Prezidentimiz joriy yil mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan Narpay tumaniga aynan ushbu poyezdda borgan va davlatimiz rahbariga uning imkoniyatlari shu tarzda taqdim qilingan edi.
Bugun
yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar koʻlami keng. Xalqimiz hayotini farovon
etishga qaratilgan loyihalar koʻp. Shunga yarasha qulayliklar ham kam emas.
Toshkentdan Xivaga tezyurar elektropoyezdning qatnovga qoʻyilishi ham shunday
saʼy-harakatlar samarasi.
...Ertalab
soat 6:30. Toshkent markaziy temir yoʻl vokzalidamiz. Vokzalni inson hayotining
muhim nuqtalaridan biriga, aytaylik, umr chorrahasiga oʻxshatish mumkinmi?
Menimcha, mumkin. Chunki inson ham hayotda yoʻlovchi. Umri davomida aynan
yoʻlovchi sifatida u yoqdan-bu yoqqa yuguradi, yeladi. Hayotning shirin va
achchiq tashvishlarini boshdan kechiradi. Baʼzan ish va sayohat bahonasida
yoʻlga otlanadi. Yoʻlda turli odamlar bilan uchrashadi, muloqot qiladi. Shu
bois, vokzallar doim gavjum.
Toshkent
markaziy temir yoʻl vokzali ham shunday. Doim yoʻlovchilar bilan toʻla. Kimdir
u, kimdir bu manzilga shoshadi. Vokzallarimiz gavjumligining sabablaridan yana biri
mamlakatimiz temir yoʻl tizimida yoʻlovchilarga yaratilayotgan qulayliklar,
ayniqsa, hududlarni bogʻlovchi “Jaloliddin Manguberdi”dek tezyurar
poyezdlarning xalq xizmatiga qoʻyilishi boʻlmoqda. Buni Toshkent va Xivani
bogʻlovchi mazkur poyezdning ilk qatnovi munosabati bilan tashkil etilgan
tadbir ishtirokchilari ham koʻp taʼkidladi.
Temir
yoʻl tizimidagi yirik loyihalar taqdimotida koʻp ishtirok etganman. Ularning
deyarli barchasi tantanali tus oladi. Nega? Ushbu savolga javob topish uchun
yaqin oʻtmishga nazar tashlashning oʻzi kifoya. Axir poyezdga chipta topolmay,
vagon yoʻlaklarida yoʻlxalta ustida navbat bilan dam olib yoki tik turib
manzilga yetib olganlar kam emas oramizda. Transport tizimidagi oqsoqliklar
tufayli poytaxtni qoʻya turaylik, viloyat yoki tuman markaziga borish uchun bir
kun yoʻlda yurilgani ham odamlar esidan chiqqani yoʻq. Shunday sharoitda butun
mamlakat transport tizimiga qaratilgan eʼtibor, xususan, yangi temir yoʻllar
qurilishi, elektrlashtirilishi natijasida bugun manzilimizga avvalgidan tez va
qulay sharoitda yetib olyapmiz. Tanlov imkoniyatimiz kengayyapti. Qisqasi,
mamlakatimiz taraqqiyoti bugungi oʻzgarishlarda, odamlar hayoti va turmushida
boʻy koʻrsatmoqda. Shunday ekan, tizimdagi kattayu kichik loyihani har qancha xursandchilik
bilan qarshi olsak arziydi.
Agar
bundan oʻn-oʻn besh yil avval, deylik, Urganch yoki Xivaga tezyurar poyezd
keladi desangiz, sizni kamida xayolparastga chiqarishlari mumkin edi. Ammo
bugun haqiqat shuki, ana shu tasavvur roʻyobga chiqmoqda. Orzular ushalmoqda.
Oʻzgarishlar hammaning koʻz oʻngida sodir boʻlmoqda.
Shu
oʻrinda temir yoʻl sohasiga oid baʼzi raqam va dalillarga toʻxtalib oʻtsak.
Tizimdagi islohotlar epkinini, ayniqsa, keyingi yillarda seza boshladik. Buni
yanada teran anglash uchun davlatimiz rahbarining 2023-yil 10-oktyabrdagi
“Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratish joiz.
Chunki ushbu qaror asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati
tizimida keng koʻlamli transformatsiya ishlari bajarilmoqda. Yangi temir yoʻl
loyihalari amalga oshirildi. “Samarqand — Urgut”, “Baytqoʻrgʻon — Parkent”,
“Navoiy — Buxoro” yoʻnalishlarida elektrlashtirilgan uchastka yoʻllari bunyod
etilib, foydalanishga topshirildi. Ayniqsa, sohada yoʻlovchi tashishni yanada
rivojlantirish, aholiga har tomonlama qulay qatnov sharoiti yaratish maqsadida
tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Xorijiy davlatlardan zamonaviy elektrovoz va teplovozlar xarid qilinib,
yoʻlovchi vagoni parki yildan yilga yangilanmoqda. “Jaloliddin Manguberdi”
elektropoyezdi buning yaqqol misoli.
2026-2030-yillarda
“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik
jamiyatida ishlab chiqariladigan 200 ta yangi, zamonaviy yoʻlovchi vagonini
sotib olish rejalashtirilgan. Unga koʻra, har yili 40 ta vagon yetkazib berish
koʻzda tutilgan.
Yoʻlovchilar
chiptani onlayn xarid qilishi mumkin. Qolaversa, qoʻshimcha qulayliklar
yaratish maqsadida barcha vokzal hududlariga bosqichma-bosqich infokiosklar
oʻrnatilmoqda. Natijada zamon talablaridan kelib chiqib, yoʻlovchilarga
raqamlashtirish tizimi orqali xizmat koʻrsatishdan tashqari, navbatlar
qisqarib, vaqt tejaladi. Bu tizim yoʻlovchilar gavjum paytlarda — bayramlar,
taʼtillar yoki ish vaqtidan keyin juda samarali. Xizmat koʻrsatish sifati ham
oshadi.
Soat
7:00. “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi buyuk sarkarda yurti — Xorazm sari yoʻl
oldi. Biz joylashgan vagonda, umuman, butun poyezdda hammaning kayfiyati aʼlo.
Barcha yangi loyiha, yangi poyezd bilan bir-birini tabriklaydi. Kamiga
xorazmlik sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlar bilan koʻngillari koʻtaradi.
Transport
qanchalik tez harakatlanmasin, yoʻl tanobini suhbat tortadi. Shu bois, yonimdagi
yoʻlovchi — uzoq yillar temir yoʻl tizimida mehnat qilgan Hasan Mahmudovni
gurungga chorlayman.
—
Bugun yurtimiz uchun yaxshi kun, — deydi suhbatdoshim. — Nimaga temiryoʻlchilar
uchun demayapman, bilasizmi? Sababi, loyiha tizimniki boʻlishi mumkin, lekin
poyezd — xalqniki. Bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Buning ortida
katta mehnat turibdi. Davlatimiz rahbarining xalqni oʻylab yuritayotgan
siyosati mahsuli bu.
“Ishni
shiddat bilan boshlasang, yengil koʻchadi” degan gapni yoshligimda juda koʻp
aytishgan. Shuning uchun hech esimdan chiqmaydi. Temir yoʻl tizimidagi ishlarga
ham shunday baho beraman: shiddatli. Bundan esa barchamiz bahramand boʻlyapmiz.
—
Hozirgi sharoit bilan siz mehnat qilgan davrlardagi farqni nimalarda koʻrasiz?
— deb soʻrayman suhbatdoshimdan.
—
Bitta farqini aytaman. Ilgari ishimiz Xorazmda deyilsa, yurak bezillardi.
Chunki, birinchidan, masofa uzoq. Ikkinchidan, yoʻllar elektrlashtirilmagan,
poyezdlarda sharoit deyarli yoʻq edi. Bir safar choʻlda teplovozimiz buzilib qolgan.
Choʻlda saratonning issigʻini tasavvur qilavering. Shunday sharoitda uch soat
qolib ketganmiz. Endi bugungi poyezdlarga qarang: odamlar uchun qulay qilib
ishlab chiqarilgan. Bularni koʻrib biz — keksalar, albatta, duo qilamiz.
—
Xivagacha borasizmi? — deb soʻrayman tagʻin.
—
Yoʻq, Samarqandgacha boraman. Biz, bir guruh nuroniylar Imom Buxoriy majmuasini
ziyorat qilish uchun yoʻlga chiqdik. Farzandlarim, nevaralarim aytdi: ajdodimiz
majmuasi juda muhtasham boʻlibdi. Shunday ziyoratgohlarga zamonaviy poyezdlarda
borishga nima yetsin!
Islohotlar
shiddatiga mos harakatlar, avvalo, odamlarga qulaylik yaratishi bilan
ahamiyatli. Yurtimiz temir yoʻl transporti tarixida muvaffaqiyatli loyihalardan
biri sifatida eʼtirof etilayotgan mazkur loyiha yurtimizning tarixiy
shaharlarini bir-biri bilan bogʻlaydi. Samarqand, Buxoro kabi qadimiy
shaharlarga yoʻlovchi tushirib, yoʻlovchi oladi. Bu nafaqat mahalliy aholi,
balki yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun ham ayni muddao. Kim bilan
gaplashmang, fikr soʻramang, shu gaplarni aytadi. Yurtimizdagi oʻzgarishlarni
mamnuniyat bilan taʼkidlaydi.
Milliy
statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida
156 mamlakatdan 1 million 776 ming 336 chet ellik sayohat maqsadida
mamlakatimizga kelgan va bu koʻrsatkich ortib borayotir.
Endi
poyezd imkoniyati va qulayliklari haqida. Hozir poyezdlarimiz Toshkentdan
Xivagacha boʻlgan masofani 14 soatda bosib oʻtadi. “Jaloliddin Manguberdi” esa
mazkur masofa vaqtini ikki barobar qisqartiradi. Yaʼni u 1022 kilometrli
masofani 7,5 soatda bosib oʻtadi.
Soatiga
250 kilometr tezlikda harakatlana oladigan zamonaviy poyezd Oʻzbekiston
sharoitiga moslashtirilgan. Yaʼni 50 daraja issiq hamda 40 daraja sovuqda ham
ishonchli harakatlanadi. Vagonlarga chang kirmaydi, yuqori va past
haroratlarga, qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan. Uzoq
masofalarga sayohat qilish uchun moʻljallangan. Yoʻlovchi oʻrindiqlarni
xohishiga qarab, ikki yoʻnalish boʻyicha burishi mumkin. Vagonlarda kuzatuv
kameralari mavjud. Maxsus ekranlarda harakat xaritasi va tezlik koʻrsatib
boriladi. Poyezd tarkibi uzunligi 175 metr, 7 ta vagondan iborat, oʻrindiqlar
soni 389 ta.
Yangi
avlod poyezdining yurtimizga olib kelinishi sohadagi islohotlar ifodasi boʻlib,
aholiga qulaylik yaratish barobarida turizm imkoniyatlarini oshiradi.
Ushbu
poyezdlarni yoʻlga qoʻyish uchun temiryoʻlchilar 450 kilometrli “Buxoro —
Urganch — Xiva” uchastkasini toʻliq elektrlashtirdi. Shuningdek, “Navoiy —
Buxoro” uchastkasida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarga
moslashtirilgan 92,12 kilometrli ikkinchi temir yoʻl qurilishi loyihasi
yakuniga yetkazildi. Natijada poyezdlar soatiga 250 kilometrgacha tezlikda
harakatlanish imkoniga ega boʻladi.
Poyezd
manzil sari ildamlaydi. Derazadan dalalar, togʻlar, bogʻlar, qishlogʻu
shaharlar manzarasi bir-bir oʻtadi. Manzara xayollarni uzoqlarga olib ketadi.
Shu asnoda maʼlumotlarni ham tahlil qilaman. Xayolimda poyezd tezligini bugun
mamlakatimiz temir yoʻl tizimida roʻyobga chiqarilayotgan loyihalar,
oʻzgarishlarga qiyoslayman. Binobarin, tizimdagi ishlar shiddatli. “Jaloliddin
Manguberdi” poyezdi manzili aniq boʻlganidek, ular ham maqsadli loyihalarga
asoslangan.
Xalqimizda
“Ot — yigitning yoʻldoshi” degan gap bor. Menimcha, bu bejiz aytilmagan.
Sadoqatli tulpori boʻlmaganida, ehtimol, Jaloliddin Manguberdi Chingizxon
qoʻliga asir tushmaslik uchun daryoga sakramasligi, jangu jadallarda gʻalaba
qozonmasligi mumkin edi. Nazarimizda, ushbu poyezdga “Jaloliddin Manguberdi”
nomi berilishida ham oʻziga xos maʼno bor. Birinchisi, poyezdning milliy
qahramonimiz ulgʻaygan yurt — Xorazmga qatnashi boʻlsa, ikkinchisi — u qulay va
xavfsiz.
Poyezd
tezligi Buxoro choʻllarida yanada oshadi: eng yuqori nuqtaga — soatiga 250
kilometrga yetadi. Manzil sari yaqinlashyapmiz. Nihoyat, muayyan vaqt oʻtib,
avval Urganchga, keyin belgilangan vaqt — soat 14:30 da Xivaga yetib bordik.
Chingizxonday
qudratli kuchga qarshi tura olgan, mardonavor kurashgan Jaloliddin Manguberdi
qahramonligidan faxrlanamiz. Buyuk sarkarda nomi bilan atalgan ushbu poyezd
mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem”
poyezdlaridan birinchisi. Poyezd tarkibining Oʻzbekiston bayrogʻini eslatuvchi
moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar bilan boyitilgani kishida faxr
uygʻotadi. Poyezd va yoʻlovchilar tantanali kutib olindi. Xiva vokzali
bayramona tus oldi. Kuy-qoʻshiqlar yangradi.
“Jaloliddin
Manguberdi” poyezdi “Toshkent — Xiva — Toshkent” yoʻnalishida poytaxtimizdan
ertalab 07:00 da joʻnab ketadi. Xivaga yetib borish vaqti soat 14:31. Xivadan
esa ertalab 07:20 yurib, Toshkentga soat 14:51 da yetib keladi. Qatnov kunlari
Toshkentdan seshanba, payshanba, shanba kunlariga, Xivadan chorshanba, juma,
yakshanba kunlariga toʻgʻri keladi.
Bu
hammasi emas. Ayni paytda temiryoʻlchilarimiz 196,2 kilometrli “Miskin — Nukus”
uchastkasida elektrlashtirish ishlarini bajaryapti. U muvaffaqiyatli yakunlangach, kelgusi yildan
“Toshkent — Nukus — Toshkent”
yoʻnalishida ham “Hyundai Rotem” kompaniyasi poyezdlari harakatlana boshlaydi.
Demak, oldinda tuhfalar bisyor.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri