3 ta zamonaviy harakat tarkibi olib kelinishi kutilmoqda.

Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, bekatlarda xavfsizlikni taʼminlash va yoʻlovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida kunning tirband vaqtlarida metropolitenning barcha 50 ta bekatida navbatchilik tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Metropoliten rahbariyati va masʼul xodimlaridan iborat guruhlar belgilangan jadval asosida ertalabki va kechki tirband vaqtlarda bekatlarda navbatchilik qilib, yoʻlovchilarga zarur koʻmak koʻrsatmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad yangi oʻquv yili boshlanishi bilan ortishi kutilgan yoʻlovchilar oqimini samarali boshqarish, poyezdlar qatnovi barqarorligini taʼminlash hamda yoʻlovchilarga tezkor, qulay va xavfsiz xizmat koʻrsatishdan iborat.