Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qoʻmitasi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa hududlarida oltita yoʻnalishda keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazgan.
Dastlabki tadbir davomida 2005-yilda tugʻilgan, nufuzli oliy taʼlim muassasasining 3-bosqich talabasi qoʻlga olingan. U internet-narkodoʻkonda “kladmen” sifatida ishlab kelgani aniqlangan.
U boshqaruvidagi “Onix” avtomashinasi Yangihayot tumanidagi postda toʻxtatilib tekshirilganda, salon qismiga yashirilgan 500 gramm “alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Keyingi tezkor tadbirlarda jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritgan aʼzosi ham qoʻlga olingan. Tergov-tezkor harakatlari davomida qoʻlga olingan shaxslarning yagona narkotarmoqqa birlashgani aniqlangan.
Xalqaro hamkorlik natijasida esa uyushma yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlanib, oʻsha davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qoʻlga olingan.
Tadbirlar yakuniga koʻra, jinoiy uyushmaning 7 nafar omborchisi va ular bilan ishlagan 6 nafar “dokladchik”, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qoʻlga olingan.
Jami 14 nafar turli darajadagi uyushma aʼzosi qoʻlga olinib, ulardan 71 433 ta bir martalik dozaga teng 2 kilogramm 500 gramm “alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi musodara qilingan.
Mazkur holat yuzasidan barcha qoʻlga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.