Nazarimda, u insonga ona sutidan oʻtadi. Mazkur tugʻma tuygʻu bosqichma-bosqich — ota-ona, oila tarbiyasi, maktab va oʻquv dargohlari taʼlimi, keyinchalik shaxsiy masʼuliyat orqali shakllanadi. Kishida bu fazilat oʻz davlati ramzlari, elu yurti milliy qadriyatlari va madaniyatiga hurmatida ham yaqqol namoyon boʻladi.

Vatanini sevgan odam mamlakati taraqqiyotiga oʻz isteʼdodi, bilimi va mehnati, bor kuch-gʻayrati bilan hissa qoʻshishga astoydil intiladi. Erishilayotgan har bir yutuqdan quvonadi, faxrlanadi, uning kelajagiga befarq boʻlmaydi. “Vatan men uchun nima beradi?”, deb emas, “Men Vatanim uchun nima qila olaman?”, degan yondashuv asosida yashaydi. Shu maʼnoda, bu tushuncha faqat his-tuygʻu emas, balki amaliy masʼ­uliyat va faol fuqarolik pozitsiyasi hamdir.

Har yili mamlakatimiz boʻylab “Vatanparvarlik oyligi” oʻtkazilishi, shuningdek, “Vatan manzumasi” singari madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilayotgani yoshlarimizni yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil boʻlmoqda.

Oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashish, halol mehnat qilish, atrof-muhitni asrash va jamiyatga naf keltirish borasidagi ishlar ham vatanparvarlik koʻrinish­laridandir. Ajdodlarimizdan qolgan merosni asrab-avaylashga hissa qoʻshish, mamlakatimiz tarixini oʻrganish singari bajariladigan yumushlar bu tuygʻuni mus­tahkamlaydi.

Menimcha, har kuni ertalab ishga kelishimiz, kechki payt ishdan uyga qaytishimiz vatanparvarlik emas, bu — masʼuliyatimiz. Vatanparvar inson ishga oʻzini bagʻishlaydi, faoliyati rivoji hamda yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshish uchun vaqtini ayamaydi. Vatan shaʼni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladi. Oʻz manfaatidan jamoasi va davlat foydasini ustun qoʻyadi. Qalbida yurtga daxldorlik hissini tuyadi. Har bir insonda bu hissiyotning mustahkamlanishiga erishish esa oldimizda turgan dolzarb vazifalardan.

Chinakam yurtga muhabbat oddiy harakatlar orqali ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun, vazifa-majburiyati boʻlmasa-da, yoʻlak va yoʻl boʻylariga, hududlarga tashlab ketilgan turli yaroqsiz idishlar hamda ­chiqindilarni terib olayotgan volontyorlar mehnati, yoki xorijlik ayrim kimsalar millatimiz va yurtimizga tosh otganida gʻazab hissiga berilish ham vatanparvarlikning belgisi hisoblanadi, bizningcha.

Vatanparvarlik faqat soʻzda boʻlmasligi kerak. Har birimiz uni soʻz va amal birligida kundalik hayotimizda namoyon etishimiz lozim. Zero, “Vatanni sevmoq iymondandur!” deya bejiz aytilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hayotini xavfga qoʻyib boʻlsa-da, turli halokatli vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolgan sohalar vakillari hamda oddiy odamlarni ragʻbatlantirish jarayonlari haqidagi matn­li, foto va videomateriallarga tez-tez koʻzimiz tushadi. Bu — yaxshi. Ammo tegishli xizmatlar vakillari va fuqarolar oʻz insoniylik vazifasi hamda burchini sidqidildan bajarish, koʻcha-koʻyda — joylarda shoshilinch yordamga muhtoj aholiga koʻmak berish chogʻida turli darajada tan jarohati olishi yoki vafot etish holatlari uchrashi esa koʻngilni ogʻritadi.

Joriy yil 15-avgust kuni internet nashrlarida poytaxtimizning Uchtepa tumani “Quyi Darxon” MFY hududidagi uylardan birida yongʻin sodir boʻlgani, unda FVV qutqaruvchisi, 33 yoshli kapitan Boburmirzo Pardayev xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgani haqida xabar berildi. Maʼlum qilinishicha, vatanparvar yigit xonadon egalari hayotini saqlab qolishga katta hissa qoʻshgan. Ammo kutilmaganda tom bosib qolib, vafot etgan. 

Qanday odam elu yurt uchun oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyishgacha boradi?! Bizningcha, bu sharafli ish qonida vatanparvarlik boʻlgan, odamgarchiligi va yurtga muhabbati yuqori hamda masʼuliyatli insonlarning qoʻlidan keladi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, “Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz-oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi”.

Har birimiz himoyachimiz

Vatan himoyachisi deganda, birinchi nav­batda, koʻz oldimizga Mudofaa,  Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, bojxona va boshqa harbiylashgan tuzilmalar vakillari keladi. Aslida, har birimiz Vatan himoya­chisimiz. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, barchamiz eng avvalo Vatan ­himoyachisi, tinchlik posboni boʻlishimiz zarur!

Qayerda boʻlmaylik, tugʻilib oʻsgan qish­logʻimiz, shahrimiz, bir soʻz bilan aytganda, Vatanimiz haqida gap ketsa, beeʼtibor boʻlolmaymiz, negaki kindik qonimiz ­toʻkilgan goʻsha — ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulugʻlash tabiatimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya qilish shu aziz yurt har bir farzandning muqaddas burchi. Dunyoda yuzaga kelgan notinch­liklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga sadoqat masʼuliyatini oshirish barobarida har birimizni yanada ogoh va hushyor boʻlishga undamoqda.

Toʻgʻri, hamma ham qoʻliga qurol olib Vatanni qoʻriqlamaydi. Aytaylik, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar oʻz qalami bilan yurtni himoya qilishi lozim. Telegram, Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib tayyorlangan kontentlar joylashtirish orqali ham yurt asraladi.  Zero, “Vatanga muhabbat unda yashashdan huzur-halovat, undan uzoqda boʻlganda sogʻinch, unga hujum qilinganida mudofaa etish va u kamsitilganda gʻazab hislarini paydo qiladi”, deya bejiz aytmagan shayx Muhammad Gʻazzoliy.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan vatanparvarlik boʻyicha targʻibot-tashviqotni kuchaytirish maqsadida muayyan ishlar qilinmoqda. Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida oʻtkazilgan tadbirda Qurolli Kuchlarimiz tizimida roʻy berayotgan yangilanishlar, yangi Oʻzbekis­tonning yangi armiyasi, islohotlar, jumladan, harbiylarimiz, shuningdek, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va boʻlimlarining harbiy boʻlmagan xizmatchilari oylik maoshlari oshirilishi, muddatli harbiy xizmat oʻtayotgan askarlar uchun yaratilayotgan qulayligu imkoniyatlar haqida soʻz bordi.

Shularni tinglar ekanman, 1990-yillar oxiri — muddatli va shartnoma asosida harbiy xizmatni oʻtagan damlarim yodga tushdi. Vatanga qasamyod qilganimga guvoh boʻlish uchun qariyb besh yuz kilometrdan Toshkentga kelgan ota-onam ayni jarayonni koʻra olmagandi oʻshanda. Ichki tartibga binoan ular qasamyod qabul qilinadigan maydonga kiritilmagandi. Ammo tadbir oʻtgach, bir muddat uchrashish nasib qilgan. Bugun esa vaziyat tamoman boshqacha. Yozishga hojat yoʻq, armiyadagi qulay, havas qilsa arzigulik shart-sharoitlarni hamma oʻz koʻzi bilan koʻrib turibdi.

Yigʻilish doirasida harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishish, ular bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldik.

— Bugun harbiy xizmat nafaqat muqaddas burch, balki bilim olish, kasb-hunar egallash, jamiyatda mustahkam oʻrin topishda hayot maktabiga aylanmoqda, — deydi oddiy askar Ulugʻbek Mansurov. — 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatchilar uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar joriy etilmoqda. Endilikda askarlar harbiy xizmatni oʻtash bilan bir vaqtda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirib, onlayn tahsil olish imkoniga ega boʻladi. Harbiy qismlarda institut va universitetlar bilan hamkorlikda maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilib, biz kabi yoshlarning bilim olishi va kelajakda munosib mutaxassis boʻlib yetishishi uchun zamonaviy taʼlim muhiti yaratilmoqda. Yuzlab askarlar qatorida men ham bu imkoniyatlardan ­samarali foydalanib, elu yurtimiz taraqqiyotiga ­munosib hissa qoʻshishga astoydil harakat qilaman. 

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti fakultet boshligʻi, podpolkovnik Aʼlomirza Boboyev ham askarlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Joriy yildan oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan muddatli harbiy xizmatchilar harbiy fakultet talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlaganidan soʻng zaxiradagi leytenant harbiy unvonini olish huquqiga ega boʻladi. Bu esa harbiy xizmat bilan oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni yanada mustahkamlab, yoshlarning kelgusi faoliya­ti uchun istiqbolli yangi eshiklarni ochadi. Ayniqsa, “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida tashkil etilgan 3-6 oylik kasbiy oʻquv kurslari har bir xizmatchining muayyan mutaxassislik egasi boʻlib yetishishiga xizmat qilmoqda. Ushbu kurs­larni muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikatlar berilishi ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirib, kelajakda munosib ish oʻrniga ega boʻlishi uchun zamin yaratadi.

Sohadagi islohotlar doirasida harbiy xizmatni ado etib uyiga qaytgan yigitlarning  fuqarolik hayotiga tez va muvaffaqiyatli moslashuvini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Endi xususiy sektorda mehnat faoliyatini boshlash yoki yangi kasb egallash istagida boʻlgan sobiq harbiy xizmatchilarning kasbiy va qayta tayyorlash xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan vaucher asosida qoplab beriladi. Kezi kelganda aytish kerak, ayni imtiyoz va imkoniyatlar armiya yoshiga yetgan yigitlarni harbiy xizmatga qiziqishlarini oshirib yubordi.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati taʼlim, bandlik, tadbirkorlik va harbiy sohalarni oʻzaro uygʻunlashtirgan holda amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, bugun armiyada xizmat qilayotgan yigitlar nafaqat yuksak harbiy tayyorgarlikka ega askar, balki keng dunyoqarashli, zamonaviy bilim va kasb-hunar sohibi boʻlmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, muddatli harbiy xizmatni oʻtash yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻliga aylanmoqda. Bu esa yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, navqiron avlodning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish va kelajagiga sarmoya kiritish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganining yaqqol namunasidir.

Kitobxon harbiylar safi kengaymoqda

Bugun harbiy yoʻnalishda ham kitob oʻqimasdan, ilm olmasdan, sunʼiy aql imkoniyat­laridan foydalanmay turib muvaffa­qiyatga erishib boʻlmaydi. Shu bois, milliy armiya­miz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning jismoniy-jangovor tay­yorgarligi bilan birga intellek­tual salohiya­ti, boshqacha aytganda, zamonaviy ­bilim va koʻnikmalari, shuning­dek, kitobxonligi ham muhim mezonlardan biri sifatida koʻrilmoqda.

Tizimda kitobxonlikni keng targʻib qilish, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish, harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va ularni mutolaaga jalb etishga alohida eʼtibor berilmoqda. Harbiy tuzilmalardagi ziyo maskanlari kitob fondi boyitilib, posbonlar kunning istalgan vaqtida mutolaa qilishi uchun keng shart-sharoitlar muhayyo etilayotir. Joriy yil yakunigacha yurtimizdagi barcha harbiy qism va muassasalarni bir million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash belgilangan.

— Kutubxonamiz fondi boyib, unda saqlanayotgan elektron adabiyotlar soni koʻpayib borayotgani quvonarli, — deydi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Serjantlar tayyorlash oliy maktabi kutubxonachisi Guljahon Musurmonova.
— Harbiyning, u xoh askar, serjant, xoh ofitser boʻlsin, badiiy va sohaga doir kitob­larni oʻqishi uning xizmatdagi faoliyatida oʻz ijobiy natijasini beradi deb oʻylayman.
Shu maʼnoda, armiyada bu borada qilinayotgan ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Kitobxon Vatan himoyachilari safi kengaymoqda.   

Maʼlum qilishlaricha, joriy yildan boshlab har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respub­lika kitobxonlik tanlovi oʻtkazilishi ­rejalashtirildi.

— Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va oliy harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi, — deydi mudofaa vaziri maslahatchisi Olimjon Oʻsarov.
—  Yakunda esa saralash bosqichlari gʻolib­lari oʻzaro bellashadi. Tanlovning  toʻrt gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni — Prezidentimiz bosh sovrini — zamonaviy elektromobil bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilarga pul mukofoti va diplomlar topshiriladi.

“Maʼnaviyat qalqoni” tanlovining bunday keng qamrovda tashkil etilayotgani harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy dunyo­qarashini boyitish va intellektual salohiya­tini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi. Aytish lozim, harbiy xizmatchining jangovar tayyorgarligi qanchalik muhim boʻlsa, uning maʼnaviy-ruhiy barqarorligi, mustaqil fikrlashi va bilim saviyasi ham shunchalik ahamiyatlidir.

Kitobxonlik haqida gap ketganda, joriy yil 22-may kuni davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start bergani haqida aytmasak boʻlmas.  Boshlangan “Milliy kitobxonlik harakati” das­turining umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etishi, mazkur tadbirning final bosqichi Prezident darajasida oʻtkazilishi, bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanishining oʻzi mazkur harakat nufuzi nechogʻliq yuqoriligidan darak beradi.  Ochigʻi, bunaqasi hali boʻlmagan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bosh­langan bu boradagi keng qamrovli ishlar yoshlarni, jumladan, Qurolli Kuchlar tizimi xizmatchilarini kitob mutolaasi, ilmga chorlashda yuksak samaralar berishi shubhasiz.

Xolmurod SALIMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri