Xonlikning tashkil topishida oʻzbeklarning ming urugʻi vakillari faol ishtirok etgan.

Shohruxbiy Qoʻqon xonligining birinchi hukmdori boʻlgan. Mahmud Hakim Yayfoniyning “Xullas ut-tavorix”, Muhammad Fozilbekning “Mukammali tarixi Fargʻona” va Mullo Olim Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarlarida Shohruxbiyning taxtga oʻtirishi boshqacha tasvirlanadi. Mazkur asarlarda oʻsha davrlarda, yaʼni XVIII asrning boshlarida Qoʻqon atrofidagi hududlarga Chodak xojalari hokimlik qilgani, Shohruxbiy hokimiyatni ulardan kuch bilan tortib olgani qayd etiladi.

U hukmronligining dastlabki davrlaridan boshlab saltanatni mustahkamlash siyosatini yuritdi. Shohruxbiy davrida yangi tashkil topgan davlatning maʼmuriy hududi u qadar katta boʻlmay, asosan, Fargʻona vodiysining shimoliy va markaziy qismlarini qamrab olgan edi. Shunga qaramay, dastlabki davrlardanoq uning markaziy va mahalliy boshqaruv tizimi shakllana boshladi. Shohruxbiy har ikki tizim oʻrtasidagi aloqani mustahkamlashga intildi.

Buxoroda ashtarxoniylar oʻrniga kelgan mangʻitlar sulolasiga davlat boshqaruvi, harbiy salohiyat, maʼmuriy tizim meros boʻlib qolgan boʻlsa, Qoʻqon xonligida minglar bu tizimni avvaldan oʻzlari ishlab chiqishga majbur edi.

Shu oʻrinda “Tarixi Turkiston” asari muallifi Mullo Olim Maxdum Hojining quyidagi maʼlumoti diqqatga sazovor: “Shohruxxon... Namangan sarhadidan to Shohidon va Ponsodi Gʻoziyga, alhol Pongʻoz deb ataladur, hukumatini joriy qilib, ul viloyatga voliy va hokim tayin aylab, fath va nusrat birla qaytib kelib tushubdur”.

Ushbu maʼlumotdan Shohruxbiy hukmronligining ilk kunlaridan boshlaboq nafaqat markaziy, balki mahalliy boshqaruv tizimini ham shakllantirib, Markaziy Osiyodagi davlatchilik anʼanalarini davom ettirgan holda davlatni boshqarishga harakat qilgani anglashiladi.

Hukmdor Shohruxbiyning avlodlari yangi tuzilgan davlatning hududini kengaytirish siyosatini tutdi. Bu siyosatning amaldagi tatbigʻi asnosida davlatni boshqarish asoslari shakllanib bordi. Xususan, oʻn ikki yillik hukmronlik davridan soʻng vafot etgan Shoxruhbiy oʻrniga — taxtga toʻngʻich oʻgʻli Abdurahimbiy oʻtiradi. U mamlakat siyosiy qudratini oshirish, hududiy chegarani kengaytirish maqsadida harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Harbiy harakatlar davomida qoʻlga kiritilgan hududlarni boshqarish uchun aka-ukalari, qarindosh-urugʻlari, amaldorlarga boʻlib berdi.

Masalan, Buxoro xonligiga tegishli Xoʻjand viloyatini egallab, ukasi Abdukarimbiyni hokim etib tayinlaydi. Kichik ukasi Shodibiy esa Margʻilon viloyatiga hokim boʻldi. Harbiy harakatlari natijasida Abdurahimbiy bir oz muddat boʻlsa-da, Buxoroga qarashli Samarqand, Jizzax va Kattarqoʻrgʻonni ham tasarrufiga kirgizib, Samarqandga Mullo Bechorani, Jizzaxga Ollohqulibek dodxohni hokim etib tayinladi. Qoʻqonga qaytishda xonning oʻzi ogʻir dardga chalinib, Xoʻjandda vafot etdi. Uning hukmdorlik davrida Fargʻona vodiysi toʻliq markazlashgan davlatga aylandi.

Abdurahimbiy vafotidan soʻng Qoʻqon taxtiga ukasi Abdukarimbiy oʻtirdi. U ham akasi singari mamlakat farovonligi, yurt obodligi uchun munosib hukmdorlik qildi. Xonning davlat boshqaruvidagi faoliyati haqida “Ansob us-salotin” asarida “Abdukarimxon shijoatlik, sipoh va fuqarogʻa shafqatlik, Xudovandi taologa ibodatlik erdi”, deb taʼrif beriladi. Abdukarimbiy poytaxt — Qoʻqon shahrini kengaytirib, aylantirib devor qurishga buyruq berdi. Oʻsha vaqtda Qoʻqon shahrining toʻrtta darvozasi qurilgan. XVIII asr birinchi yarmida xonlikning shimolidan kirib kelgan koʻchmanchi jungʻor qabilalari hujumini qaytarib, markazlashgan hokimiyatni mustahkamladi.

Qoʻqon taxtida 17 yil hukm surgan Abdukarimbiy vafotidan soʻng hukmron doira vakillari oʻgʻli Abdurahmonbiyni xon etib koʻtaradi. U atigi 9 oy hukmronlik qiladi. Qoʻqonning keyingi hukmdori — Abdurahimbiyning oʻgʻli Erdonabiy davrida mamlakat hududini kengaytirish ishlari davom etdi, yurt obod va farovon boʻldi.

Erdonabiy oʻn yil hukmronlik qilib vafot etgach, taxtni Shodibiyning oʻgʻli Sulaymonbiy va Abdurahmonbiyning oʻgʻli Norboʻtabiy egalladi. Manbalarda Norboʻtabiy hukmronligi davrida mamlakat iqtisodiyoti yuqori darajaga koʻtarilgani qayd etiladi. Bu holat Qoʻqonga qarshi tashqi xavf boʻlmagani hamda ob-havo va tabiiy sharoit yaxshi kelgani bilan izohlanadi.

“Tarixi Turkiston” asari muallifi “Pul ul xonning zamonida joriy qilinibdur”, deb maʼlumot beradi. Lekin muarrixning bu maʼlumotiga asoslangan holda xonlikda shu davrga qadar pul muomalasi boʻlmagan deb xulosa qilmaslik kerak. Xonlikda aynan Norboʻtabiy davrida moʻl-koʻlchilik tufayli arzonchilik yuqori darajaga yetgan. Bu holat mayda chaqa pul zarb etish zaruratini tugʻdirgan. Norboʻtabiy pul islohotini oʻtkazib, “qora fulus” deb nomlangan eng mayda chaqa zarb ettiradi.

Manbalarda Norboʻtabiy nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki siyosiy sohada ham yuzaga kelgan turli chigal vaziyatlarni hal qila olish qobiliyatiga ega hukmdor sifatida qayd etiladi. Hukmronligining soʻnggi yillarida ukasi Hojibek bilan oʻrtalarida paydo boʻlgan adovatni ijobiy hal qilishga erishadi. Shuning uchun ham u Qoʻqon xonlari orasida eng uzoq muddat — 36 yil davlatni boshqargan. Norboʻtabiyning oliy hukmdor sifatidagi bu faoliyati xonlikda davlatni boshqaruv tamoyillari shakllanib, rivojlanib borgani va Qoʻqon hukmdorlari ulardan yaxshi xabardor boʻlganini koʻrsatadi.

Norboʻtabiy vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan Olimxon davlatni idora etishda fuqarolarni ijtimoiy himoyalash va ishsizlik masalasida ham samarali islohotlarni oʻtkazgan. “Tarixi Shohruxiy” asarida Olimxon mamlakatdagi gadoylar, devona va ishyoqmas odamlarni gʻalla va oʻtin tashish ishlariga jalb qilgani qayd etiladi.

Umarxon 1810-yili Qoʻqon taxtini egallaydi. U mamlakatda davlatchilik asoslarini mustahkamlashga harakat qiladi. Xususan, tashqi aloqalarni yoʻlga qoʻyishda muhim ishlarni bajaradi. Davlat taraqqiyotida tashqi savdo aloqalarining oʻrni beqiyosligini toʻgʻri anglab, Qoʻqon xonligi va Rossiya oʻrtasidagi dastlabki savdo diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻyadi hamda 1812-yili bu davlatga elchi yuboradi. Umarxon Qoʻqon adabiy muhitining shakllanib, rivojlanishiga katta hissa qoʻshgani, qolaversa, oʻzi ham Amiriy taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼr bitgani yaxshi maʼlum.

1822-yili ogʻir kasallik tufayli vafot etgach, taxtga Umarxonning 14 yoshli oʻgʻli Muhammad Alixon oʻtiradi. U ham oʻzidan oldin oʻtgan hukmdorlar kabi faol tashqi siyosat yuritdi. Koshgʻarda yuz bergan voqealar xonning bu hududdagi harakati va Xitoy bilan munosabatlarining keskin tus olishiga sabab boʻldi.

Muhammad Alixon hukmronligining soʻnggi davrida xonlikdagi davlatchilik anʼanalaridan chekindi. Davlatni mutlaq yakka hokimlik uslubida boshqarishga harakat qilgani, hukumat ishlarini hal etishda amaldorlar va ulamolar fikri bilan hisoblashmaganini tarixiy manbalardagi maʼlumotlar tasdiqlaydi. Shuningdek, uning markaziy boshqaruvda yuqori mavqega ega ayrim mansabdorlarni qatl ettirgani va badargʻa qilgani hokimiyatning zaiflashuvi, muxolifat kuchlarning mamlakat tashqarisida birlashib, harakat qilishiga imkon yaratdi.

Qoʻqon xonligi markaziy hokimiyatida vujudga kelgan bunday vaziyatdan muxolif kuchlar unumli foydalandi. Buxoro amiri Nasrulloxonni gijgijlab, Qoʻqonga qarshi qoʻshin tortishga undaydi. 1842-yili Nasrulloxon Qoʻqonni zabt etadi va Nodirabegim, Muhammad Alixon hamda xonning ukasi Sulton Mahmudxonni, shuningdek, hukmron sulolaning bir necha vakillarini qatl ettiradi.

Davlatning tanazzulga yuz tutishi

XIX asrda Qoʻqon taxtiga dastlab Sheralixon, soʻng avlodlari Xudoyorxon, Mallaxon, Sulton Sayidxon, Nasriddinxon oʻtiradi. Taxt uchun oʻzaro kurashlar, iqtisodiy bosim tufayli xonlikda inqiroz yuzaga keladi. Bundan esa tashqi kuchlar, jumladan, Rossiya imperiyasi unumli foydalanadi.

Mallaxon xonlikning harbiy salohiyatini oshirish va tashqi kuchlarning bosqinchiligiga qarshi kurashish uchun muntazam qoʻshin tuzishga harakat qildi. 1859-yil 28-noyabrda Xiva xonligi bilan shartnoma imzolab, Rossiya imperiyasi qoʻshiniga qarshi birgalikda yurish qilishga kelishib olgan edi. Biroq 1862-yilda Mallaxonning oʻldirilishi bu shartnomaning bekor boʻlishiga olib keldi. 1865-yili Rossiya imperiyasi qoʻshinlari Toshkentni bosib oldi. Oqibatda xonlikdagi taxt uchun kurashlar, siyosiy va iqtisodiy bosimlar tufayli davlat tanazzulga yuz tutdi.

1875-1876-yillardagi ichki kurashlardan foydalangan Rossiya imperiyasi qoʻshinlari xonlikning poytaxtini egalladi va 1876-yil 19-fevralda Qoʻqon xonligi butunlay tugatilgani eʼlon qilindi.

Diplomatiya va konsullik idorasi

Qoʻqon xonligi 1759-yilda Xitoyning Ching, 1810-yilda Rossiya, 1820-yilda Usmoniylar imperiyalari, shuningdek, turli yillarda yaqin qoʻshni davlatlar — Buxoro amirligi, Xiva xonligi, qozoq juzlari bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan. Bundan tashqari, xonlikning chet eldagi boshqaruv shakllaridan biri oqsoqollik tizimi, yaʼni konsullik idorasi boʻlgan. Idorada xon yorligʻi ostida faoliyat yuritgan oqsoqol, zamonaviy taʼbir bilan aytganda, konsul chet elda, jumladan, Rossiya imperiyasining Astraxan, Sibir hududlarida hamda Xitoydagi Ching imperiyasining Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan, Turfon, Kuchor, Urumchi, Gʻulja shaharlarida savdo va hunarmandchilik bilan shugʻullanayotgan Qoʻqon xonligi fuqarolarining huquqlarini himoya qilgan. Bunday yorliqlarga ega boʻlgan oqsoqollar Sharqiy Turkistonda ham istiqomat qilgan.

Qoʻqonning hozirgi Xitoy hududidagi konsullik idorasi 1762-yilda turkistonlik savdogarlar tomonidan Yorkentda mustaqil uyushma sifatida tashkil qilingan. Qoʻqonlik savdogar Rizoquli Yorkentdagi turkistonlik savdogarlarning oqsoqoli etib tayinlangan. Ikkinchi oqsoqol esa Koshgʻarda tayinlangan boʻlib, u toshkentlik savdogar Neʼmatjon edi. 1808-yilda u vafot etgan. Qoʻqon oqsoqoli lavozimiga boy yoki amaldor boʻlgan savdogarlar toifasidagi shaxslar, keyinchalik harbiylar ham ijara sharti bilan tayinlangan.

1828-yilda Qoʻqon xonligidan kelib, Xitoyda istiqomat qilgan 5122 oila boʻlgan. Ularning 3602 tasi Tyanshanning janubida, yaʼni Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan, Uchturfon, Yangihisor, Kuchor, Oqsuv va boshqa aholi manzillarida, 460 tasi shimolda Urumchi, Gʻulja, Chuguchakdan iborat Ili viloyatida yashagan.

Qoʻqon hukmdori Muhammad Alixon manjurlar hukumatiga bir necha marta elchi yuborgan. Ulardan biri Ayalanbay (Aʼlam pochcha) boʻlib, 1831-1834-yillar oraligʻida bir necha marta manjurlar hukumati poytaxti Pekinga borgan. Bu haqda Qoʻqon muarrixi Tojirning “Gʻaroyib sipoh” (“Qoʻshin ajoyibotlari”) asarida batafsil keltirilgan. Chin imperatori Daoguanning 1832-yil 13-yanvardagi buyrugʻiga koʻra, Xitoyda savdo qilayotgan qoʻqonlik savdogarlardan soliq yigʻib olish ishlari bilan shugʻullanuvchi oqsoqollik instituti rasman tashkil etilgan. Aʼlam pochcha esa oqsoqol konsul lavozimiga tayinlangan.

Muhammad Alixon 1834-yilda Aʼlam pochcha oʻrniga Abdugʻofurni tayinlagan, biroq u oqsoqollik davrida qoʻqonlik fuqarolarga nisbatan zolimligi bilan mashhur boʻlgan. Shu sababli u Muhammad Alixonning buyrugʻiga koʻra dorga osilgan. Tarixchi Qurbon Ali Ayaguziy “Tarixi xamsai sharqi” asarida Abdugʻofurdan soʻng Neʼmatjon oqsoqollik mansabiga tayinlangan deb yozgan. 1842-yildan 1844-yilgacha Roʻzi oqsoqol konsul boʻlgan. Qoʻqon hukmdori Xudoyorxon davrida asli toshkentlik savdogar Neʼmatjon dodxoh oqsoqol etib tayinlangan. 1852-1853-yillarda xoʻjandlik Bayjonbiy, 1855-1856-yillarda Sayid Oʻroq oqsoqol boʻlgan.

Qoʻqon oqsoqoli mansabining qachon tugatilgani haqidagi maʼlumotlar ham bahsli. Qurbon Ali Ayaguziyning “Tarixi xamsai sharqi” asarida yozilishicha, “Ushbu oqsoqollik manjurlar hukumatiga qarshi koʻtarilgan dungʻon-uygʻur qoʻzgʻolonlaridan soʻng tugatilgan”. Ammo XIX asrning 60-yillaridagi Qoʻqon sarkardasi Muhammad Yoqubbekning Yettishahar davlati davrida Qoʻqon oqsoqolligi tugatilmaganini koʻrish mumkin. Qoʻqon xonligi davrida tashkil etilgan oqsoqollik tizimi 1876-yili xonlik tugatilgandan soʻng ham faoliyatini toʻxtatmagan. Bu oqsoqollik tizimi XIX asr oxiri — XX asrning boshlarida Oqsuv, Gʻulja, Uchturfon, Yorkent, Xoʻtan, Kuchor, Qorashahar, Lobnor, Turfon, Xami, Keriya va Dunxuan kabi shaharlargacha kengayib borgan.

Sherali QOʻLDOSHEV,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi

Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi,

tarix fanlari doktori