Uy bekasi bir etak nabiralari bilan nonushta qilayotgan ekan. Dasturxonda bir kosa qaymoq, non.
— Tomorqa ishlaridan ortib, nonushtaga endi vaqt topgandik, — deya bizni
dasturxonga taklif qildi oila bekasi samimiy.
Bu yerda ortiqcha hashamat yo‘q, hamma narsa oddiy. Saranjom-sarishta
hovli, peshayvon atrofida o‘sib turgan gul-chechaklar dilingizga huzur bag‘ishlaydi.
Oilaniing asosiy daromad manbai — issiqxonada erta tongda ishlash ham qulay, ham
barakali bo‘ladi. Kun isib ketgach, bu ishlarni bajarish birmuncha qiyinlashadi.
Kimdir o‘choq boshida, yana biri uy yumushlari bilan andarmon.
Maqolamiz qahramoni, jismoniy imkoniyati cheklangan Ro‘zixon Haydarova
bilan tanishuvimiz shunday kechdi. Opaning ruhi tetik, so‘zamol, samimiy. Ikki qo‘li
nogiron bo‘lsa-da, dardlarga engilmaslik, tushkunlikka tushmaslikni mehnat orqali
o‘rgandi. “Nogironman, menga yordam bering”, deyish tugul, bu haqda o‘ylashni ham
istamaydi. Bajarayotgan yumushlaridan zavqlanib yashashga odatlangan. Farzandlarini
ham hayotning shu haqiqatlariga monand tarbiyalab, kamolga yetkazdi. Turmush o‘rtog‘i,
ikkinchi guruh nogironi G‘ulomjon bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganiga 38 yil bo‘libdi.
Umr yo‘lini belgilab turuvchi yillar silsilasi bu oilaga ko‘p sinov berdi. Ba’zan
quvonch, ba’zan mahzun kunlar oila qo‘rg‘onini yanada mustahkamladi, bir-biriga
ishonchni oshirdi.
— Mana bu bizning “inkubatorimiz”, — deya ayol hovli sathidagi choqroq, qo‘lbola usulda qurilgan
issiqxonani ko‘rsatadi. — Hozirga
qadar besh marta sarxil sabzavot ko‘chatlarini yetishtirdik. Daromadimiz 30 million
so‘mdan oshdi. Ehtiyojimizdan ortgan nihollarni qo‘ni-qo‘shnilarga beramiz, bozorga
olib chiqamiz... Asli Oltiariqning Eski arab qishlog‘idan kelin bo‘lib tushganman.
O‘sha kezlari bu tomorqalarda faqat chorva uchun ozuqabop ekin yetishtirib, bir marta
hosil olingan. Otam usta tomorqachi bo‘lgan. Hayhotdek yerni bo‘sh qoldirishdan
xijolat bo‘lib issiqxonada bodring, sabzavot yetishtira boshlaganimda uydagilar
“Qiynalib qolasan”, deb avvaliga ro‘yxo‘shlik bermagan. Keyinchalik mehnatim,
intilishimni ko‘rib, qo‘llab-quvvatlashdi, duo qilishdi. U paytlari hozirgidek
sharoit, imkoniyat yo‘q edi. Yerga turli ko‘chat ekib, yarim metrcha balandlikda plyonka
bilan qoplab parvarishlardik. Bugun hammasi o‘zgarib ketdi. Imtiyozli kredit
hisobiga 4 sotix issiqxona qurib berildi. Ayni kunda yetilgan bodringni bozorga
chiqaryapmiz. Ming tupdan ortiq karam, sarimsoqpiyoz o‘sib, baravj rivojlanyapti.
Hosilni terib olgach, qalampir ekamiz. Bularning barchasi tinchlik-totuvlik,
hamjihatlik mahsuli. Oilamizda bekor yurgan odam, bo‘sh qolgan joy yo‘q hisob.
“Shuncha kuch-g‘ayratni qayerdan olasiz, toliqib qolmaysizmi?” deb so‘raymiz
opadan.
— Jismoniy imkoniyatim cheklangan bo‘lsa ham boshqalardan ortda
qolmaslikka harakat qilganman, intilganman, izlanganman. Shu tariqa og‘riq,
qiyinchilik, kamsitishlarni unutishga harakat qilganman. Bo‘sh qoldim deguncha,
tomorqa yumushlari bilan andarmon bo‘laman. Turmush o‘rtog‘im gapira olmaydi, ammo
farzandlarim doim bizga tayanch. Bir ish boshlasak, hammamiz bir yoqadan bosh
chiqaramiz. O‘tgan yili ikki o‘g‘limga imkoniyati cheklangan shaxs sifatida imtiyozli
tarzda 20 sotix ekin maydoni ajratib berildi. Bu yerga sabzavot ekib, daromad
olyapmiz. Mehnatdan topgan daromadimiz ro‘zg‘orimizga juda asqatadi. Birovdan kam
joyimiz yo‘q. Bir o‘g‘lim Nuriddin harbiy xizmatchi, ikkinchisi maktabda informatika
fanidan dars beradi. Qizimiz ham uyli-joyli bo‘lib ketgan. O‘n nafar nabiramiz
bor. Bitta oila uchun bundan ortiq yana nima kerak?! Ularning quvonchini ko‘rsak,
charchoqni, nogironligimizni ham unutamiz. O‘tgan mavsumda ro‘zg‘or kam-ko‘stidаn
orttirib, motoroller ham sotib oldik. Nasib bo‘lsa, bu yil avtomashina xarid
qilishni ko‘zlab turibmiz. Keyin Toshkent, Samarqand, Buxoroga sayohat qilsak,
deyman-da. Aytishadi-ku, “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”.
Hozirgi sharoitlar menga kuch-g‘ayrat beradi. Yoshlikimda ko‘rgan kunlarimni bugungi
shirin hayotga qiyoslab bo‘lmaydi axir. Bu yurtda yashashning o‘zi katta baxt. Hali
rejalarim ko‘p.
Oddiy, kamtar, kamsuqum oilaning hayot tarzi ko‘plar uchun ibratli.
Xonadon a’zolari o‘zi istagandek yashayotganidan, oilasi ravnaqiga hissa
qo‘shayotganidan mamnun. Ayrimlar tan-joni sog‘, to‘rt muchasi but bo‘lishiga qaramay,
yirtiqni yamashga ham erinadi. Ahvolini pesh qilib, mutasaddi idoralar eshigidan
beri kelmaydi. Ro‘zixon opa bunday ishlarga odatlanmagan. Hayotga hamisha umid
bilan boqadi, faqat olg‘a intiladi. Bu sa’y-harakatlar uning hayot maktabida o‘z
o‘rnini topishi, bir oilaning munosib bekasi bo‘lishiga yordam berdi.
— Hammasi uchun xalqimizdan minnatdorman, — deydi Ro‘zixon opa. —
Mahallamizga hokim yordamchisi kelgach, hayotimizda o‘ziga xos o‘zgarish,
rivojlanishlar sodir bo‘ldi. O‘tgan yili imtiyozli kredit hisobidan g‘unajin sotib
olgandik. Yaqinda buzoqlaydi. 50 dan ortiq parrandamiz bor. Har kuni 25-30 ta
tuxum terib olaman. Mahallamizda asfaltlanmagan ko‘cha, suv yetib bormagan
xonadon qolmadi. Elektr tarmoqlari yangilandi, suyultirilgan gaz, ko‘mir ta’minotida
uzilish yo‘q. Buning uchun shukr qilishimiz kerak.
Bunday insonlarning mehnatsevarligi, hamma narsaga nekbinlik bilan
qarashi xonadonga o‘zgacha fayz, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab turganini yaqqol his
etasiz.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O‘zbekiston”
muxbiri