Mazkur tadbirda institutning mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, yuridik kadrlarni tayyorlash tizimidagi islohotlar natijalarini yoritish hamda sohadagi dolzarb yo‘nalishlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Dastlab, press-tur ishtirokchilari institutda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishtirildi. Xususan, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalar, amaliy sud-huquq jarayonlarini modellashtirish imkoniyatlari hamda raqamli ta’lim infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
— Tuzilgan dastur asosida bevosita ekspertlarimiz o‘qitiladi va ularning malakasi oshiriladi. Endilikda ushbu jarayonlar amaliyot bilan uyg‘un holda olib boriladi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan ham tegishli tajriba va bilimlar ulashilmoqda, — dedi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti matbuot kotibi Nuriniso Nurmuhammedova.
Shundan so‘ng institutning bir yillik faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etildi. Unda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar keng yoritildi. Shuningdek, OAV vakillari ishtirokida ochiq savol-javoblar tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, qisqa vaqt ichida katta miqdordagi tinglovchilar qamrab olindi. Shu bilan birga, ta’lim sifati masalasi doimo ustuvor bo‘lib qolayotgani, natijadorlikni real baholash va amaliy samaradorlikni o‘lchash mexanizmlari joriy etilgani qayd etildi.
Institut faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF–80-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Mazkur Farmon asosida Adliya vazirligi huzuridagi to‘rtta malaka oshirish markazi negizida yagona institut shakllantirilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 martdagi 171-son qarori bilan uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan.
2025 yil davomida institut tomonidan 423 ta malaka oshirish guruhi tashkil etilib, 37 672 nafar tinglovchi o‘qitildi. Ulardan 17 638 nafari adliya tizimi xodimlaridan iborat bo‘ldi. Masofaviy ta’lim orqali esa 31 527 nafar tinglovchi qamrab olindi.
Uzluksiz kasbiy rivojlanish platformalari orqali 15 900 nafardan ortiq tinglovchi jalb etildi. 2025 yil IV choragi yakuniga qadar 443 ta zamonaviy o‘quv moduli ishlab chiqildi.
Mahalla tizimi bilan hamkorlik doirasida 3 893 nafar mahalla raisi o‘qitildi, 1 054 nafari mediatorlikka tayyorlandi va 2 839 nafari huquqiy bilimlarini oshirdi. Bundan tashqari, 793 nafar pedagog qayta tayyorlandi.
20 nafarga yaqin xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro standartlar asosida kurslar tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida 15 ta memorandum imzolandi, 30 ga yaqin xorijiy tashkilot bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 17 ta uchrashuv va 12 ta xalqaro tadbir tashkil etilib, 20 nafar xorijiy ekspert ta’lim jarayoniga jalb qilindi. 30 nafarga yaqin tinglovchi xorijda malaka oshirdi.
Ilmiy faoliyat doirasida 25 ta o‘quv-uslubiy adabiyot va 74 ta ilmiy maqola tayyorlandi. Qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, 3 ta ixtisoslik bo‘yicha doktorantura yo‘lga qo‘yilib, 30 nafar tadqiqotchi qabul qilindi.
Ochiq muloqot davomida institut rahbariyati tomonidan kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar ham belgilab berildi. Ular qatoriga natijaga yo‘naltirilgan baholash tizimini joriy etish, o‘quv dasturlarini muntazam yangilab borish, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish va ochiqlikni kuchaytirish kiradi.
Tadbir yakunida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Rustam Xursanov quyidagilarni ta’kidladi:
— Bu jamoatchilik oldida ochiqlik, tizimli islohotlarga sadoqat va eng muhimi, kasbiy rivojlanishga berilgan e’tibor ifodasidir. Malaka oshirish bugungi kunda oddiy kurs emas, balki amaliy natija beradigan, zamonaviy muammolarni hal eta oladigan kadrlar tayyorlash vositasidir. Shu bois biz faoliyatimizni ochiq muhokama qilib, kelgusi vazifalarni jamoatchilik bilan birga belgilashni maqsad qilganmiz”, — dedi Rustam Xursanov.
Umuman olganda, mazkur ochiq muloqot institut faoliyatining ochiqligi, tizimliligi va samaradorligini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, bu tadbir nafaqat erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki kelajak rivoji uchun muhim yo‘nalishlarni belgilash maydoniga aylandi.
Muloqotda bepul huquqiy ta’lim olish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ayrim soha vakillari uchun huquqiy bilimlarni bepul oshirish imkoniyati yaratilgani, bu borada institutida maxsus o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgani mutaxassis tomonidan ta’kidlandi.
— “Mahalla huquqshunoslik” loyihasi doirasida mahalla raislarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan bepul kurslar tashkil etilgan. Mahalla raislarini operatsion mediator sifatida tayyorlash bo‘yicha ham bepul o‘quv kurslari mavjud, — dedi Institut direktorining o‘rinbosari Firuzbek Mahmudov.
— Shu bilan bir qatorda, umumta’lim va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan, oliy yuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlar uchun 4 oylik bepul qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan va 2026 yil yakuniga qadar mazkur kurslarda tegishli pedagog kadrlarimiz bepul ravishda ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi, — dedi u.
Mazkur tashabbuslar aholining huquqiy savodxonligini oshirish, mutaxassislarning malakasini yuksaltirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Zulxumor AKBAROVA