20-may kuni Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova bilan "Vatan yagonadir, Vatan bittadir" deb nomlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir she’riyat, ma’naviyat va Vatanga muhabbat tuyg‘ulari uyg‘unlashgan unutilmas ijodiy kechaga aylandi.
Adabiyot ixlosmandlari, taniqli ijodkorlar, ustoz va shogirdlar, yosh qalamkashlar jam bo‘lgan ushbu uchrashuvda o‘zbek she’riyatining yorqin namoyandasi Xosiyat Bobomurodovaning sermazmun ijodi, uning
she’rlaridagi xalqona ohang, ona Vatanga sadoqat, insoniylik, mehr va fidoyilik tuyg‘ulari haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, shoira ijodidagi ma’naviy qatlamlar, uning she’riy tafakkuri hamda adabiyotdagi o‘ziga xos ovozi haqida fikr bildirdi.
Shoiraning zamondoshlari, taniqli adiblar hamda shogirdlari u haqidagi iliq xotiralari, ijodining ko‘lami hamda so‘zga sadoqati haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Tadbir davomida shoiraning qizi Sadoqat Bobomurodova ham so‘zga chiqib, onasining ijod jarayonlari, oiladagi fazilatlari, insoniy qiyofasi haqida samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur anjuman o‘zbek she’riyatining yuksak an’analari davom etayotgani, ustozlar ijodiy merosi yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishini yana bir karra tasdiqladi.