Unga ko'ra, joylarda “Mustaqillik to'ylari” boshlab yuborildi. Ha, hozirgi shukuhli kunlarda bayramona kayfiyatda yashayapmiz. Hurriyat haqida, vatan ozodligi, shaxs daxlsizligi haqidagi gurunglar avj olib, ziyolilar chiqishlar qilyapti. Bunday suhbatlar insonga kecha qay ahvolda bo'lganiyu, bugungi yutuqlarini eslatadi. O'zligini anglashga ko'mak beradi.

Odatda biz o'zlik, shaxsiyat haqidagi gaplarni juda oson ifoda etamiz. Aslida, bu juda mas'uliyatli, katta ahamiyatga ega masaladir. Yurt mustaqilligi bir kunda amalga oshishi mumkin. Bunga tarixda etarlicha dalillar bor. Ammo shaxs ­mustaqilligi, erkinligi yillar davomida shakllanib boradigan murakkab jarayondir. Shu ma'noda, bitta jamiyatdagi shaxslar mustaqillikka turlicha vaqtda etib keladi. Biz ham ana shu jarayonni bosh­dan kechirdik va bugun ishonch bilan ayta olamizki, xalqimiz tom ma'noda mus­taqil bo'ldi!

Buni ishonch bilan aytishimizga to'la asos bor, albatta. Birgina vijdon erkinligi orqali fikrimizni dalillasak. Shaxs erkinligi fikr, e'tiqod ­erkinligiga bog'liq. Inson o'zini shaxs sifatida to'la ko'rsata olishi, orzu va maqsadlariga erishishi uchun bu ikki jihat juda muhim. Bunga ortiqcha izoh berish zarurati yo'q, nazarimda.

Ayni o'rinda yana bir jihat. Ya'ni bir shaxsning erki boshqalarning daxlsizlik chegarasiga o'tmasligi zarur. Bu borada insonlarni birdek rozi qilish nihoyatda nozik va murakkab ish. Ayniqsa, mamlakatimizdagi kabi turli millat va elatlar yashaydigan jamiyatda bu yanada dolzarblik kasb etadi. Ikki hissa mas'uliyat yuklaydi. Yangi O'zbekistondagi islohotlarning hayotbaxshligi shundaki, shu murakkab missiya nihoyatda samarali bajarilmoqda. Buning uchun bir necha jihatni, keng ko'lamdagi islohotlarning muayyan qisminigina eslab o'tish kifoya.

Mustaqil bo'lganimizdan keyin vijdon erkinligi Konstitutsiyamizda aks etdi. Shunga qaramay, real hayotda bu borada ayrim masalalar xalqimizni qiynab kelayotgan edi. Masalan, shaxs birgina xatosi sabab “qora ro'yxat”ga tushib qolardi. U jamiyatdan butunlay ajratib tashlanardi. Bunday shaxslar biror joyda ishlay olmasdi ham. Hatto xususiy ish beruvchilar tinchini o'ylab, osongina rad javobini berardi. Achinarlisi, bu ro'yxatga gohida aybsiz aybdorlar ham qo'shilib qolardi. Bunday tushunmovchiliklar jamiyatda g'amginlik uyg'otgani, xalqaro maydonda mamlakat nufuziga salbiy ta'sir ko'rsatgani bor gap.

Bunga o'xshash ro'yxatlarning oqibati haqida esa aksariyatimizda etarlicha faktlar bor. Shu o'rinda quloqqa chalingan misollardan birini keltirib o'tsak. Adabiyot muhibi bo'lgan akamiz Chorsu bozoridagi eski kitoblar rastasidan Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”ini sotib oladi. So'ng qo'lidagi kitob bilan metroga tushmoqchi bo'ladi. Tabiiyki, yo'lini to'sgan xodimlar kitobni ko'zdan kechiradi. Undagi arab imlosini ko'rib, akamizni so'roqqa tutadi. Yassaviyni ham tanimaydigan yosh xodimning munosabati sabab ikki o'rtada tushunmovchilik kelib chiqadi. Nihoyat maxsus xonadagi bir yarim soatlik bahsdan so'ng akamizga ruxsat beriladi.

Mana shu erda ikkita muhim fakt bor.

Birinchisi, yot g'oyalarga qarshi kurashishda faqat jazolash yo'li tanlangan edi. Bunday ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan shaxslarga nisbatan oqlov deyarli imkonsiz hisoblanardi. Oqibatda aybsiz aybdorlar umrini panjara ortida o'tkazgan holatlar kuzatildi. Adabiyot muhibi bo'lgan akamiz kabi qanchadan qancha insonlar noo'rin tushuntirish ishlariga tortilib, bebaho vaqti va asabini yo'qotar edi. Holat shunday ediki, hatto masjidlarda azon tovushi ham o'chirib qo'yildi. Buning sababini so'raganlar shubha ostidagi shaxs sifatida tag'in o'sha “suhbat”larga jalb etilardi. Shu bois, uquvsizlik avj olib, Ahmad Yassaviydek ulug'larning kitobini ko'rsa ham labiga uchuq toshadigan qatlam paydo bo'lgan edi.

Yurtimizda ma'rifat keng quloch yozgach, xalqimiz oq-qorani osongina ajrata oladigan bo'lib bormoqda. Shu o'rinda keyingi yillardagi ijobiy o'zgarishlar, shu jumladan o'tgan 2025-yilda mamlakatimizdagi turli tashkilotlar tomonidan diniy-ma'rifiy mazmundagi 1100 ga yaqin nomdagi adabiyotlarni chop etishga ijobiy xulosa berilganligi ham fikrimizning tasdig'idir. Bu borada ham juda katta yangiliklar kuzatilmoqda. Ayni jarayondagi ochiqlik ta'minlanib, javob berish muddati tezlashib, ijobiy xulosalar ko'paydi.

Bunday o'zgarishlar shu yo'nalishda ilm qilayotgan insonlar uchun ham, diniy-ma'rifiy adabiyotlarga ehtiyoji bo'lgan yurtdosh­larimiz uchun ham juda katta imkoniyat, qulaylik yaratdi. So'nggi yillarda O'zbekiston dunyo hamjamiyatida radikallashuvga qarshi kuch bilan emas, ilm va ma'rifat bilan kurashayotgan namunali davlat sifatida e'tirof etildi. Mamlakatimiz boshqalar havas qiladigan katta ilmiy markazga aylandi.

Ikkinchisi, ilgari qonun posbonlariga xalqimiz birovning bolasiday qarar edi. Chunki “plan” degan yuklama qonun posbonlari elkasidan bosib turar, beixtiyor ular o'zini har yoqqa urib ko'rishga, bilib bilmaslikka, tushunib tushunmaslikka olishga majbur edi. Shu bois, jamiyatda begonalashuv muhiti shakllangandi. Bunda jinoyatlarga qarshi kurashda eng og'ir yo'l tanlanib, aybdorlar safini imkon qadar kengaytirishga qaratilganini tajribadan ko'rdik. Bu esa inson huquqlarini to'la kafolatlashni so'roq ostida qoldirardi.

Prezidentimizning qat'iy siyosiy irodasi sabab mana shunday qarashlar butunlay o'zgardi. Inson qadri uchun boshlangan islohotlar, avvalo, shaxs mustaqilligiga qaratildi. Jinoyat uchun adolatli jazo muqarrar etib qo'yildi. Ayni paytda insonni tushunish, unga imkon berish amaliyoti ham keng joriy etildi.

Birgina misol, diniy oqimlarga aloqadorlikda gumonlanib, maxsus hisobda turgan 20 mingdan ortiq fuqaro ro'yxatdan chiqarildi va jamiyatga qaytarildi. Ularga ijtimoiy hayotga qaytish, ish topish va tadbirkorlik bilan shug'ullanish uchun to'liq sharoit yaratildi. Buni xalqimiz juda katta quvonch bilan qarshi oldi. Negaki o'sha 20 mingdan ziyod shaxsning atrofida yana o'nlab qarindoshlar, do'stlar ham o'zini “qora ro'yxat”da turganday his etib yashayotgan edi. Ochig'i, bugun o'sha katta o'zgarishlarni har kuni eslayvermaymiz. Yodimizga tushganida ham, “Ha, shunday ishlar bo'lgan edi”, deymiz, xolos.

O'rni kelganda yana bir mulohaza. Qonun posbonlari bilan bog'liq holatlar haqida. Ilgari ularni uzoqdan ko'rsak, ko'ngilga hadik oralardi. Ular hech bo'lmaganda “propiska” masalasida to'xtatib, savol-javob qilishi mumkin edi-da. Bugun ayrim yoshlar o'zi xatoga yo'l qo'yib, yana qonun posbonlarini aybdor qilib ko'rsatishga urinmoqda. Telefonda tasvirga olib, holat haqida jar solsa, haq bo'lib qolaman deb o'ylaydi go'yo. Aslida, bobolarimiz bizga har bir ne'matga doim shukrona keltirish kerak deb saboq bergan. Demak, bu ishlarni nafaqat eslashimiz, balki ularga munosib bo'lishga harakat ham qilishimiz zarur.

Shu o'rinda bag'rikenglik siyosati borasidagi yana bir muhim jihatga to'xtalsak. Turli yolg'on chaqiriqlarga ishonib adashgan va oqibatda xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarimizga bag'rikenglik qilindi. Davlatimiz rahbari topshirig'i va bevosita nazorati ostida ularni mamlakatimizga qaytarish bo'yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari amalga oshirildi.

“Mehr” operatsiyalari doirasida hozirgacha Suriya, Iroq va Afg'onistondagi qurolli mojarolar hududlaridan 530 dan ­ortiq fuqaro vatanga qaytarildi. Ularning qariyb 75 foizini bolalar tashkil etadi. Bu operatsiyalar esa ko'plab rivoj­langan davlatlar o'z fuqarolarini qabul qilishdan bosh tortgan bir vaqtda amalga oshirildi. BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) va xalqaro ekspertlar O'zbekistonning bu tajribasini “jahon hamjamiyati uchun namuna va eng insonparvar model`” o'laroq baholamoqda. Juda ko'p davlatlar adashgan ayollar va bolalarni ­reabilitatsiya qilishda aynan “O'zbekiston tajribasi”ni o'rgana boshladi.

Vatanimizga qaytarilgan yurtdoshlarimiz esa Konstitutsiyamizda kafolatlangani kabi, O'zbekistonning har bir fuqarosi davlat himoyasida ekanini teran his etdi. Shu bois, “Mehr” operatsiyasi orqali olib kelingan shaxslar bunday bag'rikenglikka javoban tinch hayot kechirib, halol mehnat qilyapti. Bolalar bilim olib, hunar o'rganmoqda. Chin yetim bo'lib qolgan farzandlar Mehribonlik uylariga joylashtirilgan. Ularning yangi hayoti, dunyoqarashi yaxshi tomonga o'zgargan.

Fuqarolarning maxsus hisobdan chiqarilishiyoq jamiyatimizni bir butun xalq, yagona vatan sifatida birlashtirdi. “Mehr” operatsiyalari esa buni yanada mustahkamladi. Bu ishlar xalqaro maydonda ham munosib baholanib, O'zbekiston dunyo reytinglarida ijobiy ko'rsatkichlarga erishdi. Nafaqat erishdik, balki ortga qaytmas tus olgan ­islohotlar sabab dunyo ahliga xalqimizga xos diniy bag'rikenglikni keng targ'ib qilishga haqli ekanimizni yana bir karra isbotladik.

Aniq faktlarga o'tsak. BMT Bosh Assamb­leyasining 2017-yil 19-sentabrda Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan 72-sessiya­sida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida

2018-yili Tashkilot Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O'zbekis­ton tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Mazkur rezolyutsiyaning asosiy maqsadi bilan tanishar ekansiz, uch ming ­yillik tarixga ega davlatchiligimiz asosi — ilm-ma'rifatga katta e'tibor berilganini ko'rasiz. Ayni paytda yangi O'zbekistonning ichki va tashqi siyosatida ajdodlar merosidan quvvat olib, zamonaviy rivojlanish yo'li tanlanganiga ishonchingiz komil bo'ladi. Ya'ni rezolyutsiyadagi asosiy maqsad barcha uchun ta'lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdir. Hujjatda bag'rikenglik va o'zaro hurmatni o'rnatish, diniy erkinlikni ta'minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslikka muhim ahamiyat qaratilgan.

Bugun jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi turli ko'rinishlarda avj olgan. Ayni paytda turli din va e'tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilmoqda. Tarixdagi shu kabi holatlarda ajdodlarimiz ilm-ma'rifat bilan jaholatga qarshi chiqqan, nizolarga barham bergan. Bunga ham tarixdan etarlicha dalillar bor. Ulardan biri sifatida Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'lni misol keltirish kifoya, nazarimda. Demoqchi bo'lganimiz, XXI asrda dunyo yana shunday ma'rifiy g'oyaga ehtiyoj sezayotgan edi.

O'zbekiston ushbu bo'shliqni to'ldirdi — BMTning “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” to'g'risidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Ayni yo'nalishdagi yana bir mega­­-lo­yi­ha — O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markaziga asos solindi. Loyihadan ko'zlangan maqsadlardan biri ajdodlarimiz tarannum etgan ma'rifatni dunyoga tanitishdir. Markazga kelgan kishi tariximiz qanchalik boy va serqirra ekaniga guvoh bo'ladi. Shuningdek, ajdodlarimiz zakosi bilan vujudga kelgan diniy ma'rifat, vij­don erkinligi muhiti bugun eng rivoj­langan demokratik davlatlarga ham namuna bo'la oladi. Ha, markaz faqat xalqimiz ­buyukligining timsoligina emas, u dunyoning ilm-ma'rifat yadrosi hamdir.

O'zbekiston dunyo ahliga ma'rifat va diniy bag'rikenglikni targ'ib etishga to'la ma'naviy haqqi bor mamlakatdir. Avvalo, bu vazifani ajdodlarimiz doim yuqori saviyada uddalab kelgan. Bugun o'sha missiya munosib tarzda davom ettirilmoqda. Birgina misol, O'zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag'rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashamoqda. Turli millat va din vakillarining o'z ibodatlarini emin-erkin ado etishi jamiyat barqarorligining muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bunday muhitni shakllantirish, uni nafaqat muntazam rivojlantirish, balki saqlab turishning o'ziyoq juda murakkab va qiyin vazifa. Mamlakatimizda esa bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilib, ko'rsatkichlar yil sayin ijobiy tomonga o'zgarib, o'sib bormoqda.

Xususan, 2025-yilda diniy-ma'rifiy sohaga oid 14 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Ushbu hujjatlarni ishlab chiqishda asosiy e'tibor fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Diniy ma'rifatga ilmsiz erishib bo'lmaydi. Shu ma'noda diniy ta'lim sohasi ham tubdan isloh qilingani eng katta yutuqlarimizdan biri bo'ldi. O'tgan qisqa vaqt ichida O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Bundan tashqari, barcha uchun ochiq bo'lgan Qur'on kurslari tashkil etildi.

2017-yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o'rta maxsus diniy ta'lim muassasasi faoliyat yuritgan, xolos. Bugun esa 16 ta diniy ta'lim muassasasi bor. Ularning 6 tasi oliy o'quv yurti hisoblanadi. Ularda yoshlarimiz ulug' ajdodlarga munosib voris bo'lish yo'lida ilm-ma'rifat olmoqda. Masalan, Markaziy Osiyoda yagona Hadis ilmi maktabiga asos solingani xalqimiz faxriga aylandi.

Diniy ta'limda qabul kvotalari kengaytirildi, xotin-qizlar uchun diniy ta'lim olish imkoniyatlari yaxshilandi. Muhimi, barcha diniy ta'lim muassasalarining o'quv-uslubiy, ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy yo'nalishlari tubdan qayta ko'rib chiqildi. O'quv dasturlari takomillashtirilib, yangi fanlar kiritildi. Mutaxassislik fanlari bo'yicha yangi avlod darsliklari tayyorlandi. Bularning barchasi Bosh qonunimizda ko'rsatilgani kabi vijdon erkinligi kafolatlariga xizmat qilmoqda. Zero, ilm-ma'rifat bo'lgan joyda ziddiyat, tushunmovchiliklar chekinadi. Jamiyatda birdamlik, o'zaro hurmat shakllana boradi. Bir butun xalq, yagona vatan bo'lib yashash sururi qalblarni to'ldiradi!

Ma'rifat targ'ibotining eng samarali usuli ezgulik ulashishda namuna bo'lishdir. Bir paytda muqaddas haj amalini bajarish ham ancha mushkul edi. Hatto umra safari uchun muayyan cheklovlar o'rnatilgandi. Mamlakatimiz uchun haj kvotalari keskin ko'paytirildi. Masalan, 2016-yilda 5 mingdan ko'proq yurtdoshimiz ushbu muqaddas amalni bajarish imkoniga ega bo'lardi. O'tgan yillar davomida ko'rsatkich oshirib borildi va haj kvotasi 15 mingtaga etkazildi.

Umra safari uchun kvotalar butunlay bekor qilinib, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Muhimi, hojilarimiz endi dinimizning bitta ahkomini bajargan shaxslargina emas, balki jamiyatning faol a'zosi sifatida vatanga qaytmoqda. Ya'ni o'zbekis­tonlik hojilar ushbu e'zoz va hurmatga javoban yurtga qaytgach “ma'naviyat targ'ibotchisi” sifatida yangi va xayrli tashabbuslarda boshqalarga namuna bo'lmoqda. Bu ham O'zbekistonda ilm-ma'rifat targ'ibotida o'ziga xos yo'l tanlanganini ko'rsatmoqda.

Gap haj amali haqida ketar ekan, Prezidentimizning shu yil 20-maydagi “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida”gi qarorini eslashimiz zarur. Ushbu hujjat “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g'oyani chuqur qaror toptirishga, insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag'rikenglik kabi olijanob fazilatlarni yanada boyitishda muhim huquqiy asos bo'ldi.

Shu yil Ramazon oyida ehtiyojmand hamyurtlarimizning hayotini yanada yaxshilash, minglab ko'ngillarga quvonch olib kirish maqsadida bir trillion so'mdan ziyod mablag' ajratildi. Bu mablag' imkoniyati cheklangan yuzlab, minglab bemorlarning jarrohlik amaliyotlariga, uy-joylarini tiklashiga, dillarini shod etishga sarflandi.

Bunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida muborak Qurbon hayiti ayyomi arafasida davlatimiz rahbari ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada qo'llab-quvvatlash yuzasidan yangi taqdimot bilan tanishib, 690 milliard so'm ajratilishini ma'qulladi.

Xalqimizga ko'rsatilayotgan bunday tizimli g'amxo'rliklar doirasida nihoyatda ulkan muruvvat tadbirlari o'tkazildi. Xususan, bu mablag'lar hisobidan og'ir xastaliklarga chalingan 10 ming bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari o'tkazish belgilandi. Shuningdek, onkologik, gemotologik va onkogemotologik tashxis qo'yilgan 2 mingdan ziyod bemorni tibbiy tekshiruvdan o'tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotini o'tkazish hamda 300 dan ortiq bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o'tkazish xarajatlari to'liq qoplab berish ko'rsatildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, etim va ota-ona qaramog'idan mahrum, shuningdek, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo'lida qurbon bo'lgan qahramonlarimizning

8 mingdan ziyod farzandi alohida e'tiborga olinib, ularning omonat hisobvaraqlariga 200 dollar miqdorida pul o'tkazib berildi. Ushbu ezgu ishlarning davomi sifatida hududlardagi 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurilishi, ta'mirlanishi belgilandi, qabristonlar obod qilindi.

Vatan va xalq manfaati yo'lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a'zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta'minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor “Prezident hojisi” sifatida davlat tomonidan haj safariga yuborildi.

So'nggi yillarda mamlakatimizda diniy bag'rikenglik borasida tub islohotlar kechdi. Maqolamiz avvalida ularning har biri haqida hech bo'lmasa bitta fikr bilan to'xtalib o'tishni niyat qilgan edik. Ammo bu boradagi islohotlar ko'lami keng bo'lgani bois, bir-­ikkita yangilanishni qisman sharhlab berdik xolos. Mana shuning o'ziyoq o'tgan qisqa davrda hayotimizda qanchalik katta ijobiy o'zgarish­lar kuzatilganini isbotlaydi.

Yangi O'zbekistondagi islohotlar bosh­langanida vijdon erkinligi borasida ­muayyan savollar qarshisida edik. Ularning har biri xalqimiz qalbida goh orzu, ba'zan armon shaklida yashab kelayotgandi. Diniy bag'rikenglik va vijdon erkinligi sohasidagi islohotlar faqat qonunlar yoki xalqaro anjumanlar bilan cheklanib qolmadi. Ular bevosita oddiy insonlarning kundalik hayo­tidagi to'siqlarni olib tashlashga va uzoq yillar davomida to'planib qolgan nozik muam­molarni hal qilishga qaratildi.

Natijada qisqa muddatdagi islohotlar sabab mamlakatimiz xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlarning kuzatuvi, maxsus ro'yxatlarida ijobiy ko'rsatkichlarga erishdi. Hatto ularga namuna bo'ladigan zamonaviy echimlarni taqdim etadigan mamlakatga aylandi. Muhimi, xalqimizning orzulari ushalib, armonlarga barham berildi. Bunday quvonchli, farahbaxsh tuyg'uni vij­don erkinligini to'la his etib, o'z e'tiqodiy qarashlari bilan bemalol yashayotgan ko'p millatli xalqimizning yuz-ko'zidan bilib olish mushkul emas.

Husniddin AHMEDOV,

Din ishlari bo'yicha qo'mita huzuridagi

Diniy-ma'rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, professor