Joriy yilning 18–19 may kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) hamkorligida “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish” mavzusidagi birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli forum xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya tizimini rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo, Osiyo, Yevropa, AQSh hamda boshqa mintaqalardan 40 dan ortiq davlat vakillarini bir maydonga jamladi. Unda 600 dan ortiq ishtirokchi, jumladan vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro forumda migratsiyaning barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sishdagi roli, mehnat bozorining globallashuvi hamda migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari keng muhokama qilindi.

Xalqaro migratsiya tashkilotining 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, bugun dunyo bo‘ylab 304 millionga yaqin xalqaro migrant mavjud bo‘lib, ularning 168 millioni mehnat migrantlaridir. Ular jahon iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shib, qariyb 905 milliard AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazmalarini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida bir qator xalqaro kelishuvlar va uchrashuvlar amalga oshirildi. Jumladan, xalqaro ish beruvchilar bilan 20 dan ortiq hamkorlik shartnomalarini imzolashga kelishildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida xorijda ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarni zamonaviy kasblar va tillarga o‘qitishga ixtisoslashgan “INTIL” xalqaro til va kasb markazi ochildi.

Markaz infratuzilmasi 600 o‘rinli o‘quv xonalari, 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari, 120 o‘rinli imtihon markazi hamda 400 o‘rinli yotoqxonadan iborat. Bu yerda hamshiralik, payvandchilik, santexnika, elektrotexnika, mexatronika, yuk mashinasi haydovchiligi, HoReCa sohasi va boshqa yo‘nalishlarda amaliy ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Markazda nemis, yapon, koreys, rus, ingliz, italyan va fransuz tillari o‘qitiladi hamda xalqaro sertifikatlarga tayyorgarlik jarayonlari amalga oshiriladi.

Forum doirasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida ham muhim kelishuvlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktor o‘rinbosari Elyor Toshtemirov Yaponiya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Yaponiyaning FESCA tashkiloti direktori Kadzutaka Nakao ishtirok etdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va Yaponiya mehnat bozoriga O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz, tartibli va qonuniy tarzda yo‘naltirish masalalarini muhokama qildi.

Kadzutaka Nakao O‘zbekistondagi islohotlar, infratuzilma va mehnat migratsiyasi sohasidagi yangilanishlarga yuqori baho berdi hamda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Migratsiya agentligi Qashqadaryo hududiy filiali rahbari Javohir Tursunov forum doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro kelishuvlar haqida ma’lumot berdi.

— Forum doirasida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Migratsiya agentligi Qashqadaryo hududiy filiali va Isroil davlati elchixonasi hamda Isroil Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, kelishuvga erishildi. Bunda fuqarolarimizni qurilish sohasi, xizmat ko‘rsatish sohalariga tartibli ishga yuborish, shuningdek Yaponiya, Janubiy Koreya, Serbiya davlatlari bilan O‘zbekiston fuqarolarini tartibli, xavfsiz va qonuniy migratsiyaga yuborish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, — dedi Javohir Tursunov.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish orqali O‘zbekiston fuqarolari uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratilmoqda.

Forumda so‘zga chiqqan Migratsiya agentligi direktor o‘rinbosari Elyor Toshtemirov migratsiya siyosatida inson qadriga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

— Fuqarolar xorijga chiqishdan oldin maxsus tayyorgarlik kurslaridan o‘tkaziladi. Bu kurslar Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM), ICMPD va GIZ kabi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan dedi, — Elyor Toshtemirov.

Fuqarolar borilayotgan davlat qonunchiligi, madaniyati va mehnat tartiblari bo‘yicha to‘liq tayyorgarlikdan o‘tadi dedi, u.

Shuningdek, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga bepul huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan alohida ta’kidladi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi xalqaro migratsiya forumi O‘zbekistonning global migratsiya siyosatida faol ishtirok etayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Forum natijalariga ko‘ra, mamlakat xalqaro hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasida yangi bosqichga chiqmoqda.

Ekspertlar fikricha, mazkur forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun migratsiya sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Zulxumor Akbarova