Joriy yil 17-mart kuni Prezidentimiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor qutladi. Hozirgi gʻoyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmat ekanini, 38 milliondan ziyod aholimiz yagona xalq, ahil bir oila boʻlib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini chuqur his etish zarurligini taʼkidladi.
Ramazon hayiti arafasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun munosib tuhfa boʻldi. Ushbu betakror va buyuk majmua — mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyati, yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, oʻzining qanday ulugʻ meros egasi ekanini his etib, qalbi gʻurur va iftixorga toʻladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi 2025-yilning oʻzidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uygʻotgani, ular orasida qator davlatlar Prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazirlar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligi eʼtirofga molik. Loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar qatnashgani ham inshootning mahobatidan dalolat beradi.
Prezidentimizning Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi ham yurtdoshlarimiz va dunyo musulmonlarining eʼtibori markazida boʻldi. Yangi Oʻzbekistonning durdonasi boʻlgan bu majmuaning qoq markazidan buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi oʻrin olgan. 14 ta moviy gumbaz, 75 metrli 4 ta minora qadamjoga ulugʻvor qiyofa bagʻishlaydi.
Imom Buxoriy majmuasida ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bajarilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Natijada ilgari ziyoratgohda bir kunda 12 ming kishiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, hozir kuniga 65 ming ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega boʻldi. Majmua huzurida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etildi. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.
Navroʻz bu yil ana shunday buyuk tarixiy voqealar bilan birga muborak Ramazon hayiti bilan uygʻun kelgani alohida ahamiyat kasb etdi. Butun yurtimiz boʻylab nishonlangan bayram shodiyonalari “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan ezgu tamoyilga hamohang boʻldi.
Navroʻz tabiatning yangilanishiga monand inson qalbidagi ezgu niyatlar, saxovat va bagʻrikenglik tuygʻulari yanada kuchayadigan qutlugʻ ayyom. Milliy qadriyatlarimizni yorqin ifoda etib, jamiyatda birlik va hamjihatlikni mustahkamlaydi, tabiatni asrash, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat qiladi.
Shunday shukuhli kunlarda butun borliq jonlanishiga hamohang odamlar ham faol harakatga keldi. Hududlarda keng miqyosli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Zero, Navroʻz falsafasida milliy qadriyatlar, xalqimizga xos fazilatlar bilan birga atrof-muhitni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash gʻoyasi mujassam.
Ona zaminga mehr va ehtirom koʻrsatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash, ekologik madaniyatni yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratish bugun har qachongidan ham muhim.
Bu jihatlar Prezidentimizning shu yil 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishuvida ham alohida qayd etildi. Taqdimotda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.
Eʼtiborli jihati, poytaxtimizda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etish konsepsiyasi taqdimoti ham oʻtkazildi. 108 gektar boʻlishi belgilangan ushbu yirik yashil hududda 50 ming tup daraxt koʻchati va 100 ming tup buta ekilishi nazarda tutilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmli “tabiat oʻpkasi”ga ega park biologik xilmaxillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Soddaroq aytganda, bogʻ havo haroratini 2-4 daraja pasaytirib, namlikni 10-15 foiz oshirishi mumkin.
Qayd etilganidek, Milliy dendrologiya bogʻi faqat koʻkalamzor hudud boʻlmaydi. Bu yer ilmiy, maʼrifiy va jamoatchilik makoni sifatida ham shakllantiriladi. Bogʻning markaziy qismida 1 gektarli sunʼiy koʻl va atrofida sakura bogʻi barpo etiladi. Bu yer universitetimiz uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekotaʼlim markaziga aylanadi.
“Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni oʻzaro bogʻlagan holda yangi tizim yaratiladi. Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi munosabati bilan 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 14 hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular ham universitetimiz tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktirilishi belgilandi.
Loyihaga koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028/2029 oʻquv yiliga borib, 10 mingga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, “yashil iqtisodiyot”, atrof- muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻnalishlar ochiladi. Taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miqdorda mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, taqdimotda choʻllanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohida koʻrib chiqildi. Ushbu loyihaga alohida toʻxtalayotganimiz boisi shuki, mazkur yoʻnalish boʻyicha universitetimizga katta masʼuliyat yuklandi. Xususan, yurtimiz hududining 70 foizi arid (juda quruq iqlimga ega) zonadan iborat. Yerning 70 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchragan. Bu iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.
Shu munosabat bilan universitetimiz huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi kutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi. Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yer holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi. Qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi. Tuproqning kimyoviy va fizikaviy tahlil tizimi takomillashtiriladi. Natijada choʻllanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi. Orolboʻyi va qurgʻoqchil hududlarda yashil qoplama hududi kengaytiriladi. Yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Kelajakda hamma soha ekologiya bilan hamohang boʻladi. Prezidentimizning 2023-yil 31-maydagi qarori asosida tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida zamonaviy ekologik yoʻnalishlar qamrab olingan. Mazkur oliy taʼlim muassasasi butun faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va iqlim oʻzgarishlari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan mintaqadagi ilk ixtisoslashgan universitetdir. Oliygohda atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasida ommaviy kommunikatsiyalar yoʻnalishlari ochilgan. Oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Zero, yoshlarimizning ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumot olishi, bilimli, malakali va raqobatbardosh kadrlar boʻlishi tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat va jamiyat rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxtiyor POʻLATOV,
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini
oʻrganish universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor