Davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, “Turkiy dunyoning integratsiyasi bu — xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan uzoq muddatli strategik masaladir”.
Darhaqiqat,
dunyoning turli mintaqalarida oʻzaro ziddiyatlar tobora avj olayotgan, xalqaro
munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib borayotgan bir sharoitda
Tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro hamjihatlikda ish yuritishi, uygʻun
pozitsiyalarda boʻlishi muhim ahamiyatga ega.
Zero,
turkiy makonning ahamiyati jahon logistikasidagi oʻzgarishlar fonida yanada
kuchaymoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari Markaziy Osiyo, Kavkaz,
Turkiya va Yevropa bozorlarini bogʻlovchi eng yirik quruqlik hududlaridan
birini shakllantirmoqda.
Tashkilot
makonida 170 milliondan ortiq aholi yashaydi va u katta iqtisodiy salohiyatga
ega. 2025-yilda TDT mamlakatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion
dollardan oshdi, bu jahon iqtisodiyotining qariyb 2 foizini tashkil etdi. Xarid
qobiliyati pariteti boʻyicha bu koʻrsatkich 6,2 trillion dollardan oshib, jahon
YAIMining 3,4 foiziga teng boʻldi. Tashkilotga aʼzo davlatlarning umumiy tashqi
savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan oshdi.
TDT
mamlakatlaridagi tasdiqlangan gaz zaxiralari taxminan 19,9 trillion kub metrni,
neft zaxiralari esa 38,2 milliard barrelni tashkil etadi. Bu esa mintaqani Yevroosiyoning
yirik energetika markazlaridan biriga aylantiryapti.
Turkiy
makon iqtisodiyotlari yuqori darajada oʻzaro bir-birini toʻldirishi bilan
ajralib turadi. Turkiya va Vengriya rivojlangan sanoat hamda mashinasozlik
bazasiga ega boʻlsa, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Turkmaniston yirik energetika
resurslariga ega. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston esa qayta ishlash sanoati va
agrosanoat sohasida oʻz pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.
Mazkur
tendensiyalar fonida Oʻzbekiston mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan
biri boʻlib turibdi. Soʻnggi besh yil ichida mamlakat Garvard universitetining
Iqtisodiy murakkablik atlasi reytingida 28 pogʻona yuqorilab, 145 ta davlat
orasida 70-oʻrinni egalladi. Eksportning oʻrtacha yillik oʻsishi 13,4 foizni
tashkil etdi. Shu bilan birga, energetika bilan bogʻliq boʻlmagan eksport hajmi
yiliga oʻrtacha 17 foiz oshib, mintaqaviy va jahon oʻrtacha koʻrsatkichlaridan
yuqori surʼatni namoyon qildi.
Shu
nuqtayi nazardan, TDT amaliy iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Savdo, transport,
sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va raqamlashtirish yangi mintaqaviy
oʻzaro bogʻliqlikning asosiga aylanishi mumkin.
Savdo va sanoat kooperatsiyasi
Bugungi
kunda Oʻzbekistonning TDT doirasidagi hamkorligi 35 dan ortiq yoʻnalishni
qamrab olgan. Hamkorlikning iqtisodiy tarkibi ham tobora kuchayib bormoqda.
Soʻnggi toʻqqiz yilda Oʻzbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi
2,7
barobar oshib, 2017-yildagi 4 milliard dollardan 2025-yilda qariyb 11 milliard
dollarga yetdi. Eksport hajmi 1,2 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga,
import esa 1,8 milliard dollardan 7 milliard dollarga oshdi.
TDT
doirasida Qozogʻiston va Turkiya Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlari
boʻlib qolmoqda. Tovar aylanmasining 46 foizi yoki qariyb 5 milliard dollari
Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keladi. Turkiyaning ulushi esa 28 foizni yoki
taxminan
3
milliard dollar. Shuningdek, Turkmaniston va Qirgʻiziston bilan savdo hajmi
ham sezilarli boʻlib, har biri bilan tovar aylanmasi 1,2 milliard dollarni
tashkil etadi.
Savdo
tarkibi ham oʻzgarmoqda. Oʻzbekistonning TDT mamlakatlariga eksportida sanoat
mahsulotlari 28,2 foizni, mashina va transport uskunalari 19 foizni, oziq-ovqat
mahsulotlari 11,1 foizni, kimyo mahsulotlari 10 foizni, xizmatlar esa 12,7
foizni tashkil etmoqda. Tayyor mahsulotlar, xizmatlar va ishlab chiqarish
kooperatsiyasi ulushi ortib borayotgani iqtisodiyotning yanada murakkabroq
modeliga bosqichma-bosqich oʻtilayotganini koʻrsatadi.
TDT
mamlakatlaridan import, asosan, iqtisodiyotni modernizatsiyalash ehtiyojlari
bilan bogʻliq. Import tarkibi asosini oziq-ovqat mahsulotlari, mineral
yoqilgʻi, sanoat mahsulotlari, mashina va uskunalar tashkil etmoqda. Bu esa
ishlab chiqarish aloqalari kengayib borayotganidan dalolat.
Iqtisodiy
tadqiqotlar va islohotlar markazi baholariga koʻra, Oʻzbekiston TDT
mamlakatlariga eksport hajmini qoʻshimcha 2,7 milliard dollarga oshirish
imkoniyatiga ega. Eng katta amalga oshirilmagan eksport salohiyati Turkiya
hissasiga toʻgʻri kelib, qoʻshimcha eksport hajmi 1,8 milliard dollarga
baholanmoqda.
Eksportni
kengaytirish salohiyati Oʻzbekistonning qator tovar yoʻnalishlaridagi raqobat
ustunliklariga asoslanadi. Avvalo, bu quruq meva, sabzavot va yongʻoqlarni oʻz
ichiga olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taalluqli. TDT mamlakatlari agrar
mahsulotlar bozori hajmi taxminan 72 milliard dollarga baholanmoqda va unda
oʻzbek ishlab chiqaruvchilari allaqachon mustahkam oʻrin egallagan.
Tahlillarga
koʻra, eksportning qoʻshimcha oʻsishi toʻqimachilik va elektrotexnika, qurilish,
oziq-ovqat mahsulotlari, oʻgʻitlar, mis, etilen polimerlari hamda qoʻshilgan
qiymati yuqori boʻlgan boshqa tovarlar yetkazib berish hisobiga taʼminlanishi
mumkin.
Sarmoyalar va logistik
loyihalar
TDT
doirasidagi savdo integratsiyasi investitsiya va ishlab chiqarish
kooperatsiyasi chuqurlashuvi bilan birga kechmoqda. 2017-2025-yillarda TDT
mamlakatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari
hajmi 11,5 milliard dollardan oshdi. Shundan 3,8 milliard dollari faqat
2025-yilning oʻzida jalb qilingan. Investitsiyalarning asosiy qismi qayta
ishlash sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va logistika
sohalariga yoʻnaltirildi.
2026-yil
aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonda TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 4,5
mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Qoʻshma ishlab chiqarishlar,
logistika loyihalari va kooperatsiya aloqalari tashkil etilmoqda. Ular ham
mintaqaning ichki bozoriga, ham tashqi yoʻnalishlarga moʻljallangan.
Eng
faol investor sifatida Turkiya yetakchilikni saqlab qolmoqda. 2025-yilda
Turkiya investitsiyalari hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil etdi.
Oʻzbekistonda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2,14 mingtaga yetdi.
Turkiya biznesi sanoat ishlab chiqarishi, qurilish sohasi, toʻqimachilik
tarmogʻi hamda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda faol
ishtirok etmoqda.
TDT
mamlakatlari orasida Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori hisoblangan
Qozogʻiston ayni vaqtda investitsiyaviy hamkorlikning muhim ishtirokchilaridan
biri boʻlib qolmoqda. Respublikada Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi 1,2
mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston
va Ozarbayjon oʻrtasida 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi
shartnoma imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishning muhim omili
boʻldi. Natijada bugungi kunda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi
367 ta korxona ishlayapti.
Qirgʻiziston
bilan har tomonlama strategik sheriklik formati esa qoʻshma korxonalar sonining
346 tagacha oshishiga xizmat qildi.
Vengriya
kapitali ishtirokidagi korxonalar soni nisbatan kam boʻlishiga qaramay, amalga
oshirilayotgan loyihalar yirik hajmi va texnologik xususiyati bilan ajralib
turadi. Ular qatorida Sirdaryo viloyatida qiymati 165 million dollar boʻlgan
parrandachilik klasterlarini tashkil etish hamda Yangi Toshkentda oqova
suvlarni tozalash inshootlarini qurish boʻyicha 59 million dollarlik loyiha
mavjud.
Qoʻshma
loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha mexanizmi sifatida Turkiy
investitsiya jamgʻarmasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yilda jamgʻarmaning
ustav kapitali 500 million dollardan 600 million dollarga oshirildi. Bunda
Oʻzbekistonning ulushi 100 million dollarni tashkil etdi. Kelgusida jamgʻarma
TDT makonidagi infratuzilma, sanoat, logistika va raqamli loyihalarni
moliyalashtirish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.
Transportda oʻzaro bogʻliqlik
Toʻgʻridan
toʻgʻri dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston uchun
transport oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish tashqi savdoni kengaytirish va
xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuvning eng muhim
shartlaridan biri hisoblanadi. Shu sharoitda transport sohasi TDT doirasidagi
iqtisodiy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Tashkilot
mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsishi transport oqimlari sezilarli
kengayishi bilan kuzatilmoqda. Eng yirik yuk tashuvlari Qozogʻiston bilan
saqlanib qolmoqda. Chunki Oʻzbekistonning Rossiya, Kavkaz va Yevropa
yoʻnalishidagi asosiy quruqlik yoʻnalishlari aynan Qozogʻiston orqali oʻtadi.
2025-yil yakunlariga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 22,3
million tonnadan oshdi. Shundan 19,6 million tonnasi temir yoʻl transporti
hissasiga toʻgʻri keldi.
Qirgʻiziston
yoʻnalishida ham yuqori dinamika kuzatilmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra,
Qirgʻiziston bilan yuk tashish hajmi 22,4 foiz oshib, qariyb 5,4 million
tonnaga yetdi. Bunda eksport yuklarini tashish hajmi barcha transport turlari
boʻyicha ikki barobardan koʻproqqa oshdi.
Ozarbayjon
va Turkiya bilan transport hamkorligi ham izchil kengayib bormoqda. 2025-yil
yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 28,3
foiz koʻpaydi. Toshkent va Boku oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga 14
ta reys chastotasida amalga oshirilmoqda.
Turkiya
bilan transport aloqalari ham yuqori faolligi bilan ajralib turadi. Ikki
mamlakat shaharlari oʻrtasida haftasiga
97
ta muntazam aviareys amalga oshiriladi. Ular sakkizta, jumladan, Istanbul va
Anqara yoʻnalishlarini qamrab oladi.
Turkmaniston
mintaqaviy transport tizimining muhim yoʻnalishlaridan biri. Chegaraoldi
savdoni soddalashtirish boʻyicha amaliy qadam sifatida “Shovot — Toshhovuz”
qoʻshma savdo zonasi ishga tushirildi. 2025-yil yakunlariga koʻra, ikki
mamlakat oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 22,5 foiz oshib, qariyb 1,8 million
tonnani tashkil etdi.
TDT
doirasida tovar aylanmasi oʻsib borishi bilan mintaqa davlatlari oʻrtasida
barqaror multimodal oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash tobora dolzarb vazifaga
aylanmoqda. Bu temir yoʻl, avtomobil, aviatsiya va dengiz infratuzilmasini
birlashtiruvchi integratsiyalashgan transport koridorlari tizimini
shakllantirishni talab qiladi.
Aynan
shu nuqtayi nazardan Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi, yaʼni Oʻrta yoʻlak
alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston uchun mazkur yoʻnalish nafaqat
tranzit yoʻnalishi, balki oʻz mahsulotlarini Ozarbayjon, Turkiya, Yevropa va
Yaqin Sharq bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirish vositasi
sifatida ham muhimdir.
Jahon
logistikasidagi oʻzgarishlar fonida Yevroosiyodagi muqobil transport
yoʻnalishlarini rivojlantirish dolzarbligi yanada ortmoqda. Geosiyosiy
beqarorlik natijasida transport zanjirlarining qayta shakllanishi Markaziy
Osiyo davlatlari uchun transport xarajatlarining 30 foizgacha oshishi va
yetkazib berish muddatining bir necha haftaga uzayishiga olib kelmoqda.
Bu
sharoitda “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasini amalga
oshirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yoʻnalish Sharq va Gʻarb
oʻrtasidagi yangi transport yoʻlagini shakllantirmoqda. Uning ishga
tushirilishi yuk yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartirishi hamda
yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatini yaratishi kutilmoqda.
Prezidentimiz
sammitdagi nutqida “Oʻrta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni
ayni paytda qurilayotgan “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli bilan
bogʻlashga katta eʼtibor qaratamiz”, dedi.
Kelgusida
mazkur yoʻnalishning Oʻrta yoʻlak va Transafgʻon yoʻnalishi bilan bogʻlanishi
Yevroosiyoning yangi transport konfiguratsiyasini shakllantirishi mumkin.
Bunday tizimda Oʻzbekiston nafaqat tranzit hudud, balki oʻz yuklari, logistika
markazlari, transport kompaniyalari va sanoat maydonlari orqali qoʻshilgan
qiymatning mintaqaviy zanjirlarida toʻlaqonli ishtirokchiga aylanish
imkoniyatiga ega boʻladi.
Raqamli tizim imkoniyatlari
Turkistonda
oʻtgan sammit mavzusi sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga bagʻishlangani
iqtisodiy kun tartibi bilan bevosita bogʻliq. Zamonaviy savdoda
raqobatbardoshlik endi faqat mahsulot sifati yoki bozorgacha boʻlgan masofa
bilan belgilanmaydi. Rasmiylashtirish tezligi, logistika shaffofligi, raqamli
tizimlarning oʻzaro mosligi hamda biznesning axborotga kirish imkoniyatlari
tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
TDT
mamlakatlari uchun raqamli integratsiya hamkorlikning eng amaliy
yoʻnalishlaridan biriga aylanishi mumkin. Elektron savdo standartlarini
uygʻunlashtirish, raqamli hujjatlarni oʻzaro tan olish, bojxona axborot
tizimlarini integratsiya qilish va biznes uchun raqamli reestrlarni yaratish
tranzaksion xarajatlarni kamaytirish hamda kompaniyalarning hamkor davlatlar
bozorlariga chiqishini soddalashtirish imkonini beradi.
Bu,
ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun muhim ahamiyatga ega. Koʻplab
kompaniyalar tarif toʻsiqlaridan koʻra koʻproq hamkorlar, talablar,
sertifikatlash, logistika va toʻlov instrumentlari haqidagi maʼlumotlar
yetishmasligiga duch kelmoqda. TDT mamlakatlari biznesi uchun yagona raqamli
platforma yaratilishi savdoni kengaytirishning amaliy vositasiga aylanishi mumkin.
Ayniqsa, bu chegaraoldi va mintaqaviy taʼminot zanjirlarida muhim ahamiyat kasb
etadi.
Oʻzbekiston
soʻnggi yillarda davlat xizmatlari va biznes muhitini raqamlashtirish boʻyicha
katta tajriba toʻpladi. Ushbu tajriba Tashkilot doirasida, ayniqsa, elektron
xizmatlar, raqamli platformalar, bojxona maʼmurchiligi va tadbirkorlikni
qoʻllab-quvvatlash sohalarida talab yuqori boʻlishi mumkin.
Xulosa
Turkiy
davlatlar tashkiloti bosqichma-bosqich iqtisodiy hamkorlikning yanada amaliy
modeliga oʻtmoqda. Oʻzbekiston uchun mazkur jarayon eksport salohiyatini
kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va tashqi bozorlar bilan oʻzaro
bogʻliqlikni mustahkamlashga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi
bosqichiga toʻgʻri kelmoqda.
TDT
doirasida iqtisodiy hamkorlik chuqurlashib borishi bilan Oʻzbekistonning
mintaqaviy savdo, transport va ishlab chiqarish aloqalarini shakllantirishdagi
roli ham ortib bormoqda.
Sammitda
sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda joriy etish
masalasi bosh muhokama mavzusiga aylangani mintaqa davlatlarida iqtisodiy
hamkorlikning zamonaviy formatlariga talab ortib borayotganini koʻrsatdi.
Avvalo, gap savdo va logistikani raqamlashtirish, elektron xizmatlarni
rivojlantirish, infratuzilma yechimlarini integratsiya qilish hamda mintaqa
ichidagi tranzaksion xarajatlarni qisqartirish haqida boryapti.
Shu
tariqa Oʻzbekistonning TDT norasmiy sammitidagi ishtiroki tobora amaliy
iqtisodiy mazmun kasb etyapti. Savdoni kengaytirish, multimodal transport
yoʻlaklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish,
investitsiyaviy hamkorlik va raqamli oʻzaro bogʻliqlik kuchayishi
Yevroosiyoning mintaqaviy ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga yanada
chuqur integratsiyalashuv uchun asos yaratmoqda.
Jaʼfar Xidirov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va
islohotlar markazi
shoʻba mudiri