«15 daqiqalik shahar» konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Toshkent shahar hokimligi va «2GIS» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjatga muvofiq, 2gis.uz elektron xaritasida poytaxtning 585 ta mahallasidagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish rejalashtirilgan.


Bu orqali fuqarolar o‘z yashash joyiga yaqin hududlardagi bo‘sh ish o‘rinlarini topishi, taklif etilayotgan ish haqi miqdori va malaka talablari bilan tanishishi hamda o‘ziga mos ishni tanlashi mumkin bo‘ladi.

Loyiha ish qidirish jarayonini soddalashtirish, vaqtni tejash va ishga borish uchun sarflanadigan transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Bu esa fuqarolarning daromadlarini oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.

Hozirda loyiha Chilonzor tumanidagi barcha mahallalarda sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. 2gis.uz saytida dastlabki mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Toshkent shahar hokimligi boshqa kompaniyalar bilan ham shu kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikka ochiq ekanini bildirgan.