Hodisa ertalab Rushtu Kichukomer ko‘chasida joylashgan Ahmet Qo‘yunju kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida sodir bo‘lgan. Qo‘lida ov miltig‘i bo‘lgan 19 yoshli Umar Ket maktab hududiga kirib, tasodifiy ravishda o‘q uzgan va binoga kirib ham otishni davom ettirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 10 nafar o‘quvchi, 4 nafar o‘qituvchi, bir nafar politsiya xodimi va bir nafar oshxona xodimi jarohat olgan. Ulardan ikki nafar o‘qituvchi va ikki nafar o‘quvchining ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hujumchi avval ushbu maktab o‘quvchisi bo‘lgan va bir yil tahsil olgach, ochiq ta’lim shakliga o‘tgan. U hodisadan oldin maktabning ijtimoiy tarmoq sahifalarida tahdidli xabarlar qoldirib, yaqin kunlarda hujum qilishini bildirgan.

Guvohlarning aytishicha, u maktab darvozasidan kirishi bilanoq o‘q uzishni boshlagan. Bu vaqtda o‘quvchilar orasida kuchli sarosima yuzaga kelgan va barchasi xavfsiz joyga qochishga harakat qilgan.

Hodisa joyiga tez yordam va maxsus operatsiya kuchlari jalb etilgan, maktabdagi barcha o‘quvchi va xodimlar evakuatsiya qilingan. Voqea maktab kuzatuv kameralarida ham qayd etilgan.

Hodisadan so‘ng maktabda ta’lim jarayoni 4 kunga to‘xtatildi. O‘quvchi va o‘qituvchilar uchun psixologik reabilitatsiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi mazkur hodisa yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.