Ma'lumot uchun, joriy yilning 3 sentyabr kuni Glinka ko‘chasida yer ostidan o‘tgan gaz quvuridan gaz sizib chiqishi oqibatida chaqnash sodir bo‘lgan edi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida shahar hokimligi topshirig‘iga asosan maxsus ishchi guruh tuzilib, uning tarkibiga «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK, «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ, «Hududgaz Poytaxt» gaz ta'minoti filiali hamda tuman gaz ta'minoti bo‘limlarining tajribali mutaxassislari jalb etildi. Ishlarga zarur maxsus texnikalar ham biriktirildi.

Bugungi kungacha o‘rta bosimli gaz quvurlarida 4 ta, past bosimli quvurlarda esa 6 ta gaz sizib chiqishi holati aniqlanib, barcha nosozliklar tezkor bartaraf etilgan.

Ayni paytda Glinka ko‘chasida ta'mirlash va tiklash ishlari yakunlanib, yo‘l avtomobil harakati uchun to‘liq ochildi.

Shuningdek, «Hududgazta'minot» AJ va boshqa mutasaddi tashkilotlarning mobil laboratoriyalari tomonidan ko‘chaga tutash hududlardagi muhandislik tarmoqlari ehtimoliy gaz sizib chiqishi holatlarini aniqlash maqsadida kompleks tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Mazkur ishlar kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish, aholi xavfsizligini ta'minlash hamda shahar infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini ta'minlashga qaratilgan.

Tekshiruvlar natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etib boriladi.