Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O. Muminov boshchiligida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida o‘tgan issiqlik mavsumida belgilangan me’yoriy talablar darajasida istilmagan ko‘p qavatli uylar tanlab olindi.
21 sentabrdan boshlab mazkur uylarda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida kompleks energiya auditi o‘tkaziladi.
Audit jarayonida uylarning tashqi devorlari, tomi va yer to‘lasi, eshik va derazalari, ichki isitish tizimlari hamda boshqa qismlari tekshiriladi. Shuningdek, maxsus asboblar yordamida issiqlik qayerdan va qancha miqdorda yo‘qolayotgani aniqlanadi.
Mutaxassislar har bir uy bo‘yicha issiqlik yo‘qotishining asosiy sabablarini belgilab, ularni bartaraf etish uchun texnik yechimlar ishlab chiqadi.
Audit natijalari asosida Toshkentda ko‘p qavatli uylarni samarali isitish metodologiyasi ishlab chiqiladi. Unda uylarning texnik holati, energiya samadorligi va issiqlik yo‘qotish darajasi hisobga olinadi.
Yangi metodologiya asosida qaysi uylarni modernizatsiya qilish zarurligi, qayerda issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish mumkinligi va energiya tejamkor texnologiyalarni qayerda joriy etish kerakligi aniqlanadi.
Bu esa kelgusida ko‘p qavatli uylarda issiqlikni samarali saqlash va elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qiladi.