Mamlakatimizdagi bugungi tinchlikparvar siyosat ham aynan mana shu milliy qadriyatlarimizga, ajdodlar merosiga tayanadi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi samimiyat va strategik hamkorlikning yangi davri boshlanishida ham ana shu azaliy gʻoya mujassam.

Yurtimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu kun Ikkinchi jahon urushining olovli janggohlarida halok boʻlgan ota-bobolarimiz yod etiladigan, oramizdagi faxriylarimiz eʼzozlanadigan sana. Bu dahshatli urushga Oʻzbekistondan 1 million 950 ming 700 yurtdoshimiz safarbar etilib, ularning 896 ming 366 nafari qahramonlarcha halok boʻlgan.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oʻzbek oʻgʻlonlari fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan, 200 mingdan ortiq askar va ofitserimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, 301 nafari esa qahramon unvoniga sazovor boʻlgan. Bu raqamlar xalqimiz jasoratiga yorqin misoldir.

Shunday ulugʻ ayyom arafasida marhum otam Qoʻziboy (qishlogʻimizda Tojiqoʻzi buva deyishardi) Rahimovni sogʻinch bilan xotirlayman. Padari buzrukvorim ham urush mashaqqatlarini boshdan kechirgan, zafar qozonib qaytgan zahmatkash insonlardan edi.

Otam janglarda koʻrsatgan jasorati uchun 1943-yilda III darajali “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan. Lekin taqdir taqozosi bilan bu mukofot oradan 31 yil oʻtib, 1974-yilda topshirildi. Oʻshanda Baliqchi tumani harbiy komissariatida boʻlib oʻtgan tantanali marosim, yaqinlarimiz va qoʻni-qoʻshnilarning quvonchi haligacha koʻzim oʻngida. Otamga ikkinchi guruh nogironi sifatida navbatsiz “Zaporojes” avtomashinasini sotib olish huquqi berilgan edi. Oʻsha vaqtlarda urushning birinchi guruh nogironlariga bunday avtomashinalar bepul berilardi.

Har yili bayram arafasida otam haqidagi xotiralarimni qogʻozga tushirishga harakat qilaman. Maqsadim uning porloq ruhiga hurmat bajo keltirish, farzandlarim va nabiralarimga, qolaversa, yosh avlodga insoniy fazilatlarini oʻrnak qilib koʻrsatishdir.

Bugun otam va u kishining qadrdoni, qoʻshnimiz Toʻxliboy buvaning Sirdaryo safari bilan bogʻliq bir ibratli voqeani eslamoqchiman. Toʻxliboy buva ham urush qatnashchisi, adashmasam, dadamdan 4-5 yosh katta edi.

Otam urushda uch joyidan yarador boʻlgan. Dushmanning bir oʻqi chap qoʻliga, ikkitasi oʻng oyogʻiga tekkan. Yillar oʻtib, oʻqlar asorati tufayli otamning oyogʻi surunkali ogʻriydigan boʻlib qolgan. Shu bois, har yili ­Namangandagi “Chortoq” sihatgohida davolanardi. Bir gal sanatoriyda sirdaryolik Vohid aka ismli odam bilan tanishib qolibdi. Davolanish tugagach, otam Vohid akani Baliqchiga — uyimizga ergashtirib keldi. Oʻsha vaqtlarda mehmon kelsa, qoʻni-qoʻshni, butun mahalla toʻplanar, tonggacha askiya, gurung avjiga chiqardi. Sirdaryolik mehmonimiz ham soʻzga usta, dilkash inson ekan, hammamizga yoqib qoldi. 

Ertasiga dadam bilan mehmonlarni Shahrixonga olib bordik. Mehmonlar toʻy qilish arafasida ekan, shekilli, Shahrixon bozoridan bir nechta toʻn va doʻppi, yana nimalardir xarid qildi.  Keyin ularni Boʻz (hozirgi Boʻston) tumanigacha kuzatib bordik.

Oradan bir yil oʻtib, Vohid aka farzandlari bilan biznikiga mehmon boʻlib keldi. Uning bir yilda bir marotaba butun respublika boʻylab oʻziga yaqin doʻstlarini yoʻqlash odati bor ekan. Mehrni qarang. Mehmonlar kelganini eshitib, taklifni kutib oʻtirmay, qoʻshnilarimiz chiqdi. Diydorlashuv, xursandchilik, kulgi va askiya tonggacha davom etdi. Ertasi kuni qoʻshnimiz Toʻxliboy buvaning nonushta dasturxonidan soʻng mehmonlar Namangan va Qoʻqonga borishlarini, u yerdagi qadrdon doʻstlarni yoʻqlab, undan Xoʻjandga oʻtishlarini aytdi. Ketar chogʻi dadam bilan Toʻxliboy buvani Sirdaryoga mehmonga taklif qildi.

Bir yili yoz kunlarida otam va Toʻxliboy buva Vohid akani yoʻqlab Sirdaryoga joʻnadi. Oʻshanda bir kunda qaytib kelishni reja qilgan qoʻshnilar Sirdaryoda naqd bir hafta qolib ketgan edi. Otamning aytishicha, Vohid aka mehmonlarni avval ota yurti — Tojikistonning Oʻratepasiga mehmondorchilikka, keyin esa Samarqandga ziyoratga olib boribdi. Xullas, ikki qoʻshni bir hafta deganda uyga qaytdi. Bu voqea bugun anqoning urugʻiga aylanib borayotgan mehr-oqibat va begʻubor doʻstlikka yaqqol misol boʻla oladi.

Safardan qaytgan otamni yoʻqlab, amakim, ammam, qoʻshnilar biznikiga toʻplandi. Yana dasturxon yozildi, safar taassurotlari aytildi, oʻtgan-ketganlar eslandi.

Har safar otam haqidagi bunday shirin xotiralarni eslaganimda maʼnan ragʻbatlanaman. Baʼzan Toshkentning shiddatli hayotida topganlarim va yoʻqotganlarimni taroziga solaman. Yoʻqotganlarim tarozi pallasini bosib ketganda aynan mana shunday mehrli xotiralar qalbimga taskin beradi.

Bizni imon-eʼtiqodli, odamlarga yaxshilik qilish ruhida tarbiyalagan otam Tojiqoʻzi buva va onam Karomatxondan bir umr minnatdorman. Hayotning asl mazmuni ham mana shunday shirin xotiralar bilan tirik ekan.

Otamning pasportida tugʻilgan yili 1926-yil deb koʻrsatilgan. Biroq tugʻilgan sanasi aniq yozilmagan. Menimcha, oʻsha davrlarda sodda odamlar tugʻilgan kun sanasini aniq eslab qolmagan. Agar hozir ham yoshi ulugʻlardan katta yoki kichik farzandingiz qachon tugʻilgan deb soʻrasangiz, falon yilning erta bahorida yoki oʻrik pishganda deb javob beradi.

Shuning uchun biz ham otamning tugʻilgan kunini moslab, 9-may deb belgilab olgan edik. Har yili uydagilar bilan 9-mayni ham bayram, ham otamning tugʻilgan kuni sifatida nishonlardik va hozir ham shunday.

Vaqtning oʻtishini qarang. Otam hayot boʻlganida bu yil 100 yoshni qarshilagan boʻlardi. Ilohim, oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin. Zero, xotira — muqaddas, qadr — aziz.

 

Abdumannob RAHIMOV,

yuridik fanlar doktori