Ikkinchi jahon urushi… Bu soʻzlar ortida millionlab taqdirlar, uzilgan umrlar, koʻzi yoshga toʻlgan onalar, otasini kutgan bolalar, sevgisini yoʻqotgan yoshlar qismati mujassam. Bu — insoniyat boshdan kechirgan eng dahshatli fojialardan biri. Ammo ayni paytda inson irodasi, matonati va Vatanga muhabbati eng yuksak darajada namoyon boʻlgan davrdir.

Oʻzbekiston xalqi bu urushda mislsiz jasorat koʻrsatdi. Millionlab yurtdoshlarimiz frontga otlandi, minglab oilalar esa aziz yaqinlarini ortga qaytmas yoʻlga kuzatdi. Ular qaytishga vaʼda bergan edi… Lekin urush vaʼdalarni tinglamaydi. Orzularni chilparchin qiladi, taqdirlarni oʻzgartiradi.

Qanchadan-qancha onalar umri oxirigacha eshikka qarab, “balki oʻgʻlim kirib kelar” degan umid bilan yashadi. Qanchadan-qancha farzandlar otasining qoʻlini tutish baxtidan mahrum boʻldi. Bedarak yoʻqolganlar soni shunchaki raqam emas, bu — tugallanmagan taqdirlar, aytilmay qolgan soʻzlar, armon boʻlib qolgan uchrashuvlar.

Bu tarixiy xotirani asrash, qahramonlarimizni yod etish va jasoratidan ibrat olish muqaddas burchimiz. Chunki xotira bor ekan, millat barhayot, qadriyatlar bardavom, tinchlik esa mustahkam boʻladi.

Prezidentimiz rahbarligida Ikkinchi jahon urushi yillarida jasorat va matonat, mehr-oqibat va olijanoblikning yuksak namunasini koʻrsatgan xalqimizning buyuk gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi bilan bogʻliq xotirani saqlab qolish borasida ulkan ishlar qilinmoqda.

2020-yilga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisining 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan deyilar edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Jahon arxivlari oʻrganilib, yangi topilgan maʼlumotlar tahlil qilindi. Natijada Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch oʻzbekistonlikdan biri qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. 451 ming yurtdoshimizning nomi va taqdiri shuncha yil davomida eʼtibordan chetda qolib kelgan.

Bundan tashqari, ilgari 396 ming oʻzbekistonlik urushda halok boʻlgan deyilardi. Aslida, bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgan.

Ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan oʻzbekistonliklar soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu koʻrsatkich 120 ming deb qayd etilar edi. Yangi maʼlumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb kelingan oʻzbekistonlik sovet ittifoqi qahramonlari soni 301 nafar ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan taqdirlangani oʻz tasdigʻini topdi.

Shu oʻrinda oʻzbek oʻgʻloni Sirojiddin Valiyevning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan matonatini eslab oʻtish joiz. Urush boshlanganida u harbiy xizmatda edi. Janubiy frontning 74-oʻqchi diviziyasi alohida razvedka rotasi vzvod komandiri, kichik leytenant Sirojiddin Valiyev topshiriqlarni bajarish davomida bir oʻzi son jihatidan koʻp boʻlgan dushmanga qarshi jang qiladi. Keyinchalik armiya generali boʻlgan, urush yillarida diviziya komissari Yevdokim Malsev “Sinovli yillar” kitobida Sirojiddinning jasoratini bunday xotirlaydi:

“Dushman tomonidan aholi punktlarining doira prinsipi boʻyicha mudofaasi mustahkam edi va uni yorib kirish deyarli imkonsiz deb hisoblanardi. Tayanch punktlar oraligʻidagi yoʻllar patrul bilan qoʻriqlanardi. Shunga qaramay, Valiyev razvedkachilari shovqin qilmay soqchilarni olib tashlab, qishloqqa kirishga muvaffaq boʻldi. Ular bildirmasdan fashistlarning tanklari turgan kolxoz hovlisiga yonilgʻi aralashmasi solingan butilka irgʻitdi. Ortga qaytayotganda vahima bilan yugurib chiqqan ikki tankchini qoʻlga olishdi. Razvedkachilarimiz artilleriyachilarimizga beqiyos yordam koʻrsatdi”.

Sirojiddin Valiyev “Jasurligi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlangan. 1942-yil 20-iyun kuni Yelenovka qishlogʻida dushman toʻdasiga qarshi jang qilayotganida ogʻir yarador boʻladi. Biroq safdoshlarini taʼqibdan qochirish uchun uni qoldirishlariga koʻndiradi va oʻzi oʻrmonda jon beradi...

Yozuvchi Boris Gorbatov “Ona zaminimizning har qarichi” maqolasida Sirojiddin Valiyev nomini alohida hurmat bilan tilga oladi: “Fargʻonalik oʻzbek razvedkachisi Sirojiddin Valiyevdan ham ajoyib jangchi butun frontimizda yoʻq edi. Uning vatanida — oltin Fargʻonada muzdek suvlar ariqlarda shildirab oqadi. Valiyev esa mening chang-toʻzonli va tutun bosgan Donbasim uchun jang qilgani keldi. Uning vatanida shamshod teraklar ostida ajdodlari tinch yotibdi. Sirojiddin Valiyev esa shaxta yonidagi jangda halok boʻldi va shu yerda koʻmildi.

Valiyev dafn qilinayotganda butun diviziya yigʻladi. Tamanlik temir irodali jangchilar koʻz yoshini yashira olmadi. Podpolkovnik yigʻladi, komissar koʻz yoshlarini artdi. Ammo oddiy grajdan kiyimidagi jikkakkina kampir hammadan koʻp yigʻladi. Valiyev uning uyida turgan edi. Kampir uni oʻzining uchinchi oʻgʻli deb bilar edi.

Kampir bizga boshqa ikki yigitning suratini koʻrsatdi... Ular qayerdadir gʻarbiy frontda jang qilmoqda. Ammo oʻrta boʻyli, bugʻdoyrang, sochi va koʻzi tim qora oʻzbek yigitini oʻgʻlim deb ataganida, birortamiz ham ajablanmadik.

Haqiqatan, u kampirning oʻgʻli edi. Bu otashin oʻzbek yigiti oʻgʻil kabi oʻz onasi uchun chinakam jang qilgan yigit edi... Biz Valiyevni unutmaymiz”, deb yozadi yozuvchi Boris Gorbatov.

Urush yillarida faqat alohida qahramonlar emas, balki butun xalq — yoshu qari, erkak-ayol birdek safarbar etildi. Ana shunday umumxalq qahramonligi zamirida mard oʻgʻlonlarning munosib hissasi bor edi. Jumladan, 24 yoshda qahramon boʻlgan Qoʻchqor Turdiyev, general Sobir Rahimov, Sharof Rashidov, Zebo Gʻaniyeva, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Shukurov va boshqa koʻplab vatandoshlarimizning jasorati alohida ­eʼtirofga loyiq.

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushida bevosita jangovar harakatlarda ayollar ham qatnashgan. Davlat mudofaa qoʻmitasi urushning ilk kunlaridan boshlab ayollarni ham urushga yuborish borasida qator qarorlar qabul qilgan. Avvaliga koʻngilli boʻlib frontga borilgan boʻlsa, 1942-yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin safiga ayollarni ommaviy safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingan.

Oʻzbekistondan 4555 ayol urushda qatnashgan. Ular orasida aloqachi, uchuvchi, mergan, zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi. Oʻzbekistonlik Zebo Gʻaniyeva ham qahramon boʻlgan.

Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan butun xalqimiz, jumladan, ayollar va yosh qizlar “Hamma narsa front uchun, hamma narsa gʻalaba uchun!” deb yashadi. Orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi.

Urushining boshlangʻich davridagi eng murakkab vazifalardan biri iqtisodiyotni harbiy izga solish edi. Bu masʼuliyatli topshiriqni sobiq ittifoqning qariyb 40 foiz aholisi istiqomat qiladigan, koʻmirning 63 foizi qazib olinadigan, poʻlatning 50 foizi ishlab chiqariladigan, donning 38 foizi yetishtiriladigan, ayniqsa, koʻpgina mudofaa korxonalari joylashgan hududni fashistlar bosib olgan bir paytda hal qilish kerak edi.

Shu bois, Oʻzbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlardan biriga aylandi.

Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadda qayta tashkil etildi. Jumladan, koʻp millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, qisqa muddatda ishga tushirilgan.

Bunday misollar gʻalaba biz uchun naqadar qimmatga tushgani, xalqimiz dunyoni fashizm balosidan xalos etishga nechogʻliq salmoqli hissa qoʻshganini yaqqol koʻrsatadi.

Eng taʼsirlisi, xalqimizning insonparvarligidir.

Oʻzbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan koʻchirib keltirilgan qariyb 1 million 500 ming kishini oʻz yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Ularga qariyb 150 ming kvadrat metr hajmda uy-joy ajratib berildi.

Oʻzbek oilalari evakuatsiya qilinganlar bilan soʻnggi burda noni va boshpanasini baham koʻrdi, koʻplab yetim bolalarga ota-onalik qildi. Xalqimizning musofirlarga boshpana berib, ota-onasidan judo boʻlgan yetim bolalarni bagʻriga olgani insonparvarlikning chinakam namunasidir.

Bu raqamlar oddiy statistik maʼlumotlar emas, balki boshimizdan kechgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiruvchi ogohlik qoʻngʻirogʻidir. Shu bilan birga, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tarixiy adolat qaror topgani har birimizga, ayniqsa, bugun hayot boʻlgan urush va mehnat fronti qatnashchilariga chuqur maʼnaviy kuch berishini taʼkidlash joiz.

Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent shahrining Olmazor tumanida Gʻalaba bogʻi tashkil qilindi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad hozirgi va kelajak avlodni ota-bobolar ruhiga hurmat koʻrsatish, millatni sevish, yurtning har qarich tuprogʻini qadrlashga oʻrgatish, ezgulik va rahmdillik singari koʻp asrlik anʼanalar ruhida tarbiyalashdir.

Shu oʻrinda Gʻalaba bogʻida urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan beqiyos qahramonlikni ulugʻlaydigan, oʻzida ona Vatan timsolini mujassam etgan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga qandaydir badiiy obraz emas, balki hayotimizda haqiqatdan roʻy bergan tarixiy voqea — zangiotalik Zulfiya ona Zokirova va uning oilasi toʻgʻrisidagi fakt asos qilib olingan. Gʻalaba bogʻining markazida joylashgan bu muazzam timsol barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal boʻlib, ona Vatan ramzini ifoda etadi.

Bugun biz tinch osmon ostida yashayapmiz. Bolalarimiz kulmoqda, yoshlar orzu, keksalar duo qilmoqda. Ammo shu tinchlik oʻz-oʻzidan kelgan emas. U — qon evaziga, jon evaziga, koʻz yoshlari evaziga kelgan. Shuning uchun ham Xotira va qadrlash kuni oddiy sana emas, balki vijdon oldidagi hisob-kitob, “Biz ajdodlarimizga munosib boʻlyapmizmi?” degan savolga javob izlaydigan kundir.

Ana shu savolning oʻzi bizni nafaqat oʻtmish qahramonlari jasoratini yod etish, balki mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida jon fido qilgan oʻgʻlonlarimiz xotirasiga ham chuqur ehtirom bilan bosh egishga undaydi. Zero, ular Fargʻona, Boʻka, Parkent voqealarida, 1999-yilgi Toshkent portlashlarida, 2000-yilgi Sariosiyo va Uzun togʻlaridagi jangovar toʻqnashuvlarda jonini fido qildi. Ularning nomi “Xotira kitoblari”da, jasorati esa davlatchiligimiz poydevorida mangu yashaydi.

Mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan qahramonlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Gʻalaba bogʻi hududida qator maʼnaviy-maʼrifiy majmualar ham barpo etilganini alohida eʼtirof etish lozim. Jumladan, mustaqillik davrida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasiga bagʻishlangan alohida yodgorliklar va ramziy inshootlar oʻrnatilgan. Ular orasida qahramonlar nomi bitilgan lavhalar, xotira devorlari va maxsus ekspozitsiyalar mavjud. Bu yerga kelgan har bir kishi yurtimiz ­tinchligi yoʻlida jon fido qilgan oʻgʻlonlar haqida chuqur tasavvurga ega boʻladi.

Bu majmualarning asosiy gʻoyasi — qahramonlar nomini abadiylashtirish, jasoratini kelajak avlodlarga yetkazish va yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shu maʼnoda, Gʻalaba bogʻidagi mazkur yodgorliklar nafaqat tarixiy xotira, balki yuksak maʼnaviy tarbiya maktabi vazifasini ham bajaradi. Shu bilan birga, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasida xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun har yili harbiylarimiz davlat mukofotlari, xususan, “Shon-sharaf”, “Mardlik” ordenlari hamda “Jasorat” va “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlanmoqda.

Bundan tashqari, Vatan himoyasi, el-yurtimiz tinchligi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolari hamda ularning qaramogʻidagi shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gʻamxoʻrlik qilish, hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda. Bu, oʻz navbatida, qahramonlarning nomi hamisha barhayotligi, ularning ota-onalari, turmush oʻrtoqlari va farzandlari doimiy eʼtiborda ekanining yorqin ifodasidir.

Bolaligidan ana shunday yuksak gʻamxoʻrlik va eʼtiborni his qilib kelayotgan oʻgʻlonlardan biri — qahramon chegarachi, katta leytenant Shuhratbek Sobirovning farzandi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarida xizmat qilayotgan Shohjahon Sobirovdir.

2000-yil 17-avgust kuni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisi, katta leytenant Shuhratbek Sobirov mamlakatimizga suqilib kirgan jangarilar toʻdasiga qarshi kurash vaqtida qahramonlarcha halok boʻlgan.

“Ot izini toy bosar”, deganlaridek, bolaligidan harbiy libos kiyishni orzu qilgan Shohjahon 2017-2021-yillarda otasi tahsil olgan Chirchiq oliy tank ­qoʻmondonlik-­muhandislik bilim yurtining havo desant qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi fakultetida soha sir-asrorlarini chuqur oʻrgandi.

2021-yilda leytenant harbiy unvonini olgach, aynan otasi Shuhratbek Sobirov xizmat qilgan Boʻstonliq tumanidagi harbiy qismda guruh komandiri lavozimida xizmat faoliyatini boshladi.

Shohjahon Sobirov xizmat faoliyatini boshlagan chogʻidanoq sinchkovligi, ziyrakligi va masʼuliyati bilan kasbiy salohiyatini namoyon etib, erishgan natijalari, namunali harbiy intizomi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi daxlsizligini taʼminlashdagi faol ishtiroki hamda topshirilgan vazifalarni bajarishda koʻrsatayotgan yuksak mahorati va tashabbuskorligi uchun munosib taqdirlab kelinmoqda.

Qahramon yurtdoshlarimizdan yana biri harbiy uchuvchi, mayor Abdikarim Hamroyevdir. Jangovar harakatlar ishtirokchisi sifatida u mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash yoʻlida koʻrsatgan jasoratlari uchun 1995-yilda “Jasorat” medali, 1999-yilda “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. 2000-yili xizmat burchini bajarish vaqtida aviafalokat oqibatida halok boʻlgan. Vafotidan keyin bir qancha esdalik nishonlar bilan mukofotlangan.

Abdikarim Hamroyevning farzandi Anvar Hamroyev ham bugun mayor unvoniga ega boʻlib, Vatanimiz tinchligi yoʻlida xizmat qilmoqda.

Mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan qahramonlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida maktablar, koʻchalar va mahallalarga ularning nomi berilmoqda. Bu esa xalqimizning jasorat va sadoqatni unutmasligidan, qahramonlar xotirasiga chuqur ehtiromidan hamda tarixiy adolatni tiklashga qatʼiy irodasidan dalolat beradi.

Bugun Qurolli Kuchlarimiz jahon miq­yosida ham oʻz salohiyatini namoyon etmoqda. Xalqaro harbiy musobaqalarda erishilayotgan yuqori natijalar armiyamizning qudrati, harbiylarimizning mahorati va Vatanga sadoqatini yaqqol koʻrsatmoqda. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin. Jumladan, AQSHning Missisipi shtatida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi” musobaqasida harbiy xizmatchilarimiz yuqori kasbiy mahoratlarini namoyish etdi va faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Pokiston Islom Respublikasida boʻlib oʻtgan VI xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida 11 ta davlat jamoalari oʻrtasida bizning jamoa birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Janubiy Koreyada oʻtkazilgan II “Xalqaro merganlar” hamda “Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik” musobaqalarida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi 10 davlatning 54 ta jamoasi orasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Turkiyada boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor mergan jamoasi” musobaqasida 11 davlatning 36 ta jamoasi orasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 1-oʻrinni egallash bilan birga bir nechta shartlar boʻyicha 5 marotaba rekord natijalarni ham yangiladi.

Bu yutuqlar harbiy xizmatchilarning shaxsiy mahorati oshayotgani barobarida Qurolli Kuchlarimizning har qanday sinovlarga tayyor ekani, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodirligini yana bir bor tasdiqlaydi. Eng muhimi, xalqaro maydonda qoʻlga kiritilayotgan gʻalabalar yosh avlodda Vatanga muhabbat, harbiylikka hurmat va faxr tuygʻusini shakllantirmoqda. Ana shu yuksak tuygʻular esa, oʻz navbatida, yoshlarni ajdodlar jasoratiga munosib boʻlish, ular qoldirgan merosni qadrlashga undaydi.

Davlatimiz tomonidan urush qatnashchilari va faxriylariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborni shunchaki moddiy yordam emas, balki yurakdan chiqqan eʼtirof sifatida baholamoq zarur. Ana shu yuksak ehtirom va eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq joriy yilda

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million soʻmdan bir martalik mukofot puli berilishi belgilangani urush qatnashchilariga qaratilayotgan eʼtiborning uzviy davomidir.

Bugun biz buyuk gʻalabaning 81 yilligini nishonlar ekanmiz, unda Oʻzbekiston xalqining ham munosib hissasi borligini chuqur anglaymiz va faxr bilan eʼtirof etamiz. Bugun har bir sokin tong, har bir bola kulgusi, har bir onaning duosi oʻsha qahramonlarning soʻnggi nafasi, soʻnggi orzusi bilan sugʻorilgan.

Agar biz shu tinchlikni asrasak, bir-birimizni qadrlasak, Vatanga sadoqat bilan yashasak, demak, ular behuda jon bermagan. Shuning uchun ham har gal osmonga qaraganimizda, yuragimizda bitta sado yangrasin: “Sizlarni unutmadik va hech qachon unutmaymiz”.

Qutbidin BURHONOV,

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik

masalalari qoʻmitasi raisi