Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etiladi.
Shu yilning o‘zida “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” tizimi uchun 120 milliard so‘m ajratiladi. Talab bo‘lsa, ushbu mablag‘ ko‘paytirib boriladi.
Xorijiy tilni puxta o‘rganib, yuqori natija bilan sertifikat olgan yoshlarga bu xarajatini qoplash tizimi o‘zini oqladi. Prezidentimiz buni xalqaro kasb sertifikatini olganlarga ham tatbiq qilishni taklif etdi.
Yoshlarga kasb o‘rgatishning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi.
Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti beriladi.
Yana bir yangilik – xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan davlat va xususiy texnikum o‘quvchilari 100 million so‘mdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 million so‘mdan mukofot oladi.