Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari dasturi va tasdiqlangan reja asosida bankning bosh ofisi, 15 ta hududiy bank xizmatlari markazi hamda 46 ta bank xizmatlari ofisida belgilangan tadbirlar ijrosi taʼminlangan.

Bankning ochiqlik va shaffoflik borasidagI faoliyati ham yuqori baholangan. 2025 yilgi «Ochiqlik indeksi» natijalariga koʻra, Turonbank 90 ball toʻplab, vazirlik, idora va tashkilotlar orasida 11-oʻrinni, tijorat banklari orasida esa birinchi oʻrinni egallagan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi PQ-81-son qarori talablari asosida oʻtkazilgan yakuniy reyting baholash natijalariga koʻra, bankning korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi 100 balldan 81 ball — «yaxshi» deb baholangan.

Turonbankning korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi xalqaro darajada ham baholangan. Tashqi audit natijalariga koʻra, bank ISO 37001 xalqaro standartiga muvofiqlik sertifikatini olgan.

Mazkur standart korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va kamaytirish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.

25 ta funksiyada korrupsiyaviy xavf aniqlangan

Bank tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni minimallashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bosh ofis, barcha bank xizmatlari markazlari hamda bank xizmatlari ofislari kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqilgan.

Oʻtkazilgan baholash natijasida 25 ta funksiyada korrupsiyaviy xavflar aniqlangan. Yuqori darajadagi qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatarlar toʻliq bartaraf etilgan.

Shuningdek, bank xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha deklaratsiyalari tahlil qilingan. Jumladan, Kuzatuv kengashi, boshqaruv aʼzolari, bosh ofisning 26 ta departament va mustaqil boshqarmalari, 15 ta bank xizmatlari markazi hamda 46 ta bank xizmatlari ofisidagi jami 1361 nafar rahbar va xodimning deklaratsiyalari oʻrganilgan.

Xaridlarda manfaatlar toʻqnashuvi oʻrganilmoqda

Bank xaridlarida shaffoflik va sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida kontragentlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni monitoring qilish yoʻlga qoʻyilgan.

Bunda manfaatlar toʻqnashuvi, kontragentlarning bank xodimlari bilan affillanganligi va xaridning boshqa ishtirokchilari bilan aloqadorligi kabi holatlar maxsus axborot manbalari orqali oʻrganilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlarga koʻproq moyil boʻlgan bank xodimlari ISO 37001 xalqaro standarti talablari asosida maxsus oʻqitilgan va ularga tegishli sertifikatlar berilgan.

Shuningdek, bank bosh ofisi hamda bank xizmatlari markazlari xodimlari uchun mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda seminar-treninglar va davra suhbatlari muntazam tashkil etilmoqda.

Korrupsiya haqida xabar berish kanallari ishlamoqda

Bankda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va korrupsiya bilan bogʻliq holatlar haqida xabar berish uchun ishonch telefoni, Telegram-bot, elektron pochta, veb-saytlar va boshqa aloqa kanallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Hisobot davrida mazkur kanallar orqali 2 ta murojaat kelib tushgan. Ular belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, murojaatlarga javob xatlari yuborilgan.

Bank maʼlumotiga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar Turonbank faoliyatida ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik va halollik tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni muntazam xabardor qilish maqsadida bankning rasmiy veb-saytlari, elektron pochta, ishonch telefoni va Telegram-bot kabi aloqa kanallari faoliyati davom ettirilmoqda.

Reklama